Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir
Yurtimizga chappar urib gullagan bog‘larning xushbo‘y nafasini, chamanzorlarning kamalak ranglarini, musaffo ko‘kda charx urgan qaldirg‘ochlaru arg‘amchi tortib yurtga qaytgan turnalarning sehrli sas-sadolarini taratib fasllar kelinchagi – bahor kirib keldi. Ko‘klam ostonasida eng qadimiy, asl milliy, g‘oyat ardoqli bayramimiz, umumxalq sayli – Navro‘z eshik qoqib turibdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 6-martda qabul qilingan «2026-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorida joriy yilgi Navro‘z umumxalq bayramini mamlakatimizda “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruh va yuksak saviyada nishonlash belgilangan. Bu, albatta, el-yurtimizning ma’naviy quvvatlarini yanada oshirishga, yurtdoshlarimizning ezgu sa’y-harakatlarini buyuk maqsadlar yo‘lida birlashtirishga xizmat qiladi.
Qarorda ta’kidlanganidek, “Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli inson qadri, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash, xalqimiz farovonligini oshirish, jamiyatda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash yo‘lida ulkan qadamlar tashlanmoqda. Bularning barchasi qadimiy tarix va an’analarga ega bo‘lgan sharqona yangi yil bayrami – Navro‘zi olamning insonparvarlik mohiyati, uning bag‘rikenglik, saxovat va mehr-oqibat kabi azaliy qadriyatlari ahamiyatini yanada yuksaltirmoqda”. Shu ma’noda, “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da nishonlanayotgan bu yilgi Navro‘z shodiyonalari yangicha ruh va mazmun kasb etadi.
Haqiqatan ham, Navro‘z – asrlar bo‘yi xalqimiz, har bir oila, har bir xonadon orziqib kutadigan xursandchilik, go‘zallik va nafosat ayyomidir. To‘g‘ri, shunday zamonlar ham bo‘ldiki, xalqdan bayramini olib qo‘ymoqchi, Navro‘z bilan bog‘liq milliy va umuminsoniy qadriyatlarga mos taomillarni millatimiz yodidan abadiyan o‘chirmoqchi bo‘ldilar.
Xayriyatki, Istiqlol nasimlari Navro‘z atrofidagi mafkuraviy taqiqlarni butkul tarqatib yubordi. Umummilliy bayramimizni nishonlashga qarshi qaratilgan barcha g‘ov va to‘siqlar barham topdi. O‘zbekiston mustaqilligi arafasida Birinchi Prezidentimiz va xalqimizning sa’y-harakatlari tufayli yurtimizga Navro‘z qaytdi.
Navro‘z tiklanishini respublikamizning butun aholisi mamnuniyat bilan ma’qullab, ko‘tarinki ruhda kutib oldi. Ushbu bayramning tub mohiyatida teran xalq an’analari, yerga va tabiatga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish, dehqon mehnatini hurmat qilish, odamlarning tinchlikka va yaxshi qo‘shnichilikka, mehr-muruvvatga va boshqalarning dardiga malham bo‘lishga intilishlari mujassam ekani uning tiklanishi uchun qudratli omil bo‘ldi.
Eng muhimi, 1990-yildan buyon mamlakatimiz hududida 21-mart – dam olish kuni va Navro‘z bayrami kuni hisoblanadi. Bu, o‘z navbatida, har yili Navro‘zni tom ma’noda umumxalq sayli sifatida bayram qilish uchun yurtdoshlarimizga keng imkoniyatlar yaratdi.
Navro‘z sayli – xalq mayli, deydilar. Navro‘z yurtimizda azaldan xalq xohish-irodasiga ko‘ra ommaviy sayl sifatida nishonlab kelingan. Ushbu ulug‘ ayyom munosabati bilan har gal sayhon bir go‘shada xalq sayilga chiqqan. Baxshilar aytishuvi, laparlar, hazil-mutoyiba, qo‘shiqlar, xalq termalari, askiyachilar payrovi yangragan. Dorbozlar, masxarabozlar, qo‘g‘irchoqbozlar o‘z san’atini namoyish etgan.
Katta sayllar – uloq chopish, ot poygasi, kurash, merganlik kabi tomoshalar o‘tkazilgan. Bunday sayillarda nonvoylar jizzali so‘lqildoq nonu kulchalari bilan, qandolatchilar holva, novvot, parvarda, popukqand kabi shirinliklari bilan xizmatda bo‘lgan. Yalpiz, ismaloq va boshqa ko‘katlar solingan ko‘klam taomlari pishirilgan va el-ulus bilan birga baham ko‘rilgan.
Navro‘z taomlari orasida sumalak alohida o‘rin tutadi. Sumalak sayli – Navro‘zning ana shu shohona taomini tayyorlashga bag‘ishlangan marosimdir. Bunda sumalak qozoni atrofida suhbat-gurunglar qizigan, qo‘ni-qo‘shni ertak va latifalar aytishgan, o‘yin-kulgi qilishgan. Sumalak tayyor bo‘lgach, uni pishirishda qatnashganlar va mahalla ahli sumalakxo‘rlikka taklif etilgan.
Bu sayllardan hech kim chetda qolmagan, tadbir hazil-mutoyiba, xursandchilik bilan o‘tgan. Ming yillar davomida nishonlab kelinayotgan sumalak sayli hozirgi kunda ham kishilarni o‘zaro hamjihatlik va birdamlikka chorlaydi.
Yana bir bahoriy tadbir – ekin sayli. Navro‘z dala ishlari mavsumining boshlanishiga bag‘ishlangan bayram bo‘lgani uchun, bayram kunlari dalaga qo‘sh chiqarish va yerga urug‘ qadash marosimi o‘tkazilgan. Shu kunlari yaxshi niyat bilan yerga urug‘ qadalgan, gullar, ko‘chatlar ekilgan, obodonchilik ishlari keng avj olgan. Yurt oqsoqollari yangi yilning barakali, yangi mehnat mavsumining serhosil kelishini tilab duoda bo‘lganlar.
Tinch-osoyishta yurtda xursandchilik, to‘y-tomosha ko‘payaveradi, halovatli elga bayramu sayillar yarashadi. Tabiiyki, Navro‘z zamirida odamlarning tinchlikka va yaxshi qo‘shnichilikka, mehr-muruvvatga va boshqalarning dardiga malham bo‘lishga intilishlari mujassam ekani mustaqillik yillarida yurtimizda bu ulug‘ ayyomning tiklanishi uchun qudratli omil bo‘ldi.
Navro‘z falsafasida yoshi ulug‘ insonlar, tabarruk otaxon va onaxonlarni har tomonlama e’zozlash, ko‘makka muhtoj insonlarga beg‘araz yordam berish bilan bog‘liq xayriya tadbirlari ham o‘z aksini topgan. Bu – xalqimizga mansub mehr-muruvvat, ahillik va totuvlikning hamisha bardavom ekanidan dalolatdir.
Aslida, yurtimizda Navro‘zni nishonlash zamirida uning avvalgi ko‘rku jamoli, mazmun-mohiyati, g‘oyasi va ruhini qayta tiklash, ushbu qadimiy bayram timsolida yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlarning eng yaxshi an’analari, san’ati, do‘stligi va birodarligi o‘z aksini topgan ommaviy shodiyona – xalq sayli namoyon bo‘lishiga erishishdek ezgu maqsad mujassam edi.
Biz murakkab sinov davrlarida ham shunday noyob urf-odatlarimizni ko‘z qorachig‘idek asrab, e’zozlab kelgan ajdodlarimizning buyuk fazilatlariga hamisha sodiq ekanimizni munosib darajada namoyon eta oldik.
Mustaqillik yillarida Vatanimizda insoniy qadriyatlarni yanada kamol toptirish, yurtdoshlarimizda o‘z-o‘ziga ishonch ruhi va milliy g‘ururni mustahkamlash, do‘stlik, birodarlik, hamjihatlik, mehr-shafqatni ulug‘lash, madaniy va tarixiy an’analarni davom ettirish hamda rivojlantirish, asrlar davomida shakllangan urf-odatlar va udumlarni e’zozlash maqsadida Navro‘zni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlash ibratli an’anaga aylandi.
Davlatimiz rag‘bati va homiyligida Navro‘z yurtimizda nainki qayta qaror topdi, ayni chog‘da izchil rivojlandi, takomillashdi uning mazmun-mohiyati boyib bordi va ezgulik bilan yo‘g‘rilgan qirralari yanada sayqal topdi. Bugun Navro‘z ming yil oldingi ajdodlarimiz kabi xalqimiz emin-erkin, shod-xandon nishonlaydigan aziz ayyom, elimizning ommaviy sayili sifatida tamomila yangi ruh, o‘zgacha tarovat kasb etdi.
Bu munavvar ayyom keyingi yillarda Vatanimizda amalga oshirilayotgan “Inson qadri uchun, inson baxti uchun”, degan olijanob g‘oyaga hamohang bo‘lib, tom ma’noda umumxalq bayramiga aylandi. Zero, el-yurtimiz yasharish va yangilanish, mehr-oqibat fasli sifatida e’zozlaydigan Navro‘zning bashariyat ma’naviy hayotidagi ulkan o‘rni va ta’sirini inobatga olib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro bayram deb e’tirof etilgani bejiz emas.
Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “Dunyoda murakkab vaziyat hukm surayotgan hozirgi tahlikali davrda Navro‘zning buyuk insonparvarlik mohiyati, o‘lmas g‘oyalari, odamzotni tinchlik va do‘stlikni qadrlab, o‘zaro ahillik va hamjihatlikda yashashga, hayotni yanada go‘zal va obod qilishga undaydigan bunyodkorlik ruhi va falsafasi yer yuzidagi turli xalqlarning olijanob intilishlariga ham g‘oyat uyg‘un va hamohangdir”.
Bu fikrlar zamirida Navro‘zning yana bir muhim fazilati – hayot gultoji bo‘lmish insonni qadrlash ekani bilan bog‘liq teran falsafa mujassamdir. Zero, Navro‘zning bayram qilinishi zamirida xalqimizning azaliy an’analari, yerga va tabiatga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish, dehqon mehnatini hurmat qilish bilan bir qatorda, odamlarning yaxshi qo‘shnichilikka, mehr-muruvvatga va boshqalarning dardiga malham bo‘lishga intilishlaridek ezgu amallar o‘z mujassamini topgan. Navro‘zning insoniy va baynalmilal mohiyati ham xuddi ana shundadir.
Ota-bobolarimiz qadimdan Navro‘z kunlarida yetim-yesirlarga, beva-bechoralarga, muhtojlarga mehribonlik, saxovat va muruvvat ko‘rsatishgan, gina-kuduratlar unutilgan. Keyingi yillarda bu insoniy fazilatlar el-yurtimizga nafaqat to‘la-to‘kis qaytdi, ayni chog‘da, yangi milliy va umuminsoniy qadriyatlar bilan yanada boyitilmoqda.
Boshqacha aytganda, bu dilbar faslda insonlarning bir-biriga mehribonlik ko‘rsatishi, bemorlarga, muhtoj bo‘lganlarga beminnat yordam berish, tabarruk keksalarimizning duosini olish kabi noyob fazilatlar, albatta, odamning ko‘nglini yumshatadi, doim yaxshilikka intilishga, o‘zaro mehr-oqibatli bo‘lishga chorlaydi.
Shuning uchun ushbu ayyomni milliy qadriyat va urf-odatlarimizga uyg‘un tarzda, har tomonlama munosib darajada nishonlash maqsadida o‘tgan davrda yurtimiz hududlarida Navro‘z sayillari o‘tkazib kelingan tarixiy joylar obodonlashtirilishi bilan birga, xalq sayillari o‘tkaziladigan yangi maskanlar ham barpo etildi. Navro‘zga taraddud ko‘rish jarayonida faqat tomoshalar dasturi, dam oladigan maskanlarni tayyorlash emas, balki obodonlashtirish-ko‘kalamzorlashtirish, ko‘chat o‘tqazish, bog‘-rog‘ yaratish ishlarini amalga oshirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda.
Sharqda Navro‘z – quyosh yili hisobida yangi yilning birinchi kuni sifatida belgilangani bejiz emas. Chunki Navro‘z kun bilan tun tenglashgan pallaga, ya’ni 21-martga to‘g‘ri keladi. Alisher Navoiy bu haqda shunday lutf etganlar:
“Yuz ochib bildirdi, qad birla sochi teng erkanin,
Zohir o‘lg‘ondek tunu kun tengligi Navro‘zdin”.
Ya’ni, ulug‘ shoir va mutafakkir bobomiz kun va tun tenglashadigan Navro‘zni bo‘yi bilan sochining uzunligi teng bo‘lgan suluv qizga qiyoslagan.
Darvoqe, bu yilgi Navro‘zning muborak Ramazon hayitiga hamohang tarzda nishonlanishi ushbu bayramlarning insonparvarlik tamoyillarini yanada yuksaltiradi. Binobarin, shu kunlari “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar holidan xabar olinadi.
E’tibor bering: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Navro‘z umumxalq bayrami va muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 392 nafar shaxs afv etildi.
Ta’bir joiz bo‘lsa, “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” degan xalqchil shiorning tom ma’nodagi ijobatiga qaratilgan ushbu azmu qaror – xalqimizga xos ezgulik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik, kechirimli bo‘lish kabi olijanob fazilatlarning o‘ziga xos namoyonidir. Bu azmu qaror – davlatimiz tomonidan olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining yana bir amaliy tasdig‘i hamdir.
G‘ulom Mirzayev,
O‘zbekiston Respublikasida
xizmat ko‘rsatgan jurnalist.
O‘zA