Bolaligimda Navro‘zni kutishim boshqacha edi, bu bayramning quvonchi va sururi o‘ziga xos edi. Katta hovlida, supaning chetidagi daraxt ostiga qo‘yilgan karavotda birin-ketin uyg‘ongan bolalar, buvimning oldiga yugurib borar, u har birimizga tayyorlagan kulchalarini uzatardi. Kulchalarni ariq suviga solib yeyishning o‘sha paytlardagi gashti o‘zgacha edi.
Navro‘zda har birimiz yangi liboslar bilan siylanardik. Mahallamizda o‘tkaziladigan sumalak sayli, bolalar uchun haqiqiy bayramga aylanardi. Doshqozonlarda palov, moshkichiri tayyorlanar, yerga gilam yoyilib, dasturxonga ko‘k somsa, chuchvara kabi milliy taomlar tortilardi.
Ko‘chada "Soqqa oshiq", "Yong‘oq", "Happak", "Ikki belbog‘", arqon tortish, "Oq terakmi, ko‘k terak", "Arg‘imchoq", varrak uchirish, chillak va beshtosh kabi o‘yinlar boshlanardi. Sumalak sayli yarim tunga qadar davom etardi. Biz bolalar, uxlamaslikka va’da berib, uyqu kelsa, ko‘zlarimizni ishqalab kattalarning suhbatiga quloq tutardik, qozon tagida yonayotgan olovga termulardik.
O‘sha davrlar endi xotiraga aylandi, go‘yo qozon tagiga tashlangan o‘tindek, tezda yondi-yu, o‘chdi...
Ehtimol, shoir o‘zining she’rlarini yozar ekan, qalbida men kabi sog‘inchni his qilgan bo‘lsa kerak.
Yozmaymiz gohida onamizga xat,
Tosh dildan izlaymiz mehr, muhabbat,
Yaqinlar diydori uchun topmay vaqt,
O‘tkinchi dunyodan o‘tib boramiz.
Yashaymiz doimo qaygadir shoshib,
Tin olmoq yo‘q aslo dovonlar oshib,
Besh kunlik umrda mansab talashib,
O‘tkinchi dunyodan o‘tib boramiz.
Navro‘z (fors tilidan "Yangi kun" deb tarjima qilingan) bahorning kelishi, hayotning yangi bosqichi boshlanishining ramzi hisoblanadi. Mana, yana o‘sha kun keldi, yangi kunlar boshlanmoqda. Yaqinda bolaligim o‘tgan mahallaga bordim. Mahallaning har bir qarich yeridan o‘zimni, bolaligimni izladim. Afsuski, na buvimni, na bobomni, na qo‘shnimiz Mingnor xolani, Zubayda xolani, Bo‘riboy amakini, Abdulloh tog‘ani va na ko‘cha changitib o‘ynayotgan bolalarni topa olmadim. Bizning o‘ynagan ko‘chalar endi yo‘q, pastakkina uylar o‘rnini zamonaviy xonadonlar egallagan.
Mana, meni bag‘rida ulg‘aytirgan hovli. Ammo endi buvimning o‘sha rayhonlari yo‘q. Buvimning xonasiga sekin yaqinlashaman, lekin ichkariga kirishga yuragim dov bermaydi. U yerda, men izlagan, men qumsagan diydor yo‘q. Qadam tashlashga kuch topolmayman. Sekin eshik ortidan ovoz beraman: "Buvijon, men keldim", deb sog‘inib. Ammo eshik ortidan hech qanday sado eshitilmaydi. Buvi, deya ichkariga mo‘ralayman. Yuragim sog‘inchdan gup-gup uradi. Buvijon, yana bir marta Navro‘zni nishonlaylik...
Yurtimizda Navro‘z bayrami shukuhi hukm surmoqda. Bu bayram ertangi kunga bo‘lgan umid va ishonchni yanada mustahkamlaydi. Har bir mo‘min kishi hayotida ko‘proq savob qozonishni istaydi. Eng muhimi esa silai rahm – ota-onaga va yaqinlarga mehr-oqibatli bo‘lishdir. Navro‘zni sog‘inganlaringiz davrasida nishonlang. Zero, diydor shirin, vaqt esa g‘animatdir!
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA