Navro‘zga bag‘ishlangan musobaqa
Yurtimizga yaqinlashib kelayotgan Navro‘z shukuhi dillarga shukuh, bayramona kayfiyatni olib kirayotgani ayni haqiqat. Hududlarda yasharish va yangilanish shodiyonasi munosabati bilan bayram sayillari, sport musobaqalari, turli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Namanganda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi viloyat kengashi hamkorligida umumxalq bayrami – Navro‘zi olamga bag‘ishlab sportning mini futbol turi bo‘yicha musobaqa uyushtirildi.
"Sportni sev, sport bilan yasha” shiori ostidagi mazkur musobaqada MIB viloyat boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari xodimlaridan iborat 14 ta jamoa kuch sinashdi. Davlatobod tumanidagi 1-sonli futbol maktabiga qarashli sun’iy qoplamali maydonda bo‘lgan bahslarda har bir o‘yin qizg‘in kurashlar ostida kechdi.

Ayniqsa, yarim finalga yetib kelgan boshqarma, Namangan shahri, Uchqo‘rg‘on va Mingbuloq tumanlari jamoalari o‘rtasidagi bellashuvlar murosasiz bo‘ldi. Finalda esa o‘tgan yilgi turnir “ssenariy”si takrorlandi. Ya’ni, bir-biriga to‘qnash kelgan MIB viloyat boshqarmasi va Byuroning Uchqo‘rg‘on tumani bo‘limi jamolari bu galgi musobaqada ham asosiy sovrin uchun yashil maydonga chiqdi.

Hal qiluvchi o‘yinda 4:2 hisobida zafar nashidasini surgan MIB Namangan viloyati boshqarmasi jamoasi g‘olibliklikni qo‘lga kiritdi. Mag‘lubiyat alamini totib ko‘rgan Byuroning Uchqo‘rg‘on tumani bo‘limi ikkinchi o‘rin bilan cheklandi. Faxrli uchinchi o‘rin Mingbuloq tumani jamoasiga nasib qildi.
Musobaqa yakunida g‘olib jamoalar hamda eng yaxshi darvozabon, himoyachi va hujumchilar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA