Navro‘z – yasharish fasli
Dillarga o‘zgacha quvonch, ona tabiatga fayzu tarovat olib, diyorimizga yasharish fasli – Navro‘z qadam qo‘ymoqda. Bu bayramning tarixi qanday, u qay tarzda nishonlanadi?
To‘rt faslni-da teng va betimsol qilib yurtimizda bahorning erka bir shukuh, toza nafaslari ila sog‘intirib kelishi o‘zgacha go‘zal. Qahraton qahrini sindirib, ayamajuz sovug‘ini yumshatib, qor ko‘rpasini ko‘tarib, chechaklarning kulib turishi, qirlarda bodomlarning gullashi tiriklikka Yangi kun kirib kelayotganidan xabar beradi. Tuproqlar tupida ildizlar to‘lg‘anadi, tomirlarda, novdalarda hayot uyg‘onadi. Ko‘karayotgan har bir maysa, har bir giyohda yashashga, yasharishga da’vat borday. Navro‘z – go‘zallik, tiriklik va uyg‘onish fasli. Shoirlar tasvirlaganidek, nainki kunlarda va tuyg‘ularda yasharish, balki qadim yurtda qayta qad rostlayotgan ona Turkistonda ham yangilanish, kamol topish boshlanganday.
Navro‘z qadimdagidek shartli ravishda ikki qismdan iborat, birinchisi – mehnat bilan bog‘liq bo‘lgan tadbir va choralar bo‘lsa, ikkinchisi – ko‘ngil ochar, hordiq chiqarish, estetik zavq olishga bag‘ishlangan o‘yin-kulgu, tomoshali tadbirlardir.
Navro‘zning birinchi qismida bog‘-rog‘lar tartibga solinib, dalalarni ekishga tayyorlash, ariq-zovurlarni tuzatish, urug‘lik, o‘g‘it va ko‘chatlarni hozirlash, dala shiyponlari, asbob-uskunalar va boshqalarni ko‘zdan kechirish yumushlari bajarilib, shahar joylarda esa yo‘lka va xiyobonlar, ko‘cha-ko‘y, jamoatchilik foydalanadigan joylar (choyxona, bolalar bog‘chalari, maktablar, stadion, sport maydonchalari, guzarlar), hovli-joylar tartibga keltiriladi, umummahalla hasharlari o‘tkaziladi. Bunda, ayniqsa, uyda erkagi yo‘q, beva-bechoralarga sidqidildan yordam beriladi. Shahar va qishloqlarda mozorlar, tarixiy-madaniy yodgorliklar, dov-daraxtlarga qaraladi. Uy ko‘tarilib, xonadonlar poklanadi va hokazolar.
Ikkinchi qism o‘yin-kulgu, sport musobaqalaridan tashkil topadi. Lola sayli, askiyabozlar gurungi, polvonlar bellashuvi va dorbozlar, qiziqchilar tomoshalari, lapar, ashula va raqs konkurslari, tez aytish va topishmoq o‘ynash, olovdan sakrash, uloq, ot poygasi va boshqa xalq ijodiyotining namunalari Navro‘zga husn bag‘ishlaydi, bayram qatnashchilariga estetik huzur beradi.
Halim, sumalak Navro‘zning gultojidir. Hayotbaxsh ko‘klam taomlarini tayyorlash jarayoni, qozon boshida “ sehrgarlik” qilayotgan otaxonlar (halimda), onaxonlar ( sumalakda) va boshqa yosh-yalanglar, tuni bilan mijja qoqmay chiqqan sipo “halimchi” larning sirli harakatlariyu “sumalak”chilarning o‘yin-kulgu, laparlari, aytishuvlari – bularni so‘z bilan ta’riflash qiyin.
Navro‘z nima uchun aynan 21 martda nishonlanadi? Yangi yil bayrami nishonlanishining sababi nimada degan savollar tug‘ilishi tabiiy.
Grigoryan taqvimidagi 1 yanvarda boshlanadigan Yangi yil bilan Navro‘zni solishtirib ko‘rsak, birinchisi shartli ravishda nishonlanishining guvohi bo‘lamiz. Haqiqatan, 1 yanvar qish faslining o‘rtasi, tabiat uyquda, hali tabiatda hech qanday o‘zgarish yo‘q.
Dunyoda mart, aprel, may oylarini shartli ravishda bahor fasli deb atash qabul qilingan. Biroq tabiat qonuniga ko‘ra, bu fasl Yerning Shimoliy yarim sharida bahorgi kecha bilan kunduz teng kelgan yozgi quyosh turg‘unligicha davom etadi. Bu 20-21 martdan 21-22 iyungacha bo‘lgan fursatdir. Naql qilishlaricha, bahorning o‘sha birinchi kunida yer ostida yotgan ilonlar ham bir ag‘darilib olar emish. Bu chindan tabiatning, Ona Yer bag‘ridagi jami jonzotning, qurt-qumursqalar va o‘t-o‘lanlarning uyg‘onish, jonlanish davridir. Shunga ko‘ra, Markaziy Osiyo va Sharq xalqlarining talay qismi 21 martni qadimdan Navro‘z (Yangi kun–yangi yil) deb bayram qiladilar.
Abu Rayhon Beruniy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” kitobida Quyosh yili hisobida yilning birinchi oyi hisoblangan farvardin to‘g‘risida so‘zlab “Bu oyning birinchi kuni bo‘lib, uning forscha nomi ham shu ma’noni taqozo etadi. Navro‘z eronliklar zijlari bo‘yicha o‘tmish zamonlarda ular yillarini qabisali qilgan vaqtlarda Quyoshning saraton burjiga kirish paytiga to‘g‘ri kelar edi. So‘ngra u orqaga surilgach, bahorda keladigan bo‘ldi. Endi u butun yil unga xizmat qiladigan bir vaqtda, ya’ni bahor yomg‘irining birinchi tomchisi tushishidan gullar ochilguncha, daraxtlar gullashidan mevalari yetilguncha, hayvonlarda (shahvat) qo‘zg‘alishidan to nasl vujudga kelguncha va o‘simlik unib chiqa boshlaganidan takomillashgunicha davom etgan vaqtda keladi. Shuning uchun Navro‘zi olamning boshlanishi va yaratilishiga dalil qilingan” deb yozadi.
Demak, Beruniy “orqaga surilgach” degan iborada Quyoshning Hamal burjiga kirishi, kecha bilan kunduzning barobar kelishi – 22 martga o‘tish vaqtini nazarda tutadi. U Navro‘zning borliq-tabiat qonuniyatiga muvofiq holatini asoslabgina qolmay, u bilan bog‘liq bo‘lgan turli ma’lumot va aqidalarni ham bayon etgan.
Ana shulardan ko‘rinib turibdiki, Navro‘zning Yangi yil sifatida, Yangi yilning birinchi kuni sifatida nishonlanishida tabiat qonunlariga, falakiyot qonunlariga amal qilingan.
Navro‘z tantanalari doimo dehqonchilik, hunarmandchilik, san’at va jismoniy barkamollikning ham o‘ziga xos namoyishi bo‘lib kelgan. Xalq sayllarida hunarmandlar o‘zlari yasagan ajoyib ashyolarini, pazandalar shirinlik va anvoyi taomlarini, polvon va chavandozlar kuch-quvvat va mahoratini, chaqqonliklarini namoyish etganlar, qizlar va kelinchaklar Navro‘z tantanalariga atab maxsus liboslar, kashta va ro‘mollar tikkanlar, ularga gul naqshlarini tushirganlar.
Navro‘zi olam hozirgi kunda ham o‘z tarovatini nafis jozibasini yo‘qotgani yo‘q. Aksincha, Navro‘z yangi zamonaviy marosim rasm-rusumlar bilan boyib, tobora go‘zallashib, xalqimizni yanada ko‘proq xushnud etish uchun mamlakatimizda erkin, shunga mos vaziyat vujudga kelmoqda. Bu mustaqillikning mevasidir.
Yangi yilingiz muborak bo‘lsin, hoy bobo!
Yangi yilingiz muborak bo‘lsin, hoy momo!
Yangi yilingiz muborak bo‘lsin, hoy ona!
Boychechak chiqibdi, bugun Navro‘z ekan!
Hoy, bog‘bon bobo, niholga bersin baraka!
Hoy, dehqon bobo, dalangga bersin baraka!
Hoy, cho‘pon bobo, qo‘rangga bersin baraka!
Boychechak chiqibdi, bugun Navro‘z ekan!
Shavkat Miralimov,
tarix fanlari nomzodi, O‘zbekiston Milliy
universiteti jurnalistika fakulteti dotsenti