Navro‘z shodiyonalari sunnat to‘ylarga ulandi
Sirdaryo viloyati Xovos tumani Gulbahor mahallasi aholisi Navro‘z bayramini ko‘tarinki ruhda nishonlash maqsadida hududlarni saranjom-sarishta qilish, dov daraxtlarga shakl berish, oqlash, ariq va zovurlarni tozalash ishlariga alohida e’tibor qaratmoqda.
"Mahalla" xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi, mahalla idorasi hamkorligida o‘tkazilgan bayram tadbiri aholiga shodumonlik bag‘ishladi. Kam ta’minlangan oilalar qo‘llab-quvvatlandi. Mahallada dasturxon yozilib, shu hududda istiqomat qilayotgan ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarning to‘rt nafar farzandlarining sunnat to‘yi o‘tkazildi.

Tadbirda keng jamoatchilik vakillari, mahalla ahli, nuroniy va faxriylar, "Mahalla" xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi vakillari ishtirok etib, tuy bolalarga sovg‘alar ulashildi.
– Biz bu bilan cheklanib qolmaymiz, – deydi "Mahalla" xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi bosh mutaxassisi Pardaxol Ashirova. – Yaqinda ana shunday ijtimoiy kam ta’minlangan oilalarning 50 nafariga 1 million so‘mdan 50 million so‘m pul mablag‘i tarqatgan bo‘lsak, Navro‘z bayrami oldidan "Obod mahalla – yurt ko‘rki" shiori ostida o‘tkaziladigan umumxalq xayriya hashari kunlarida yana 30 nafar oilaga 1 million so‘mdan, jami 30 million so‘m yordam ko‘rsatiladi.

Ahamiyatli tomoni fondning tuman bo‘linmasi, uning huzurida tashkil etilgan "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasi hisobidan bahor, yasharish va yangilanish ayyomi oldidan 4 ta, ijtimoiy kam ta’minlangan oilalarning har biriga 75 million so‘mdan, jami 300 million so‘m pul mablag‘i ajratilib, ularga uy-joy olib berilgan bo‘lsa, 5 million so‘m pul mablag‘i hisobiga 1 nafar fuqaroni salomatligi tiklab berildi.
Eng muhimi bu kabi tadbirlar tumanda izchil davom ettirilib, Navro‘z umumxalq bayrami ko‘tarinki ruhda kutib olinadi. Shunga yarasha tumandagi mahallalarda, olis va chekka qishloqlarda ham tayyorgarlik ishlari qizg‘in davom etyapti.
Shuhrat Suyarov,
O‘zA