Buxoroning “Shahriston” tarixiy majmuasida Navro‘z shodiyonalariga bag‘ishlangan “Mohir pazanda” gastronomik sayli o‘tkazildi. Unda buxorolik pazanda ayollar mahorati namoyish etildi. Viloyatning shahar va tumanlaridan yuzga yaqin qandolotpazlar bayram dasturxoniga ko‘rk bag‘ishlaydigan, darmondoriga boy bahoriy taomlar, milliy shirinliklar va qandolat mahsulotlarini taqdim qildi.
Bu tadbir shu yo‘nalishda o‘z biznesini boshlash, qandolat sexi, milliy shirinliklar do‘koni yoki oddiy novvoyxonasini ochish istagida bo‘lgan xotin-qizlar uchun ham mahorat darsi bo‘ldi. Sababi unda o‘z ishining ustalari, mohir hunarmand pazandalardan tajriba o‘rganish, almashish imkoni yaratildi.
–Boshqa xalqlar madaniyatini o‘sha xalqning milliy taomlari orqali o‘rganish gastronomik turizmga mansub muhim jihat, – deydi tadbirga Kogon tumani Sorg‘un mahallasidan kelgan pazanda Dilfuza Shodiyeva. –Gastronomik turizm bu milliy oshxona, mahsulot va taomlarni elga manzur qilib tayyorlashning o‘ziga xos xususiyatidir. Biz ham o‘z faoliyatimizni ochib, ayni kunda umumiy ovqatlanish shoxobchasiga ega bo‘lib, 3-4 kishini ish bilan ta’minlab, daromad topyapmiz. Tashkilotchilarga rahmat, festivalda boshqa pazandalar bilan tanishib, ish uslubidan xabardor bo‘ldik.
[gallery-11062]
–Novvoy, somsapazu qandolatchi, holvapazlarimiz mahorat ko‘rigida fransiyalik sayyohlar, aniqrog‘i xorijiy turistik firma vakillari bilan uchrashib, Peshku tumanida ham etnik va gastronomik sayyohlik yo‘nalishida yaqindan hamkorlik qilishga kelishib oldik, – deydi Peshku tumani hokimining o‘rinbosari Anna Ismatova. – Bu o‘z navbatida, buyuk mutafakkir Abu Ali ibn Sino yurti va Afshona etnik qishlog‘iga, boshqa turistik yo‘nalishlarga bo‘lgan qiziqishni oshiradi, albatta.
Vobkent tumanidan bir-biridan xushxo‘r non mahsulotlari bilan Gulsara Yo‘ldosheva, yaqingacha mahalla “Ayollar daftari” da bo‘lib, endilikda milliy shirinliklar pazandasiga aylangan peshkulik Shohista Tursunova, romitanlik Nodira Ahmedova, Hurmat Rajabova, Dilshoda Ashurova, shofirkonlik Gulnoz Rahimova singari mahorat egalari va boshqa pazandalar ishlari, saylga taqdim etgan mahsulotlari muxlisu mutaxassislarning e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov ishtirok etdi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA