Navro‘z – fors tilida “yangi kun” ma’nosini ifodalab, ulusning ulug‘ kuni, bayram, shamsiya (quyosh) yil hisobida yilning birinchi kuni hamdir.
Navro‘z nomoddiy-madaniy meros namunalaridan biri sifatida xalqaro YUNESKO tashkilotining ro‘yxatidan joy olgan. Xalqimiz tarixi va madniyatining bir bo‘lagi bo‘lgan Navro‘z qadimiy bo‘lishi bilan birga, har yili biz bilan birga yangilanib, anglanib borayotgan ulug‘ va navqiron bir bayramdir. Qolaversa, O‘rta Osiyo va Sharq mamlakatlarida yashovchi xalqlarning eng qadimiy an’anaviy bayrami hamdir.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, Navro‘zni nishonlash turkiy xalqlarda eng katta bayramlardan biri hisoblangan. Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» asarida Navro‘zga bag‘ishlangan ko‘plab xalq qo‘shiqlari keltirilgan. Navro‘z bayrami haqidagi ma’lumotlar Abu Rayhon Beruniyning «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar», Umar Hayyomning «Navro‘znoma»si, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur va boshqa allomalarning asarlarida uchraydi. Umuman olganda, Sharq mamlakatlarida Navro‘z bayramini yangi yilning boshlanishi sifatida yuqori kayfiyatda va o‘zgacha shukuhda kutib olishgan. Bu an’ana hozirgi kunda ham davom etmoqda. Ayniqsa, barcha sharq mamlakatlarining tillari, tarixi, siyosati va madaniyatlari bilan birga qorishiq tarzda tahsil beriladigan Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida yangilanish, yasharish bayrami hisoblangan Navro‘z tantanasi bu yil o‘zgacha nishonlash choralari ko‘rilmoqda. Shu munosabat bilan, 15-19 mart sanasida Toshkent davlat sharqshunoslik universtitetida turkum tadbirlar e’lon qilindi.
2021 yilning “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligi yili”, deb e’lon qilinishi munosabati bilan yangilanish faslidagi ilk tadbir – “Sport yo‘li – sog‘liq yo‘li”deb nomlanib, Navro‘z haftaligining keyingi kunlarida “Navro‘z yasharish fasli” nomli QVZ o‘yinlari, “Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur va Ogahiy g‘azallari bilimdoni” mushoiraxonlik kechalari, “Navro‘z – Sharq xalqlarining qadimiy bayrami” badiiy kechasi, “Erkin yosh avlodlar senga zo‘r qanot” nomli Navro‘z festivali tashkil etilishi rejalashtirildi. Haftalik davomida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan barcha tadbirlar pandemiya sharoitidan keyingi holatlarda aholi salomatligi va kayfiyatini ko‘tarishga xizmat qiladi.
Hulkar Mirzaxmedova,
Toshkent davlat sharqshunoslik universtiteti
kafedra mudiri
O‘zA