Xalqimiz azal-azaldan Navro‘zni “Yilboshi” deb bejiz aytmagan. Sababi aynan shu bayram kirishi bilan dala-dashtlar yangi qiyofaga kiradi, go‘yoki ko‘klamning mayin shabadasi har birimizning ko‘nglimizga huzur bag‘ishlashi bilan birga butun borliqni uyg‘otib, g‘ayrat-shijoat baxsh etayotgandek. Xalqimiz asrlar davomida odamlarni ma’nan birlashtiruvchi, ular qalbida ezgu fazilatlarni yanada mustahkamlovchi, insoniylik, mehr-muruvvat g‘oyalarini o‘zida mujacsam etgan Navro‘zni qut-baraka va to‘kin-sochinlik bayrami sifatida nishonlab keladi.
Ona zamin yashillikka burkanib, mayin shaboda dimog‘ingizga urilarkan, qalbingiz navro‘z nafasini his qilgandek bo‘laveradi. Allaqachon mahalla guzarlarda boshlangan Navro‘z shodiyonalari esa qalblarga iliqlik ulashib, markazlarga ko‘chgan. Qashqadaryo viloyatining olis Dehqonobod tumani aholisi ham bu yilgi navro‘zni har qachongidanda ko‘tarinki kayfiyatda qarshi oldi.
Bayram munosabati bilan tuman hokimi Zoyir Aliqulov aholini ulug‘ bayram bilan qutladi. Tumanda amalga oshirilgan ijobiy o‘zgarishlar xususida gapirdi.
[gallery-11093]
– Bu yilgi tabiatning seryomg‘ir kelishi olamshumul o‘zgarishlarga hamohang shaklda xalqimizning pok va ezgu niyatlari amalga oshmoqda, – dedi tuman rahbari. – Yana bir masala tumanimizda “Dehqonobod Tekstil” tikuv fabrikasining foydalanishga topshirilishi va ushbu fabrikada 200 nafardan ortiq tumanimiz xotin-qizlarining band etilishi, yil yakuniga qadar ular sonining 500 nafarga yetkazilishi, tumanimiz hotin-qizlariga bayram tuhfasi bo‘ldi. Kuni kecha tumanda bir kunda 9 ta zamonaviy loyihalar asosida ko‘priklarning foydalanishga topshirilishi ham tumanimizda Inson qadrini ulug‘lash borasida amalga oshirilayotgan ishlarimizdan biri xolos. Muhtaram Prezidentimiz yordamlari bilan 2023 yilda mahallalarda ravon yo‘llar, sog‘lomlashtirish yo‘lakchalari, ichimlik suv ta’minoti, yangidan-yangi maktablar, bolalar bog‘chalari, ko‘p qavatli uylar qurish, mahallalarni yanada obod va ko‘rkam qilish, tumanimizning ko‘rkiga yanada ko‘rk qo‘shib, xalqimiz turmush farovonligini yanada oshirish yuzasidan juda katta marralarni belgilab, amalga oshiramiz.
Xalqimiz bayramlar arafasida ezgu ishlar ro‘yobini ko‘rishni istaydi. Xususan mehr va saxovat bayrami hisoblanadigan Navro‘z arafasida “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘limi tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bor ko‘plab oilalar holidan xabar olindi. Oziq-ovqat mahsulotlari yetkazildi va bu kabi ishlar muntazam davom ettirilmoqda.
Tantanali bayram tadbirida bu jihatlarga ham to‘xtalib o‘tildi, dastur davomida dehqonobodning milliy madaniy qiyofasi, qadriyatlarini tarannum etuvchi kuy qo‘shiqlar kuylandi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.