Navro‘z qishlog‘imizda qanday nishonlanadi?
Yurtimizga mavsumlar kelinchagi bahor keldi.
Zamin uyg‘onmoqda. Bahor kelishi bilan ona tabiatda neki tirik jon borki, harakatga tushib qoladi. Ayniqsa, bobo dehqonlarimiz, mirishkor bog‘bonlarimizning yumushlari yanada ko‘payadi. Ular yerga baraka urug‘ini sochadi, mevali va manzarali daraxtlar o‘tqazadi.
Haqiqatan ham biz hayotimizni bahorsiz, Navro‘zsiz tasavvur qilolmaymiz. Nafaqat tabiat, balki o‘zimiz ham yangilanamiz bu faslda. Bir so‘z bilan aytganda, Navro‘z – yangilanish, yasharish, qurish va yaratish faslidir.
Ha, mamlakatimizda Navro‘z shukuhi kezmoqda. Bu yilgi yasharish va yangilanish bayrami – Navro‘z “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruh va yuqori darajada keng nishonlanadi.
Qishlog‘imiz Nurota tumanining eng chekka hududlaridan biri. Viloyat markazidan qariyb 120 kilometr uzoqlikda joylashgan. Har yili Navro‘z bayrami qishlog‘imizda “Yil boshi” sifatida nishonlanadi. Yosh-u qari, erkag-u ayol, xullas, barcha-barcha ochiq maydonga to‘planib, bayram qiladi. Doshqozonda osh damlanib, o‘yin-kulgi qilinadi. Shu kuni qishloqda joylashgan o‘rta maktab o‘quvchilari o‘z san’atini namoyish qiladi. Ya’ni o‘quvchilar o‘z bilim va qobiliyatlarini qishloq ahli oldida imtihondan o‘tkazadi.
Tadbir avvalida qishloq oqsoqoli va uning 4 nafar yordamchisi Navro‘zdan Navro‘zgacha bo‘lgan davr mobaynida qishloqda amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot beradi. Qishloqdoshlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirishadi. Agarda ular oqsoqol va uning yordamchilari xizmatidan rozi bo‘lishsa, yana bir yilga qayta saylashadi. Aks holda yangi nomzodlar tavsiya etiladi. Nomzodlar ko‘rsatish ochiq usulda amalga oshiriladi va ochiq ovoz berish orqali saylanadi. Qaysi nomzod ko‘p ovoz olsa, o‘sha qishloq oqsoqoli etib saylanadi. Xuddi shunday uning yordamchilari ham saylab olinadi va bir yil davomida qishloqning to‘y-u ma’rakasi, amalga oshiriladigan barcha ishlari ana shu oqsoqollar maslahati bilan amalga oshiriladi.
Keksalarning duosi bilan yangi oqsoqollar ishga kirishadi va barcha tashkiliy ishlarni o‘z nazoratiga oladi.
Yana bir bayram an’anasi bor. Bu hanuzgacha saqlanib qolgan. Har bayramda turli sport musobaqalari tashkil etiladi. Har bir sport turidan kamida 8-10 ta jamoa kuch sinashadi. Va, albatta, maktabning o‘qituvchi-o‘quvchilaridan alohida jamoa tuziladi.
Musobaqalar yakunida barcha g‘olib va sovrindorlar yutuqni maktab jamoasiga topshirishadi. Chunki mukofotga sport anjomlari, to‘plamlari qo‘yiladi va maktab fondiga hadya etiladi. Bu ham maktabni sport jihozlari bilan ta’minlashning bir usuli-da.
An’ana esa mana bir necha o‘n yildirki, davom etmoqda.
Xullas, har yili Navro‘z bayrami qishlog‘imizda ana shunday nishonlanadi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri