Navro‘z mehr-oqibat bayrami
“Inson qadri uchun” tamoyili asosida inson huquqlarini mustahkamlash, odamlarni rozi qilish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
Bu tamoyil O‘zbekistonning yangi taraqqiyot strategiyasida ham bosh mezon etib belgilangan holda har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoitini yaratishga xizmat qilmoqda. Demakki, inson manfaatlari mamlakatimizda oliy qadriyat sifatida e’zozlanmoqda, ulug‘lanmoqda.

Darhaqiqat, yurtimizda hamisha o‘zaro mehr-oqibat, saxovat, azaliy qadriyatlarimizni e’zozlash kabi xalqimizga xos ezgu fazilatlar ulug‘lanib kelingan. Ehtiyojmand kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oila va mahallalarda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yoshi ulug‘ insonlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilgan. bugungi kunda ham bu kabi ezgu ishlar davom etmoqda.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Karmana tumani bo‘linmasi tomonidan “Navro‘z” umumxalq bayrami oldidan kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bor fuqarolarni moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida xayriya tadbirlari tashkil etilmoqda. Shu kunga qadar 12 ta oila holidan xabar olinib, ular har tomonlama qo‘llab-quvvatlandi.

Ko‘ngli kemtik, o‘zgalar parvarishiga muhtoj kishilar ozgina e’tibor va rag‘batning qadrini yaxshi bilishadi. Tunu kun kimningdir eshikdan kirib kelishini, holidan bir bora bo‘lsa ham xabar olishini intiqlik bilan kutadi. Uchrashuv va muloqotlar chog‘ida ana shunday kishilar holidan ham xabar olindi, ularga mehr-muruvvat ko‘rsatilib, ko‘ngillari shod etildi.
Shuhrat Xoliyarov Karmana tumani “Paxtaobod” mahallasida yashaydi. Kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar ro‘yxatida turuvchi Sh.Xoliyarov ayni paytda 1-guruh nogironi, imkoniyati cheklangan bo‘lib, o‘zi mustaqil yura olmaydi, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj.
– bugungi tashrif men uchun kutilmagan bo‘ldi, – deydi u. – Ko‘nglim tog‘day ko‘tarildi. Ozgina e’tibor kishi qalbini quvonchga to‘ldiradi, deganlari rost gap. Buni bugun men o‘zimda yana bir bora his qildim. Tinch va osoyishta yurtda, yaxshi niyat, ezgu amallar og‘ushida yashashga nima yetsin?! Baxtimiz shundaki, biz ana shunday xotirjamlik hukmron mamlakatda yashayapmiz.
Mehr-saxovatning katta-kichigi bo‘lmaydi, u doimo qalbi o‘ksik, mehrga muhtoj kishilar diliga olam-olam quvonch bag‘ishlaydi. Yaxshilik ko‘rganlarning esa ularga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibordan, mehr-muruvvatdan ko‘ngillari shod bo‘ladi. Zero, e’zoz va e’tibor, bir kalima shirin so‘z hech qachon esdan chiqmaydi, bot-bot yodga olinaveradi.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 22 apreldagi farmoyishiga asosan “Mahalla” xayriya jamoat fondi Karmana tumani bo‘linmasi huzurida tashkil qilingan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, sektorlarda tuzilgan ishchi guruhlari tomonidan muhtoj oilalarning oilaviy sharoitlari o‘rganilib, sektor rahbarlarining mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi takliflariga asosan Xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyalarida jamg‘arma mablag‘lari hisobidan aholining muhtoj qatlamlariga qariyib 530 million so‘mlik turli ko‘rinishdagi moddiy yordam ko‘rsatildi. Shundan, 443,3 million so‘mlik moddiy yordamlar pul shaklida tarqatildi, 7 nafar fuqaroning davolanishi uchun 68,5 million so‘m mablag‘ sarflangan bo‘lsa, keksa avlod vakillarining O‘zbekiston bo‘ylab sayohatlarini tashkil qilish uchun 18,1 million so‘m mablag‘ ajratildi.
Shuningdek, Fondning tuman bo‘linmasi tomonidan 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami munosabati bilan Karmana tumanidagi 50 nafar nogiron, ko‘zi ojiz xotin-qizlarga 20 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Abduvali Bo‘riyev,
O‘zA.