Yurtimizda bayramlar, muhim sanalar juda ko‘p va ular har birining o‘z mazmun-mohiyati, g‘oyasi, ta’bir joiz bo‘lsa, mafkurasi bor. Bu bayramlar orasida, shubhasiz, Navro‘z o‘zining bir necha ming yillik tarixi, o‘zida xalqimizning qadimiy an’ana va qadriyatlarini mujassam etgani va turmush tarzimizning ajralmas bir bo‘lagiga aylanib ketgani bilan ajralib turadi.
Bu ko‘proq bayramning rutubatli qish sinovlaridan keyin tabiat, borliq uyg‘onayotgan, yangilanayotgan paytda – bahorda nishonlanishi bilan bog‘liq bo‘lsa, ne ajab. Shuning uchun bahor va Navro‘z tushunchalarini bir-biridan ayri tasavvur qilib bo‘lmaydi.
– Navro‘zning paydo bo‘lishi chuqur ilmiy asoslangan koinot va tabiat qonuniyatlari, ya’ni Quyoshning hamal burjiga kirishi, tun va kunning tenglashuvi, kunduzning uzaya boshlashi, tabiatning uyg‘onishi bilan bog‘liq bo‘lgan, – deydi tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Mahmudxon Yunusov. – Bu esa har qanday jamiyatda yil boshi qachon kelishidan qat’iy nazar, Navro‘zni uyg‘onish bayrami sifatida nishonlash uchun asos bo‘lgan. Bundan tashqari, Navro‘zning chuqur ildizlariga qarasak, u eng qadimiy davrlarda ibtidoiy odamlarning dehqonchilikka o‘tganidan so‘ng dalalarda yangi ish mavsumi boshlanishidan oldin o‘tkazilgan bahor bayramlariga borib taqaladi.
Olimlarning fikriga ko‘ra, Navro‘zning shakllanishi eng qadimgi zamonlardan zardushtiylik dinining paydo bo‘lishigacha davom etgan davrni o‘z ichiga oladi. Qadim-qadimdan Navro‘z Xitoydan O‘rta dengizgacha bo‘lgan hududlarda yashovchi xalqlarning sevimli ayyomi bo‘lib kelgan. Eng qadimgi yozma manbalardan biri – zardo‘shtiylikning muqaddas kitobi “Avesto”ga ko‘ra, bahor qaytishi yaxshilikning yovuzlik ustidan g‘alabasini anglatgan.
Keyingi yillarda olib borilgan tadqiqotlar zardo‘shtiylarning e’tiqodida Navro‘z bayrami muhim o‘rin tutganligini ko‘rsatdi. Xususan, Samarqanddagi Kofirqa’la yodgorligidan zardo‘shtiylarning hosildorlik va suv ilohi Nana aks etgan yog‘och pannoning topilishi fikrimiz dalilidir. Arxeolog olim Amriddin Berdimurodovning ta’kidlashicha, yog‘och panno So‘gd hukdorlarining shahar tashqarisidagi saroyida joylashgan bo‘lib, u joylashgan xona diniy va dunyoviy marosimlarni, jumladan, Navro‘z va Mehrjon bayramlarini nishonlash uchun xizmat qilgan.

Navro‘z bayrami haqidagi ma’lumotlar Ab-u Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida, Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma”sida, Umar Xayyomning “Navro‘znoma” asarida uchraydi. Mahmud Qoshg‘ariyning “Devon-u lug‘otit-turk” asarida Navro‘zga oid ma’lumotlar keltirilgan. Tarixchi olim Ab-u Bakr Narshaxiy o‘zining “Buxoro tarixi” asarida Navro‘z kuni Siyovush qabri boshida odamlar jonliq so‘yishlarini va bunga uch ming yildan ortiqroq vaqt o‘tganini yozgan.
Temuriylar davrida Navro‘z bayrami eng ulug‘ va eng aziz, insonlarga cheksiz quvonch ulashuvchi bayram sifatida noshonlangan.
Har bir bayram xalqimiz tomonidan keng nishonlansa-da, faqatgina Navro‘zga xos bo‘lgan qadriyatlar mavjud. Ayniqsa, xalq birgalikda, hamjihat bo‘lib bu ayyomni tantana qilishi, sumalak, halim singari uzoq vaqt davomida ko‘pchilik mehnati bilan tayyorlanadigan taomlar pishirishi, odamlarning bir-biriga mehr-oqibat ko‘rsatishi Navro‘zning qadri va ahamiyatini yanada oshiradi. Shu bois Navro‘z har bir mahallada, jamoada, shahar va qishloqda ommaviy sayil sifatida nishonlanadi.
– O‘zbekiston hududida yashagan xalqlar bu kunni yangi yilning boshlanishi sifatida quvonch bilan kutib olganlar – deydi M.Yunusov. – Bir necha kun ilgari tayyorgarlik ishlari boshlangan. Bug‘doy undirishga qo‘yilgan va uning maysasidan sumalak tayyorlangan, o‘tdan chuchvara, yalpiz somsa kabi taomlar pishirilgan, otchopar, uloq, kurash singari xalq o‘yinlari, sayillar o‘tkazilgan, bahor haqida qo‘shiqlar kuylangan. Navro‘zning birinchi kuni qishloq joylarida bolalar to‘p-to‘p bo‘lib xonadonlar eshigi oldida Navro‘zga bag‘ishlangan qo‘shiq aytishgan. Xonadon egasi ularni sovg‘a-salom va yeguliklar bilan siylagan. Bu udum hozir ham Samarqand va Jizzax viloyatlarining ayrim qishloqlarida saqlangan.
XX asrning 80-yillarida, sovet tuzumining so‘nggi yillarida mazkur bayram asossiz ravishda diniy bayram va marosimlar qatorida man qilindi. O‘rta Osiyo Respublikalari mustaqillikka erishgach, boshqa qadriyatlar qatorida Navro‘z bayrami ham tiklandi va keng nishonlanmoqda. Vatanimiz hududida ham turli davrlarda, sulolalar, dinlar, mafkuralar o‘zgarib turdi, almashdi, ammo Navro‘zning asl mazmun-mohiyati o‘zgarmay, keng nishonlanib kelmoqda.
Bugun Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Navro‘z xalqaro bayram sifatida e’tirof etilgan. Bu ayyomda tayyorlanadigan taomlar, milliy xalq o‘yinlari, turli an’ana va qadriyatlar jahon nomoddiy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Shu kunlarda shahar va qishloqlarimizda Navro‘z shodiyonalari boshlandi. Davlatimiz rahbarining qaroriga ko‘ra, bu yil mamlakatimizda mazkur bayram “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida o‘tkazilmoqda. E’tiborlisi, bayramga xos bo‘lgan mehr-muruvvat, saxovat tadbirlari Ramazon oyi munosabati bilan yanada keng ko‘lamda o‘tkazilmoqda.
G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri