Alisher Navoiyning 584 yilligi
8-9 fevral kunlari Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy va Sharq Renesansi” mavzusida IV xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari 2024 yil 31 oktyabr – 1 noyabr kunlari viloyatga tashrifi davomida buyuk bobomiz nomi bilan ataladigan Navoiy viloyati ma’naviy tarbiya, ma’rifiy yuksalish yo‘lida barchaga o‘rnak bo‘lishi kerakligini ta’kidlab, 2025 yilni viloyatda “Alisher Navoiy yili” deb e’lon qilishni taklif etgan edi.
Prezidentimizning “Buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy ijodiy merosini yurtimiz va jahon miqyosida keng targ‘ib qilish hamda Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili”ni yuqori darajada o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Alisher Navoiy ijodiy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish hamda Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili”ni yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Endilikda Alisher Navoiy merosini o‘rganish ishlarini yuqori bosqichga ko‘tarish maqsadida mamlakat va chet ellarda tizimli asosda ilmiy izlanishlar olib borilib, ularning natijalari e’lon qilinadi. Ushbu mavzuda yangi ilmiy, badiiy va ommabop asarlar yaratilib, xorijdagi navoiyshunos olim hamda ijodkorlarning asarlari o‘zbek tilida nashr etiladi.
Shuningdek, Navoiy davlat universitetida 2025 yil 10-15 oktyabr kunlari “Alisher Navoiy ilmiy-adabiy merosining umumbashariyat ma’naviy va ma’rifiy taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya, “Hazrat Navoiyni anglash – o‘zligimizni anglash” mavzusida respublika tanlovi, ta’lim tashkilotlari va mahallalarda “Navoiyxonlik kechalari” tashkil etiladi.
G‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan mazkur simpoziumda Belgiya, AQSH, Vengriya, Pokiston, Rossiya, Eron, Misr, Ozarbayjon, Turkiya, Shimoliy Kipr, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi dunyoning 20 ga yaqin davlatidan tashrif buyurgan navoiyshunos olimlar hamda respublikamizning barcha hududlaridan taniqli professor-o‘qituvchilar, ijodkor ziyolilar, ma’naviyat sohasi fidoyilari ishtirok etdi.
Anjumanning yalpi majlisi avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov davlatimiz rahbarining simpozium ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
Prezident tabrigida ta’kidlanganidek, “Bu mumtoz siymo jahon adabiyoti mezonlariga, zamon va tarix sinovlariga to‘la javob beradigan durdona asarlar yaratib, nafaqat o‘zbek, balki barcha turkiy adabiyotlar rivojiga beqiyos hissa qo‘shgani ham yuksak hayrat va tahsinga munosibdir.
...Ayniqsa, mutafakkir ajdodimizning turli xalqlar o‘rtasida tinchlik va do‘stlikni mustahkamlash, bashariyatning yorug‘ kelajagini birgalikda qurishga chorlaydigan g‘oya va qarashlarining ahamiyati hozirgi tahlikali davrda tobora ortib bormoqda.
Bugungi kunda biz Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessansni barpo etish jarayonlarida Alisher Navoiy asarlarini o‘zimiz uchun bitmas-tuganmas kuch-g‘ayrat va ilhom manbai deb bilamiz. Shu bois bu noyob ma’naviy boylikni chuqur o‘rganish va targ‘ib etish doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi”.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar hozirgi globallashuv davrida ma’naviy taraqqiyotga erishish, ajdodlarimiz yaratgan betakror ilmiy-ijodiy merosni chuqur o‘rganish, uni xalqimiz, ayniqsa, yoshlar ongiga singdirish muhim ahamiyatga ega ekanligiga alohida to‘xtaldilar.
– Shoir nomi bilan ataluvchi Navoiy viloyatida bunday yirik anjumanning o‘tkazilishi buyuk so‘z san’atkoriga bo‘lgan cheksiz ehtirom ifodasidir, – deydi navoiyshunos olim, Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot instituti Ozarbayjon-Osiyo adabiy aloqalar bo‘limi mudiri Bedirhan Ahmedli. – Bu ulug‘ zotning asarlari Ozarbayjon shoirlari uchun ham ilhom manbai bo‘lib kelgan. Bizning yurtda yashab ijod etgan qator shoirlar ijodida buyuk mutafakkirning ulkan ta’sirini sezish qiyin emas. Bizda uning asarlari tarjima qilinib, sevib o‘qiladi. Bugungi tadbirda “Alisher Navoiy ijodi zamonaviy Ozarbayjon adabiyotshunosligi kontekstida” nomli ma’ruzam bilan ishtirok etmoqdaman.
Albatta, Navoiy ijodini o‘rganish va uni targ‘ib etish bugun har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Buyuk mutafakkir asarlari turli tillarga mukammal tarjima qilinayotir.
Tadbirda AQSHning Prinston universiteti professori Said Rizo Huseyniy Balxiy va Anqara shahridagi Boshkent universiteti professori Abdurahmon Guzel “Navoiy shahar faxriy fuqarosi” deya e’tirof etilgan bo‘lsa, Alisher Navoiy merosini xalqaro miqyosda faol targ‘ib qilayotgan ozarbayjonlik Bedirhan Ahmedli va tojikistonlik Badriddin Maqsudzodaga “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni topshirildi. Shuningdek, bir guruh ijodkorlar Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilindi.
– Navoiy shahriga birinchi bor kelishim. Shaharning go‘zalligi va odamlarining mehmonnavozligi menga juda yoqdi, – deydi Said Rizo Huseyniy Balxiy. – Hozir AQSHning Prinston universitetida dars beraman va tadqiqotlar bilan shug‘ullanaman. Buyuk ipak yo‘lining insoniyat tamaddunidagi ahamiyati borasida tadqiqot olib bormoqdaman. Bu hudud Buyuk ipak yo‘li markazida joylashgan. Bugungi Alisher Navoiy nomi bilan bog‘liq anjumanning ham aynan shu yerda tashkil etilishida ramziy ma’no bor. Bugun bu yerda ko‘rgan va eshitganlarimning tadqiqotlarimga foydasi tegadi, deb o‘ylayman.
Simpozium doirasidagi tadbirlarning asosiy qismi Navoiy davlat universitetida bo‘lib o‘tdi.
Dastlab халқаро simpozium doirasida universitet galereyasida Alisher Navoiy siymosi va ijodiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi.
Galereyada universitetning san’at sohasidagi ijodkor ustoz va talabalari tomonidan yaratilgan 100 dan ortiq san’at asarlari namoyish etilmoqda. Navoiy asarlarida mujassam bo‘lgan ezgu g‘oyalarni yanada chuqurroq anglashga xizmat qiladigan badiiy ekspozitsiya bir oy davom etadi.
Kunning ikkinchi yarmida simpozium ishtirokchilari guruhlarga bo‘lingan holda tadbirlarda ishtirok etishdi.
Universitetda 6 ta shu’baga bo‘lingan olimlar buyuk mutafakkir ijodini o‘rganishda erishilgan yutuqlar va yechimini kutayotgan masalalar xususida o‘zaro fikr almashdilar. Jumladan, muloqotlarda “Jahon navoiyshunosligi: kecha, bugun, ertaga”, “Sharq Renesansi: fan, adabiyot va madaniyat”, “Alisher Navoiy va jahon tilshunosligi”, “Alisher Navoiy va adabiy ta’sir masalalari”, “Alisher Navoiy: adabiyot, ma’naviyat va sharqona tafakkurning abadiy sarchashmasi”, “Alisher Navoiy ijodiy merosi: ilm-fan, ma’naviyat va ma’rifat mushtarakligi” mavzularida so‘z yuritildi.
– Navoiy nomi bilan ataluvchi shaharda xalqaro konferensiya o‘tkazilayotgani shoir nomiga bildirilgan hurmat-ehtirom namunasidir, – deydi turkiyalik navoiyshunos olim Vaxit Turk. – Turkiyada Navoiy asarlariga alohida e’tibor bilan qaralib, turk tiliga tarjima qilingan va qilinmoqda. Mening o‘zim ham uning 12 ta asarini o‘rganib, tarjima qildim. Tadqiq qilmoqdaman. Yoshlarimiz ham Navoiy hayoti va ijodini keng o‘rganishga qiziqishmoqda. Navoiy butun turk xalqining qutb yulduzi. Bugungi tadbirda “Alisher Navoiy ko‘ngil shoiri” mavzusida ma’ruza o‘qidim.
“Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” an’anaviy xalqaro simpoziumida oliy ta’lim muassasalarida do‘stlik va hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida Eron Islom Respublikasi Imom Xumayniy nomidagi xalqaro universiteti va Navoiy davlat universiteti o‘rtasida memorandum imzolandi.
Unga ko‘ra, universitetlar o‘rtasida ilmiy-metodik konferensiyalar tashkil etish, talabalar hamda professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish va zamonaviy ilmiy-metodik dasturlarni amaliyotga keng joriy etish kabi muhim vazifalar belgilab olindi.
Simpozium davomida taniqli olimlar, ijodkorlar navoiyxonlik, adabiyot va kitobxonlik kechalarida ishtirok etishdi.
Jumladan, “NKMK tarixi” muzeyida, Navoiy shahridagi 22-umumta’lim maktabida, Karmana, Navbahor va Nurota tumanlaridagi madaniyat markazlarida Alisher Navoiy hayoti va ijod yo‘liga bag‘ishlangan davra suhbati va ijodiy kechalar tashkil etildi.
Uchrashuvlarda so‘zga chiqqan shoir va yozuvchilar сo‘z mulkining sultoni Alisher Navoiyning boy adabiy-ma’naviy merosi haqida so‘z yuritib, o‘z ijod namunalaridan o‘qib berishdi.
Tuman madaniyat bo‘limi xodimlari tomonidan kuylangan mumtoz navolar, o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari tadbir ishtirokchilarida katta taasuroot qoldirdi.
– Jahon ilm-fani taraqqiyotiga mislsiz hissa qo‘shgan ikki Renessans davrida yurtimizdan chiqqan olim va mutafakkirlarning ilmiy kashfiyotlari, adabiyot va san’at ahli tomonidan yaratilgan betakror ijod namunalari ro‘yxatining o‘zi bir necha jildlik kitobni tashkil etishi ayni haqiqatdir, – deydi Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro jamoat fondi ijrochi direktori Olimjon Davlatov. – Ayni vaqtda ushbu ulug‘ zotlarning orasida javohirlar shodasida o‘zgacha yog‘du taratuvchi Ko‘hinur olmosidek alohida ajralib turadigan bir siymo borki, u – turkiy xalqlarni birlashtiruvchi ma’naviyat yalovbardori, o‘zbek mumtoz adabiyotining asoschisi Hazrat Mir Alisher Navoiydir.
[gallery-21648]
Darhaqiqat, Mavlono Abdurahmon Jomiy “zamon va makonni o‘z izmiga bo‘ysundirgan zot” deya ta’riflagan, Zahiriddin Muhammad Bobur esa “benazir shaxs” deya yuksak baho bergan mumtoz shoir bobomizning shaxsiyati va ijodi besh asrdan ortiq muddatda sog‘lom tafakkur sohiblari uchun komillik mayog‘i va mahorat maktabi vazifasini o‘tab kelmoqda. Uning ibratli hayoti, bunyodkorlik ishlari, mamlakat tinchligi va obodligi yo‘lidagi jasorati va himmati, ilm-fan, san’at va madaniyat ahliga ko‘rsatgan g‘amxo‘rligi qanchalik ibratli bo‘lsa, har jihatdan hayratlanarli ulkan ijodiy merosi ham bebaho sarchashma hisoblanadi. Mutafakkir shoir haqiqat va adolatning oddiy targ‘ibotchisigina emas, balki faol kurashchisi bo‘lgani sababli, uning asarlarida o‘zining badiiy ifodasini topgan xulosa va kuzatuvlar, mushohada va mulohazalar o‘zining haqqoniyligi va hayotiyligi bilan bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini zarracha yo‘qotgan emas.
Kechki dastur shahar markazidagi “Mumtoz” tantanalar uyida davom ettirilib, viloyat hokimi Normat Tursunovning tadbir ishtirokchilari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
9 fevral – xalqaro simpoziumning ikkinchi kunida tadbir ishtirokchilari keng jamoatchilik vakillari, yoshlar viloyat markazida qad rostlagan shoir haykali poyiga gulchambar qo‘yib, ulug‘ mutafakkir xotirasiga ehtirom ko‘rsatdilar.
– Hazrat Alisher Navoiy butun turkiy xalqlar bilan bog‘liq bir daho, – deydi navoiyshunos olim Azizulloh Orol. – Bu bog‘liqlik nimada ko‘rinadi? Navoiyning o‘zi bizniki, tili bizniki. Ammo uning mafkurasi, uning tafakkuri butun jahonniki. Hozir Navoiyni nafaqat shoir sifatida, balki muhandis, iqtisodchi sifatida ham o‘rganishmoqda. Bunga uning ko‘plab asarlarida dalillar mavjud. Navoiy biz uchun ham ko‘plab g‘oyalarni ilgari surib ketganki, bugun biz ulardan foydalanayapmiz. U ma’naviy bo‘shlig‘imizni to‘ldiradigan shaxs. Men yaqinda ikkita kitob chop etdim. Bittasi Afg‘oniston va Eronda istiqomat qiluvchi forsiy zabon insonlar uchun “Alisher Navoiy hayoti va ijodiyoti” nomli kitob, ikkinchisi, o‘zbek tilida: “Navoiy bitiklari izidan”. Bu kitoblarni men O‘zbekistonda yashab, Navoiy ijodiga berilayotgan e’tibor tufayli yozdim.
Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida esa musiqali badiiy-ma’rifiy dastur tashkil etildi. Unda so‘z mulkining sultoni qalamiga mansub asarlar asosida mumtoz qo‘shiqlar ijro etilib, dostonlari asosida sahnalashtirgan badiiy chiqishlar namoyish etildi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat),
O‘zA muxbirlari