Navoiyning ijod mezoni
Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy ana shunday siymolardan ekani maʼlum.
Alisher Navoiy tavalludining 579-yilligiga
Ulugʻ bobokalonimiz ijod tabiati va ijodkor tutumi haqida qanday fikrlarni bildirgan va ul zotning bu boradagi qarashlari bugungi kun uchun nechogʻliq ahamiyatga ega? Tabiiyki, bizning bu boradagi muxtasar fikrlarimiz ulugʻ mutafakkir adabiy-estetik qarashlarini toʻliq qamrab ololmaydi. Bu fikrlarni beqiyos ummondan bir hovuch deyilsa joizdir, ehtimol.
Buyuk adib nazdida ijodkor faoliyati quyidagi mezonlarga muvofiq boʻlmogʻi zarur:
1. Qalam va soʻzni muqaddas bilish, uni vositai joh etishdan saqlanish.
2. Ijod namunasi mukammal badiiyat bilan birga teran maʼnoni mujassam etmogʻi zarurligi.
3. Badiiy asar Haq va haqiqat talablariga muvofiq boʻlishi.
4. Ijodkor oʻz mustaqil yoʻlidan yurishi, taqliddan saqlanishi.
Ushbu mezonlar hazrat Alisher Navoiy ijodi va adabiy-estetik qarashlarining mohiyatini belgilaydi. Ularni alohida tahlil etishga urinamiz.
1. Qalam va soʻzni muqaddas bilish, uni vositai joh etishdan saqlanish. “Xamsa”ning ikkinchi dostoni – “Farhod va Shirin”da buyuk shoir qalamni quyidagicha vasf etadi:
Qalamkim rahnavardi teztakdur,
Azaldin manzili favqu-l-falakdur.
Yaʼni, qalam eng ildam yoʻlchidir, uning uchun masofa ahamiyatga molik emas. Qalamning manzili falakdan ham yuksakroqda – Arshdadir. Bu oʻrinda taqdir kitobi – Lavhu-l-mahfuzni yozgan ilohiy qalam nazarda tutilgan. Hazrat Navoiy fikricha, qalam ahli buni nazarda tutmogʻi, maskani favqu-l-falak boʻlgan qalamning sharafini yerga urmasligi zarur. Boshqacha aytganda, qalam bilan faqat va faqat munosib soʻzlar bitilmogʻi kerak. Agar shunday masʼuliyat boʻlmasa, ijod ahli qoʻlidagi qalam daryoda oʻsgan oddiy qamishdan farq qilmaydi:
Qalam bahri kafida turfa ishdur,
Magar daryo aro butgan qamishdur.
Soʻz, hazrat Navoiy nazdida, ilohiy neʼmat. Tangri taolo oʻz sirlarining xazinasi boʻlgan insonni yaralmishlar ichida soʻz tufayli mumtoz etdi. Hatto olamning yaratilishi ham soʻz sharofatidan. Shuning uchun “Xazoyin ul-maoniy”dagi lirik sheʼrlarida ham, nasriy va adabiy-ilmiy asarlarida ham ulugʻ mutafakkir soʻz qadri, soʻz masʼuliyati masalalariga alohida diqqat qaratadi. “Xamsa”ning har bir dostonida soʻz taʼrifiga alohida boblar bagʻishlaydi. “Nazm ul-javohir” asarida, jumladan, soʻzga mana bunday taʼrif beriladi:
Soʻzdurki nishon berur oʻlukka jondin,
Soʻzdurki berur jongʻa xabar jonondin,
Insonni soʻz ayladi judo hayvondin,
Bilkim, guhare sharifroq yoʻq ondin.
Ulugʻ mutafakkirning soʻzga bu qadar ehtirom bilan munosabatda boʻlishi zamirida, birinchidan, inson uchun soʻzning nechogʻlik ulugʻ neʼmat ekani, uni qadrlash zarurati ifodalangan boʻlsa, ikkinchidan, ijod ahli zimmasidagi ulkan masʼuliyatni taʼkidlash maqsadi yotadi.
“Hayrat ul-abror”da “nazmi aqolimi jahonni, nasri dogʻi kishvari jonni tutgan” ustozi mavlono Jomiyni vasf etar ekan, shoir mana bunday yozadi:
Parda yasab holati pinhon uchun,
Safha yozib satr ila kitmon uchun –
Yaʼni, Abdurahmon Jomiyning safha yozishidan, yaʼni badiiy ijod bilan shugʻullanishidan murodi “koʻksi haqoyiq duri ganjinasi, koʻngli maoniy yuzi oyinasi” ekanini xaloyiqdan bekitmoq, holatini pinhon tutish uchun parda yasamoq boʻlganini taʼkidlaydi. Demak, bobokalonimiz eʼtiqodicha, soʻz, badiiy ijod – vositai joh emas, xaloyiq oʻrtasida shuhrat qozonishdan saqlanmoq omili boʻlmogʻi zarur. Undan shon-shavkatga, mansab-martabaga, boylik-hashamga ega boʻlish yoʻlida foydalanmoq ijod ahlini tubanlik sari boshlaydi. Mana, ijodkorning eʼtiqodi qanday boʻlmogʻi kerak?! Bu fikrlar zamirida ijod ahli uchun barcha zamonlarga tatirli ibrat saboqlari bor.
2. Ijod namunasi mukammal badiiyat bilan birga teran maʼnoni mujassam etmogʻi zarurligi. Hazrat Alisher Navoiy “Hayrat ul-abror” dostonida
Nazmda ham asl anga maʼni durur,
Boʻlsun aning surati har ne durur, -
deb yozgan edi. Bu soʻzlari orqali ulugʻ mutafakkir zamonlar kelib nazmning suratida yangilanishlar boʻlishini bashorat qilgan. Buyuk shoir nazmning rango-rang liboslar bilan ziynatlanishi tabiiy ekanini taʼkidlash barobarida, har qanday shaklda boʻlishidan qatʼiy nazar, “asl anga maʼni” ekanini alohida taʼkidlagan.
Alisher Navoiyning bu masaladagi adabiy-estetik tutumi “Badoyiʼ ul-bidoya” devoni debochasida ham qatʼiy ifodalangan: “Yana bir bukim, goʻyiyo baʼzi el ashʼor tahsilidin va devon takmilidin gʻaraz majoziy husnu jamol tavsifi va maqsud zohiriy xattu xol taʼrifidin oʻzga nima anglamaydururlar. Devon topilgʻaykim, anda maʼrifatomiz bir gʻazal topilmagʻay va gʻazal boʻlgʻaykim, anda mavʼizatangiz bir bayt boʻlmagʻay. Mundoq devon bitilsa, xud asru behuda zahmat va zoyiʼ mashaqqat tortilgʻon boʻlgay”.
Bu oʻrinda buyuk adib “maʼni” tushunchasiga yana-da oydinlik kiritadi. Uning “maʼrifatomiz, mavʼizatangiz” boʻlmogʻi zarurligiga eʼtibor qaratadi. Yaʼni, sheʼr oʻquvchi qalbida maʼrifatga muhabbat, kamolot sari intilishga ragʻbat tuygʻusini paydo qilmogʻi zarur. Taʼkidlash zarurki, hazrat Navoiy “maʼni”ga urgʻu berar ekan, zinhor badiiyatni inkor etmaydi. Aksincha, nazmda yoki nasrda bitilgan boʻlishidan qatʼiy nazar, teran maʼrifiy mazmun va goʻzal badiiy shakl uygʻunligi talab etilishini taʼkidlaydi. Oʻz asarlari orqali buning beqiyos namunasini koʻrsatadi.
3. Badiiy asar Haq va haqiqat talablariga muvofiq boʻlishi. Buyuk mutafakkir taʼrificha, ana shu fazilatdan mahrum boʻlsa, asar hech qanday qimmatga ega emas. Uningcha, ijod namunasi Haq va haqiqat nuriga yoʻgʻrilmogʻi zarur. Aks holda ijod ahlining soʻzi koʻngillarni zabt eta olmaydi, ahamiyatga molik boʻlmaydi. Bu haqiqat “Hayrat ul-abror”da quyidagicha badiiy talqin etiladi:
Nukta su yangligʻ eritur toshni,
Topsa haqiqat oʻtidin choshni.
Boʻlsa haqiqat guharidin yiroq,
Rishta soʻzin soʻzlamagan yaxshiroq.
Yaʼni, haqiqat guharidin mosuvo soʻzni soʻzlashdan naf yoʻq. Bunday soʻz na xaloyiq oldida eʼtiborli, na Xoliq nazdida. Insoniyat tarixining ibtidosidan to bugunga qadar qogʻoz qoralaganlar soni qancha ekanini Yaratganning oʻzi biladi, ular orasida yozmishlari el koʻngliga malham boʻlganlari esa barmoq bilan sanarlidir. Chunki ijod sir-sinoatga toʻliq jarayon. Qalbida hidoyat nuri mujassam boʻlganlargina ham xalqqa, ham Haqqa manzur asarlar bitish sharafiga noil boʻladi. Hazrat Navoiy ijodi buning isbotidir, “Xamsa”ning umrboqiyligi boisi shunda. Shu sababdan ham ul zot muyassar boʻlgan buyuk maqomga erishmoq mahol.
Hazrat Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” tazkirasida ijod ahliga baho berar ekan, ularning Haq va haqiqatga munosabatini asosiy mezon deb biladi. Jumladan, birinchi majlis ibtidosida “haqoyiq va maorif adosida nazm libosi dilpazirroq” ekanini alohida taʼkidlaydi. Asarlarida “haqoyiq va maorifni darj etgan” shoiru adiblarni alohida eʼtirof etadi. Husayn Boyqaroning tugʻishgan akasi Boyqaro Mirzo haqida yozar ekan, “haqshunosligʻi aʼlo martabada” ekanini mamnuniyat bilan taʼkidlaydi. Oʻz navbatida, bu kabi fikrlar hazrat Alisher Navoiy adabiy-estetik qarashlarida haqiqat va maʼrifat masalasi alohida mavqega ega boʻlganidan dalolat beadi.
“Mahbub ul-qulub”da esa, soʻzlari haqiqat va rostlikdan yiroq qalam ahli ijodkorlarning “adno”, yaʼni eng quyi tabaqasi sifatida taʼrflanadi va qattiq tanqid qilinadi: “Yana adno tabaqasi jamoatedurlarkim, nazm bila faqat koʻngullari xushnud va xursand va roziyu bahramanddurlar. Va yuz mashaqqat bila bir baytkim bogʻlashturgʻaylar, daʼvo ovozasin yetti falakdin oshurgʻaylar. Soʻzlarida ne haqoyiq va maorif noʻshidin halovat va nazmlarida ne shavq va ishq oʻtidin harorat. Ne shoirona tarkiblari ahsan va ne oshiqona soʻzu dardlari shuʼlaafgan. Baʼzidin agar gohi birar yaxshi bayt voqeʼ boʻlur, ammo oʻn oncha yamon daʼvo zohir boʻlurki, u ham zoeʼ boʻlur”.
Hazrat Navoiy fikricha, nazmdan murod koʻngil xushligi emas. Yuz mashaqqat bilan yozgan sheʼri uchun shoirlik daʼvosini qilish va ovozasini yetti falakdan oshirishga urinish – uyat. Sheʼrning sheʼr boʻlishi unda haqiqat va maorifdan bahra, shavq va ishq oʻtidan harorat boʻlmogʻi zarur. Yuqorida tanqid qilingan adno toifaning bitiklari ana shu fazilatlardan mahrum. Ularning baʼzisi agar bir yaxshi bayt yozsa, oʻn yomon bayti bilan oʻsha arzirli baytni ham zoye qiladi.
Umuman, Haq va haqiqatga tayanish – ijod namunasining qimmatini oshirgani kabi ijodkorning ham martabasi yuksalishiga dalolat qiladi.
4. Ijodkor oʻz mustaqil yoʻlidan yurishi, taqliddan saqlanishi.
Buyuk beshlik – “Xamsa”ni ijod etar ekan, hazrat Navoiy mana bunday satrlarni bitadi:
Ani nazm etki, tarhing toza boʻlgʻay,
Ulusgʻa mayli beandoza boʻlgʻay.
Yoʻq ersa, nazm qilgʻonni xaloyiq
Mukarrar aylamak sendin ne loyiq.
Xush ermas el soʻngincha raxsh surmak,
Yoʻlekim, el yugurmishdur – yugurmak.
Biravkim bir chamanda soyir erdi,
Nechakim gul ochilgʻon – koʻrdi, terdi.
Hamul yerda emas gul istamak xoʻb,
Bu boʻston sahnida gul koʻp, chaman koʻp.
Ulugʻ mutafakkir xaloyiq nazm qilgʻonni mukarrar aylamoq – takrorlamoq fikridan yiroq. Ul zotning eʼtiqodicha, birovlar ketidan ot surmoq, el yugurgan yoʻldan yugurmoq zinhor maʼqul emas. Boshqalar gul tergan chamanda gul istamoq oqil ishi sanalmaydi. Vaholanki, “Bu boʻston sahnida gul koʻp, chaman koʻp”. Yaʼni, har kim oʻz didiga mos gulni izlamogʻi, termogʻi zarur. Shoir fikricha, sheʼriyatda oʻzgalarni takrorlash (“mukarrar aylamak”) ayb. Chinakam shoir oʻz sozi bilan kuylashi lozim. Boshqalar ketidan ot surmoq, oʻzgalardan tuygʻu olish haqiqiy ijodkor ishi emas. Taqlidchilik ijod tabiatiga zid. Oʻz soʻzini, oʻzigagina xos uslubda ifodalagan ijodkorgina adabiyot olamida oʻz oʻrnini topadi, muayyan mavqega erisha oladi.
Hazrat Alisher Navoiyning oʻzi bu borada barcha zamon ijodkorlariga ibrat boʻlarli buyuk ishni bajardi. Anʼana zamirida oʻziga xos ijod mezonlari asosida olamshumul yangilik yaratdi, xamsanavislikni yuksak bir darajaga koʻtardi. Vaholanki, Nizomiy-Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy va Abdurahmon Jomiyday buyuk ijodkorlardan keyin xamsachilikni yangi bosqichga olib chiqish oson boʻlmagani ayon. Hazrat Alisher Navoiy buyuk salaflarini takrorlash u yoqda tursin, ularga eʼtirozlarini bildiradi. Jumladan, ular Xusrav obrazi talqinida “Ki mulki andogʻu oyini mundoq, sipohi andogʻu tamkini mundoq” tarzida maqtovni haddan oshirganini tanqd qiladi. Oʻz asarini “Farhod va Shirin” deb atar ekan, oʻz ijod mezonidan kelib chiqib, bosh qahramonlikka Xusravni emas, Farhodni tanlaydi. Bahrom obrazi talqinida ham 1) unda moyai dard yoʻqligi va ishq otashidan mahrumligi; 2) yetti qasr qurib, ishrat surishi va mast-alast holda afsona tinglashida haqiqatga nomuvofiqlik koʻradi. “Sabʼai sayyor” syujeti va kompozitsiyasini navoiyyona asosga quradi.
Bu tahlillar buyuk mutafakkirning ijodda taqlidni qoralashi va har bir shoiru adibning oʻz yoʻli, uslubini yaratishi zarurligi haqida eʼtiborli fikrlarni bildirish barobarida, oʻz asarlari bilan buni amalda ham isbotlaganini koʻrsatadi.
Umuman, hazrat Alisher Navoiyning ijod tabiati va ijodkor masʼuliyati haqidagi adabiy-estetik qarashlari nainki ulugʻ shoir yashagan davr, balki barcha zamonlar uchun ham birday ahamiyatlidir. Zero, adabiyot olamiga qadam qoʻygan har bir yosh shoir yoki adib buyuk mutafakkir ijod laboratoriyasiga qanchalik chuqur kirsa, soʻz sanʼati sirlarini nechogʻlik teran oʻrgansa, ijodda shunchalik kamolga erishadi. Bu esa, oʻz navbatida, milliy adabiyotimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshadigan, salohiyati yuksak ijodkorlarning yangi avlodi shakllanishiga olib keladi.
Nurboy JABBOROV,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat
oʻzbek tili va adabiyoti universiteti
kafedra mudiri, filologiya fanlari doktori, professor