Navoiylik tadbirkorlar – Namanganda
Navoiy viloyatidan bir guruh mas’ullar va tadbirkorlardan iborat delegatsiya Namanganga tashrif buyurdi.
Birinchi manzil Davlatobod tumanidagi “Fazman Garment Industry” korxonasi bo‘ldi. Tikuvchilikka ixtisoslashgan mazkur korxonaning loyiha qiymati 40 mln. dollarni tashkil etadi hamda to‘liq quvvatda ish boshlagach, bu yerda bandligi ta’minlanganlar soni 3 ming nafarga yetadi. Yillik eksport hajmi 15 mln. dollarga teng korxonada hozirda “Mashhur” brendi ostida erkaklar, ayollar va bolalar uchun turli bichimdagi kiyimlar ishlab chiqarilmoqda.
Delegatsiya a’zolari bu yerdagi shart-sharoitlar, ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar. Shundan so‘ng Davlatobod tumanidagi Gulobod mahallasiga keldilar.
[gallery-18131]
Gulobod mahallasida bugungi kunda 3 yarim mingdan ziyod aholi yashaydi. Gulobodliklar tadbirkorligi, ayniqsa, asalarichilikda katta tajriba maktabiga egaligi bilan tanilgan.
Navoiylik mehmonlarda mahalladagi Asalarichilik markazi katta taassurot qoldirdi. Zamonaviy qiyofadagi markazning ishlab chiqarish quvvati 150 tonnaga, yillik eksport hajmi 500 ming AQSH dollariga teng.
Navbatdagi manzil esa Namangan shahridagi “Dashtbog‘” kichik sanoat zonasi bo‘ldi. Salkam 4 gektarlik hududda umumiy qiymati 118,7 mlrd. so‘mlik, shundan 103,7 mlrd. so‘m mablag‘ tashabbuskorlar ulushi va 15 mlrd. so‘m bank krediti mablag‘i evaziga jami 22 ta loyiha ishga tushirilgan.
Kichik sanoat zonasida yiliga 56,2 mlrd. so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Bu yerda ishlayotganlar soni 3 ming nafardan ziyoddir.
Xuddi shunday, “Barkamol avlod” kichik sanoat zonasida ham “Balance tyex”, “G‘aymur tekstil”, “Sifat yogʻoch mebel” hamda “Master class dizay” kabi yuzlab ish o‘rnini yaratgan istiqbolli korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Navoiy viloyati delegatsiyasi vakillari mazkur korxonalarda bo‘lib, tadbirkorlar uchun mavjud imkoniyat va imtiyozlar haqida aniq ma’lumot hamda tasavvurga ega bo‘ldilar.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA