Navoiydan IIB xabarlari
Joriy yil 12 iyun kuni Konimex tumani IIB navbatchilik qismiga tuman hududida joylashgan AYOQSHda turgan “Neksiya-3” mashinasi noma’lum shaxslar tomonidan olib qochib ketilgani haqida xabar kelib tushadi.
Viloyat IIV YHXBBning ma’lum qilinishicha, Tuman IIB YHXB va jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida mashina olib qochganlikda gumonlangan shaxslar Qiziltepa tumanida ushlangan.
Surishtiruvlarda aniqlanishicha, uch nafar gumonlanuvchi o‘tirgan “Neksiya-3” mashinasi Konimex tumanida AYOQSHlardan biriga yoqilg‘i quyish uchun to‘xtagan. Haydovchining hojatxonaga kirganidan foydalanib, uch yo‘lovchi mashinani minib qochib ketgan. Qiziltepa tumani hududiga yetganda mashinaning yoqilg‘isi tugab, to‘xtab qolgan. Ikki yigit mashinani tashlab, qochib ketgan. 17 yoshli qiz mashina oldida qolgan.
Mashina olib qochganlarning eng kattasi 19 yoshda bo‘lib, u avval ham o‘g‘irlik jinoyatini sodir etganligi sabab sudlangan.
Hozirda uch nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksi 267-moddasining tegishli bandlari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida yuk mashinasi urib yuborgan velosiped haydovchisi shifoxonada vafot etdi.
Viloyat IIB YHXB matbuot xizmatining xabar qilinishicha, 2021 yil 15 iyun kuni soat 19:10 larda Qiziltepa tumanida joylashgan mahalliy yo‘llardan birida “Kamaz” yuk mashinasi velosiped boshqarib ketayotgan shaxsni urib yuborgan. Oqibatda velosiped haydovchisi ko‘rsatilgan tez tibbiy yordamga qaramasdan tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli shifoxonada vafot etgan.
Surishtiruvda aniqlanishicha, velosiped haydovchisi yuk mashinasi bilan bir yo‘nalishda harakatlanayotgan bo‘lgan.
Hozirda mazkur hodisa yuzasidan Qiziltepa tumani IIB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri