Navoiyda yangi kon ochildi
Navoiy kon-metallurgiya kombinatini 2026 yilgacha rivojlantirish dasturi doirasida “Muruntov” koni tarkibida “Balpantog‘ - Tomdibuloq” konining ochilish marosimi va bu yerda birinchi portlatish ishlari amalga oshirildi.
“Balpantog‘” va “Tomdibuloq” konlari 40 million tonnadan ortiq ma’dan zaxirasiga ega bo‘lib, yangi konlarning oltin tarkibli ma’dani kombinatning 2-gidrometallurgiya zavodiga 33 kilometr uzunlikdagi temir yo‘l orqali tashiladi.
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ axborot xizmati xodimi Azamat Zaripovning ma’lum qilishicha, konlardan qariyb 15 yil mobaynida yiliga 3 million tonnadan oltinga boy ma’dan qazib olinadi. Bu ishlarni bajarish uchun konga 7 ta gidravlik ekskavator, 5 ta burg‘ulash qurilmasi, 23 ta avtoag‘dargich, 2 ta teplovoz va boshqa ko‘plab kon texnikalarini xarid qilish ko‘zda tutilgan.

Hozirgi kunda bitta zamonaviy gidravlik ekskavatori, 90 tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega 10 ta avtoag‘dargich keltirildi.

Eng muhimi, loyiha doirasida konda 653 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.



Abduvali Bo‘riyev, O‘zA