“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi va Navoiy viloyati hokimligi tomonidan OAV vakillarini “Navoiy” EIZda joylashgan “Gazgan Marble Group” MCHJ faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida press tur tashkil etildi.
Marmar chiqindilaridan kompozit plitalar va me’moriy mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Gazgan Marble Group” MCHJ 2022 yilda o‘z faoliyatini boshlagan.
– Loyihaning umumiy qiymati qariyb 40 million dollar bo‘lib, teng yarmi bank krediti hisobidan amalga oshirilmoqda, – deydi korxona bosh direktori Jamshid Jumayev. – Asbob-uskunalarimiz Italiyaning “Breton S.P.A” kompaniyasiga tegishli bo‘lsa, ko‘tarma kranlarimiz Turkiya davlati firmasiga tegishli. Ushbu loyiha to‘liq ishga tushgach, 300 ta yangi ish o‘rni yaratilishi bilan birga yiliga 300 ming kvadrat metr kompozit qoplama plitalar va 500 tonna me’moriy mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Hozirda 80 nafar mahalliy aholi vakillari ish bilan ta’minlangan.
Bugungi kunda korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar Qozog‘iston Respublikasiga eksport qilinmoqda. Shuningdek, eksport salohiyatini oshirish maqsadida Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlari bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Press tur davomida Navoiy viloyatida qurilish materiallari ishlab chiqarish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda Navoiy viloyatida 998 ta korxona tomonidan 2,7 trillion so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqarilgan bo‘lib, eksportga 71,8 million dollarlik mahsulot yo‘naltirilgan va 212,9 million dollarlik investitsiya jalb qilingan.
[gallery-12454]
– So‘nggi 5 yilda viloyatda qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha 458,6 million dollarlik 535 ta loyiha amalga oshirilib, 312 ta yangi korxona ishga tushirilgan va 7 ming 930 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan, – deydi uyushma Axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov. – Natijada qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi deyarli 2,1 barobar oshib, 2,7 trillion so‘mga yetdi. Joriy yilda 3,1 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilishi va 96,6 million dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Viloyatda 2 ta yo‘nalishda “Uy-joy qurilish” va “Qurilish materiallari ishlab chiqarish” klasterlari tashkil etilgan.
“Minor Millinium” MCHJ tomonidan 2023 yilda Navoiy shahrida 3 ta 7 qavatli 189 xonadonli uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan. Mazkur klaster korxona tomonidan temir-beton mahsulotlari, gazoblok, pishgan g‘isht, eshik va romlar, quruq qorishmalar ishlab chiqarilmoqda.
Joriy yilda klaster tomonidan qiymati 1,2 million dollarlik temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda.
“Sharq Qurilish Servis” MCHJ “Qurilish materiallari ishlab chiqarish” klasteri tomonidan bugungi kunda sheben va qum mahsuloti ishlab chiqariladi. Joriy yilda korxona tomonidan yillik quvvati 220 ming tonna bo‘lgan qum-shag‘al mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA