Laylo O‘skanova endigina sakkiz yoshga qadam qo‘ydi. U Toshkent shahridagi 328-umumiy o‘rta maktabning 2-sinf o‘quvchisi. Uch yildirki otasi Zafar Ro‘ziqulov izidan borib, tabiat ko‘rinishlari, fauna va florasi, turli jarayonlarni fotoapparat tasmasiga muhrlamoqda. U maktabda allaqachon shaxsiy fotoko‘rgazmasini o‘tkazishga ham ulgurgan.
– Kelgusida otam kabi mohir fotosuratchi bo‘laman. Yurtimizning barcha hududlariga borib, chiroyli suratlar olaman, – deydi jajji qizaloq.
To‘g‘ri, bu Layloning dastlabki orzulari. Kelajakda bu orzular haqiqatga aylanishi yoxud u boshqa bir kasbni tanlashi mumkin. Ammo hozir u otasi bilan respublikamizning bir qator viloyatlarida bo‘lib, orzusini amalga oshirmoqda.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi San’at galereyasida uyushma a’zosi, fotorassom Fotoritm (Zafar Ro‘ziqulov)ning Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan “Qalbimdagi Vatanim” nomli shaxsiy fotoko‘rgazmasida Layloning ham “Qizilqum barxanlari”, “Qizilqum cho‘li”, “Qizilqum faunasi”, “Shilpiq qal’a”, “Orol dengizining ayanchli qismati” nomli fotosuratlari joy egallagan.
Fotoko‘rgazmada Z.Ro‘ziqulovning 40 ta fotoasari joy egallagan bo‘lib, fotografiya san’atining turli janrlarini o‘zida aks ettirgan.
Ta’kidlash o‘rinliki, Fotoritmning ushbu ko‘rgazmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda tizimli ravishda o‘tkazib kelinmoqda. Fotoko‘rgazmada namoyish etilayotgan asarlarda ijodkorning Vatanga bo‘lgan qalb kechinmalari o‘z aksini topgan.
[gallery-22250]
– Fotoko‘rgazma muallifi 40 yildan ortiq fotografiya bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, uni qariyb yigirma yildan buyon bilaman, uning ijodini kuzatib boraman, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli fotojurnalist Abdug‘ani Jumayev. – Meni quvontirgan jihati shundaki, Zafar Ro‘ziqulov respublikamizning barcha hududlariga sayohat qiladi. Borgan joyidan fotosuratlar oladi, Vatanimiz haqida ma’lumot beradi, obrazli qilib tushuntiradi. Badiiy fotografiyaning ajralib turadigan tomoni shundaki, siz bilan biz unchalik e’tibor qilmagan manzaralarni, odamlarni o‘z talqiniga mos ravishda ko‘rsatib beradi. Bizning tuyg‘ularimizga ta’sir etib, unga bo‘lgan taassurotlarimizni kuchaytiradi. Fotografiyaning kuchi ham shunda.
Fotoko‘rgazma davomida yoshlar uchun uchrashuvlar, mahorat darslari ham tashkil etiladi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari