Navoiyda havo ifloslanishini kamaytirish choralari tahlil qilindi
Navoiy viloyati hokimligi katta majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi hamda xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.
Senatning tegishli qo‘mitasi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashi vakillari ishtirok etgan yig‘ilishda atmosfera havosiga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalarni kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tahlil qilindi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda viloyatda atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘yicha muayyan ijobiy natijalarga erishilgan. Jumladan, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, atmosferaga chiqarilgan ifloslantiruvchi moddalar hajmi 2024-yilga nisbatan 2,1 foizga kamaygan.
Shuningdek, viloyatda 736 ta korxonaning atmosferani ifloslantiruvchi manbalari xatlovdan o‘tkazilgan. Ushbu jarayon doirasida 340 tadan ortiq me’yoriy hujjatlar ishlab chiqilgani sohada tizimli yondashuv yo‘lga qo‘yilayotganini ko‘rsatadi.

“Toza havo” tadbirlari ham samarali amalga oshirilgan. Xususan, 8 mingdan ortiq avtotransport vositasi texnik xizmatdan o‘tkazilib, 257 tonna zararli moddalarning atmosferaga chiqarilishining oldi olingan.
Bundan tashqari, viloyatning barcha shahar va tumanlarida ishchi guruhlar tashkil etilgan bo‘lib, ular tomonidan atmosferaga zararli tashlamalar chiqarilishining oldini olishga qaratilgan nazorat tadbirlari muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Shu bilan birga, 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan ekologik holatni yaxshilash dasturi ham tasdiqlangan.
Shu bilan birga, muhokama jarayonida bir qator jiddiy kamchiliklar ham mavjudligi aytib o‘tildi. Jumladan, ayrim korxonalarda o‘rnatilgan avtomatik monitoring stansiyalari Ekologiya milliy qo‘mitasining elektron platformasiga integratsiya qilinmagan. Bu esa ekologik nazorat samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ayrim hollarda korxonalar tomonidan ekologik talablarga rioya etilmayotgani, hisobotlarda atrof-muhitga yetkazilgan zarar miqdori kamaytirib ko‘rsatilayotgani ham tanqid qilindi. Shuningdek, barcha hududlarda avtomatlashtirilgan kichik stansiyalar o‘rnatish ishlari yetarlicha sur’atda olib borilmayotgani qayd etildi.
Mutaxassislar fikricha, mavjud muammolarni bartaraf etish uchun davlat ekologik nazoratini yanada kuchaytirish, amaldagi korxonalarda chang-gaz tozalash uskunalarining samaradorligini kamida 95 foizga yetkazish, yangi ishga tushirilayotgan korxonalarda esa bu ko‘rsatkichni 99,5 foizdan past qilmaslik zarur.
Shuningdek, yirik sanoat korxonalari atrofida “yashil belbog‘”lar barpo etish, atrof-muhit monitoringini kuchaytirish va avtomatlashtirilgan kuzatuv tizimlarini keng joriy etish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Navoiy viloyatida atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muayyan natijalar bermoqda. Biroq sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish, nazoratni kuchaytirish va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish orqali bu yo‘nalishda yanada yuqori samaradorlikka erishish mumkin.
A. Bo‘riyev, O‘zA