Navoiy shahridagi Yoshlar markazida Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi Navoiy viloyat boshqarmalari tomonidan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida “2025 yilning o‘tgan 6 oyi davomida bajarilgan ishlar hamda korrupsion holatlarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar” tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Dastlab Kadastr agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan 2025 yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, olib borilgan monitoring va nazorat tadbirlari davomida 922 ta holatda 47,2 gektar yer maydoni yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan hech qanday hujjatlarsiz noqonuniy egallab olingani aniqlangan.
– Mazkur qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish maqsadida barcha huquqbuzarlarga yozma ogohlantirishlar berilishi natijasida 657 ta holatda 38,8 gektar yer maydonlaridagi noqonuniy qurilmalar fuqarolarning o‘z ixtiyori bilan bartaraf qilindi hamda yer maydoni avvalgi holatiga qaytarilishi ta’minladi, – deydi Kadastr agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Nishonov. – Qonuniy talablarni bajarmagan shaxslarga nisbatan esa sudlarga da’vo arizalari kiritilib, majburiy tartibda buzdirish choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, 12 ta holatda 1,1 gektar sug‘oriladigan yerda aniqlangan noqonuniy qurilmalar yuzasidan huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga materiallar yuborilgan.
[gallery-24397]
Bundan tashqari, olib borilgan o‘rganishlar davomida 179 ta holatda 676,5 gektar yer maydonlari fuqaro va tadbirkorlar tomonidan maqsadsiz foydalanilayotgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu holatlar bo‘yicha tegishli hokimliklarga taqdimnomalar kiritildi. Natijada 176 ta holatda 653,2 gektar yer maydonlari davlat zaxirasiga qaytarilishi ta’minlandi. Qolgan 3 ta holatda 23,2 gektar yer maydonlarini qaytarish ishlari davom etmoqda.
Bugungi kunda yer va kadastr nazorati shaffofligini ta’minlash maqsadida Kadastr agentligining tuman hamda shahar bo‘limlari 35 tadan zamonaviy planshet va bodi kameralar bilan ta’minlangan.
Matbuot anjumanida Davlat kadastrlari palatasining Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan ham joriy yilning 6 oyi davomida amalga oshirilgan ishlari tahlili ko‘rib chiqildi.
Jumladan, boshqarma va uning hududlardagi bo‘limlari xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini ta’minlash maqsadida 14 ming 109 ta ob’ekt xatlovdan o‘tkazildi. Xatlov natijasida 10 ming 812 ta ob’ekt “UZKAD” (Yagona kadastr axborot tizimi) platformasida ro‘yxatga olinib, 5 ming 792 ta ob’ekt maxsus “E’tirof” axborot tizimiga yuklandi.
Davlat kadastrlari palatasining Navoiy viloyati boshqarmasiga ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha elektron dastur orqali kelib tushgan 32 ming 733 ariza (buyurtma)ning 21 ming 835 tasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lsa, 8 ming 412 tasi Davlat xizmatlari markazlari va ma’lum sabablarga ko‘ra rad qilingan, 1 ming 372 tasi esa to‘lov to‘lash jarayonida.
Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan “UZKAD” va “DAVREESTR PRO-2” dasturlari orqali turar joy ob’ektlariga kadastr pasportini rasmiylashtirish uchun jami 23 ming 303 ta ariza kelib tushgan. Ularning 4 ming 697 tasi rad qilingan, 647 ta ariza ko‘rib chiqilmoqda, 361 ta ariza to‘lov jarayonida. 17 ming 598 ta ariza esa yakunlangan.
– Navoiy viloyatida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarni bosqichma-bosqich xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha mahallalar kesimida reja-grafik jadvaliga asosan 2025 yilning 1-yarim yilligida 101 ta mahalla fuqarolar yig‘ini chegarasi “UZKAD” dasturiga yuklandi, – deydi Davlat kadastrlari palatasining Navoiy viloyati boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar sho‘’basi bosh mutaxassisi Shohrux Abduraximov. – “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali berish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga asosan 2025 yilda “Yerelektron” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga jami 1661 ta 675,3 gektar yer uchastkalari joylashtirilib, komissiyalarga taqdim etilgan. Shuningdek, “Yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun yer uchastkalarini mulk huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga asosan esa 61 ta 2,36 gektar yer uchastkalari tizimga joylashtirildi.
Hozirda Davlat kadastrlar palatasi Navoiy viloyat boshqarmasining filiallari arxivida jami 262 ming 618 ta jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan kadastr yig‘majildlari mavjud. Mazkur hujjatlar xatlovdan o‘tkazilib, Konimex tumanida 10 ming 544 ta, Karmana tumanida 16 ming 300 ta, Nurota tumanida esa 4 ming 486 ta kadastr yig‘majildlari hujjatlari qayta tartiblashtirildi.
Matbuot anjumani so‘nggida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari