Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida “Navoiyazot” AJning 60 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi.
Shonli sana munosabati bilan so‘zga chiqqanlar kimyogarlar va soha vakillarini muborakbod etdi.
Ta’kidlanganidek, yurtimiz kimyo sanoati drayveri hisoblangan korxonada 25 dan ziyod asosiy va 20 dan ortiq yordamchi sexlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Hozirda 80 turdan ortiq kimyoviy mahsulot va mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan korxonaning yillik ishlab chiqarish hajmi 414,3 million dollarni tashkil etmoqda.
[gallery-20395]
– Joriy yilda davlat byudjetiga 617 milliard so‘m to‘lov amalga oshirilib, yillik daromad 5,9 trillion so‘m, eksport hajmi esa 103 million dollarni tashkil etmoqda, – deydi jamiyat boshqaruvi raisi Farrux Samadov. – Quvonarlisi, korxona xalqaro barqaror kredit reytingini qo‘lga kiritdi. Bu esa yangi loyihalar uchun keng imkoniyat eshiklarini ochdi. Eng muhimi, yurtimizdagi kimyoviy mahsulotlar hajmining 30 foizdan ortig‘ini ishlab chiqaradigan “Navoiyazot” AJ deyarli barcha sanoat, transport, qishloq xo‘jaligi, yoqilg‘i-energetika kompleksi ehtiyojlarini qoplaydi.
Korxonaning eksport imkoniyatlari ham yildan yilga ortib bormoqda. Jumladan, 2023 yilda eksport hajmi 55,5 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 69,3 million dollarga yetdi. Ayni paytda ammiak selitrasi, karbamid, PVX, suyuq xlor, ammoniy xloridi singari 20 ga yaqin mahsulot eksport qilinmoqda.
Tadbirda tizimda mehnat qilayotgan bir guruh faollarga viloyat hokimligi, “O‘zkimyosanoat” AJ, “Navoiyazot” AJning faxriy yorliqlari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari