“Navoiy yodi ila yashaymiz mudom”
Surxondaryo viloyatida buyuk shoir, atoqli davlat va jamoat arbobi Mir Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligiga bag‘ishlangan davra suhbati, uchrashuv, badiiy kecha va boshqa ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida tashkil etilgan adabiy-badiiy kecha “Navoiy yodi ila yashaymiz mudom”, deb nomlandi.

Oliy ta’lim muassasasining professor-o‘qituvchilari, adabiyotshunos olimlari, talaba-yoshlar ishtirok etgan tadbirda institut rektori Oybek Ro‘ziyev va boshqalar buyuk ajdodimizning o‘zbek milliy davlatchiligi, adabiyot, ma’naviyat va ma’rifat, tilshunoslik fanlari rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi haqida atroflicha so‘z yuritdi. Navoiy hazratlarining jamiyat va insoniyat oldidagi ulug‘ xizmatlari nafaqat o‘sha zamon, balki hozirgi davr hamda kelajakda ham o‘z qiymatini yo‘qotmasligi to‘g‘risida fikr almashdi.


– Buyuk bobomiz ijodida insonparvarlik, komillik, el-yurtga naf keltirish kabi ezgu g‘oyalar ilgari surilgan, – deydi Oybek Ro‘ziyev. – Bunday yuksak fazilatlarni oliy saodat, deb bilgan ul zot o‘lmas asarlarida komil inson, xalqparvarlik, millatlararo do‘stlik, tinchlik va osoyishtalikni keng tarannum etgan. Bu bebaho ma’naviy meros millat tarbiyasi, yoshlarni Vatanga sadoqat, milliy qadriyat va urf-odatlarimizga cheksiz hurmat ruhida tarbiyalashda muhim rol o‘ynashini barchamiz yaxshi bilamiz. Asrlar o‘tsa hamki g‘azal mulki sultonining asarlari o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmaydi. Aksincha, bebaho bu boylikka insoniyatda ma’naviy ehtiyoj oshib boraveradi.

Adabiy-badiiy kechada Alisher Navoiyning nafis g‘azal va ruboiylaridan namunalar o‘qildi. Asarlari asosida yaratilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri