Navoiy xalqaro aeroportining mintaqaviy logistika xabi sifatidagi salohiyati oshmoqda
Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov “Sun Aviation Pvt. Ltd.” kompaniyasi boshqaruvchi direktori Ravi Nayar bilan uchrashdi.
Hokimlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, muzokaralarda Navoiy–Dehli–Navoiy yo‘nalishida muntazam kargo qatnovlarini yo‘lga qo‘yish hamda Navoiy xalqaro aeroportining mintaqaviy logistika xabi sifatidagi salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Hozir mazkur yo‘nalish bo‘yicha dastlabki sinov partiyasi sifatida quruq meva mahsulotlari Hindistonga jo‘natildi. Dastlabki bosqichda haftasiga 7 ta havo kemasida yuk tashuvlarini amalga oshirish, keyinchalik esa yuk oqimini ko‘paytirib, kuniga 4 tagacha kargo reyslarini yo‘lga qo‘yish va barqaror yuk aylanmasini shakllantirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, aeroport hududidagi kargo xab negizida oziq-ovqat logistika klasteri tashkil etilib, go‘sht va boshqa mahsulotlarni saqlash, saralash hamda qadoqlash infratuzilmasi yo‘lga qo‘yiladi. Mahsulotlar sifatini saqlash maqsadida maxsus refrijeratorlar yordamida uzluksiz “sovuq logistika zanjiri” ta’minlanadi.
Muzokaralar davomida Hindistonning yetakchi farmatsevtika kompaniyalarini viloyatga jalb etish va hamkorlikda dori vositalari ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirishga ham alohida e’tibor qaratildi.
Yangi kargo yo‘lagi viloyatning tranzit salohiyatini oshirib, Navoiy xalqaro aeroportini mintaqaning yirik multimodal logistika markaziga aylantirishga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri