Yaqinda Navoiy xalqaro aeroportining ishdan bo‘shatilgan sobiq rahbarining e’tirozli chiqishlari ijtimoiy tarmoqlarda biroz trendga chiqdi.
Sobiq rahbar o‘zining noqonuniy bo‘shatilganligi, rahbarlik faoliyati davomida bir qancha ishlarni amalga oshirganligini bayon qilgan.
Odamlarda haqiqatdan nohaq bo‘shatilgan ekan degan tushunchani hosil qilish uchun sobiq rahbar ijtimoiy tarmoqlarda imkon qadar bong urmoqda.
Albatta bu mavzu barcha bilganlar qatori bizda ham qiziqish uyg‘otdi. Eshitgan qulog‘imizga ishonmasdan ushbu muammoni o‘rganish uchun Navoiy xalqaro aeroportida bo‘lib, vaziyatni joyida o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Eshitganlarimiz bilan ko‘rganlarimiz esa umuman tubdan farq qilmoqda. Vaziyat biz kutganchalik darajada emas. Aksincha, boshqa muammolar oyog‘imiz ostidan chiqa boshladi.
Biz kimnidir qoralash yoki kimnidir oqlash niyatida emasmiz. Vaziyatga xolisona ko‘z bilan nazar tashlaymiz. Aslida har kim ham e’tiroz bildirishga haqli zamonda yashayapmiz. Bu borada hamkasblarimizni ham nohaq deb aytolmaymiz, bunga haqqimiz ham yo‘q. Ularning ham o‘z pozitsiyasi bor.
Ko‘rganlarimiz, bilganlarimiz asnosida:
Navoiy xalqaro aeroporti Yoqilg‘i moylash materiallari xizmati sobiq rahbar tomonidan ko‘p bor tilga olingan. Bizning ko‘rganimiz eshitgan ta’rifdan esa o‘zgacha ekan. Jami 4200 tonnagacha yoqilg‘ini saqlashga mo‘ljallangan ushbu hudud bundan 10 yil oldin ta’mirlangan. Keyingi taqdiri esa biroz achinarli. Yong‘in xavfsizligi oxirigacha yetkazilmagan. Plastik trubalar o‘rnatish uchun ariqlar qazilgancha qolib ketgan. Eski metall trubalar chirigan holda atrof manzarasiga salbiy ko‘rinish berib turibdi.
Yo‘lovchilar perroni oldingi rahbar zamonidan qolgan axlatlardan tozalanmoqda.
Navoiy xalqaro aeroporti katta hajmdagi yuklarni ham qabul qila olishi bilan ham Respublikada o‘z o‘rniga ega. Ahamiyatga molik Yuk terminali necha yillardan buyon e’tiborga muhtoj ekan.
– Yog‘ingarchilik vaqtida yuk terminalimiz tomidan chakki o‘tadi, – dedi Yuk terminalining Omborlashtirish bo‘yicha rahbar o‘rinbosari Sherzod Burxonov. – Omborning yarmidan ko‘p joyini suv bosib ketadi. Shu vaqtlarda yuklarni uddalay olmay qolamiz. Ustiga selofan yopamiz. Yuk mashinalari kiradigan darvozalarimiz tez-tez buzilib qoladi. Ochilsa yopilmay, yopilsa ochilmay qolyapti. Bu muammoni bartaraf qilish kerak. Rahbarlarimizga ham bir necha marotaba murojaat qildik. Ammo hozircha natija yo‘q.
Keytiring xizmati uchun barcha sharoitlar muhayyo. Ammo bu xizmat yo‘lga qo‘yilmagan. Oziq-ovqat mahsuloti 3 km. uzoqlikdan ya’ni Zarafshon mehmonxonasidan keltirilar ekan. Bu esa bor imkoniyatdan foydalana olmaslikni anglatadi xolos.
Aeroportning barcha qulayliklarga ega 90 o‘rinli o‘z mehmonxonasi ham mavjud. Ammo ko‘pchilik orzu qiladigan bu mehmonxona mijozlarga muhtoj holda dam olib yotibdi. Mijozlarni jalb qilish ishlari va reklama xizmati yo‘lga qo‘yilmagan.
Ishlab chiqarish dispetcherlik xizmati pana joyda qolib ketgan. Aslida qoidaga binoan bu xizmat xodimlariga uchish-qo‘nish hududi ko‘rinib turishi kerak. Ammo necha yillardan buyon ushbu muammoga hech kim e’tibor bermagan.
Navoiy xalqaro aeroportida boshqaruv tizimi yillar davomida izdan chiqqan. Xodimlarning ijtimoiy himoyasi ham butunlay unutilgan. Har kim o‘z holicha ishlab kelmoqda. To‘g‘ri, oldingi rahbar tomonidan xodimlarga bir muncha erkinlik berilgan. Ammo xodimlar uchun yaratilishi lozim bo‘lgan qulayliklar butunlay unutilgan.
Salkam 800 nafar xodim faoliyat ko‘rsatadigan katta bir korxonada xodimlar uchun sharoit yaratilmaganing guvohi bo‘ldik. Xonalar yillar davomida rahbarlar ko‘zidan pana joyda ta’mirga muhtoj bo‘lib qolgan. Yangi rahbar ham ishni avvalo xodimlarga qulayliklar yaratishdan boshladi. Aniqrog‘i, Navoiy xalqaro aeroportiga yangi qon va toza havo kirib kelmoqda.
Xalqaro aeroport nomini eshitganda barcha qulayliklarga ega zamonaviy binolar ko‘z oldimizda gavdalanadi. Aslida ham shunday bo‘lishi kerak emasmi?
Yana bir tushunarsiz holatning guvohi bo‘ldikki, o‘zining nohaq bo‘shatilganini iddoa qilayotgan sobiq rahbar aslida asosiy nomzod tanlab olinguniga qadar vaqtincha vazifa bajaruvchi sifatida ishga olingan ekan. Mehnat kodeksi bo‘yicha ham olib qaraganda sobiq rahbarning lavozimidan ozod etilishida hech qanday qonun buzilish alomatlari topilmadi.
Xulosa o‘rnida aytishimiz mumkinki, vaziyatga xolisona yondashdik. To‘g‘ri, demokratik tamoyillarga tayanadigan bo‘lsak, har kim fikr va e’tiroz bildirishga haqlidir. Ammo bu – butun 790 nafarlik katta jamoa nomidan gapirishga haqli degani emas. Sobiq rahbar Navoiy xalqaro aeroporti xodimlari ham o‘zining bo‘shatilishga qarshi ekanligini bayon qilgan edi. Ammo xodimlar bilan o‘zaro suhbatlashishimiz asnosida sobiq rahbarning iddolaridan haqiqat topa olmadik. Uning e’tirozlarini cho‘kayotgan odamning xasga tirmashishiga o‘xshatdik, xolos.
Sh.OTABOEV, O‘zA