Navoiy xalqaro aeroportida yangi yuk aviareysi yo‘lga qo‘yildi
Navoiy xalqaro aeroporti orqali hududning logistika salohiyatini oshirishga qaratilgan yangi xalqaro yuk aviareysi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu muhim qadam viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish va ta’minot zanjirlarini mustahkamlashda katta ahamiyatga ega.
Yangi reys Dehli – Navoiy yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirildi. Parvoz Airbus A300 yuk samolyotida Airspeed Charter aviakompaniyasi tomonidan amalga oshirildi. Ilk tashuv doirasida 42 tonna muzlatilgan go‘sht mahsulotlari olib kelindi. Bu esa ichki bozorni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, yangi yuk yo‘nalishining yo‘lga qo‘yilishi logistika xizmatlarini yanada rivojlantiradi. Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, aholini barqaror mahsulotlar bilan ta’minlash hamda ta’minot zanjirlarining uzluksiz ishlashini ta’minlashga xizmat qiladi.

Kelgusida bunday reyslar sonining oshishi orqali eksport-import hajmini kengaytirish va yangi xalqaro hamkorliklarni yo‘lga qo‘yish kutilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri