Navoiy xabarlari - qisqa satrlarda
Kasaba uyushmalari “Yashil makon” umummilliy loyihasida
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyati Kengashi tasarrufidagi “Ishonch” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida federatsiyaning viloyat Kengashi rahbariyati va xodimlari, tarmoqlar bo‘yicha Kengash raislari, sohalar bo‘yicha mas’ul tashkilotchilar, birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi hamda kasaba uyushmasi faollari mingdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Shuningdek, tashabbus doirasida viloyatdagi mingdan ortiq kasaba uyushmalari tashkilotlari o‘z korxona va tashkilotlarida, ariq bo‘ylarida qabriston va ziyoratgohlarda “yashil makon” tashkil qilishda faol ishtirok etishmoqda.
Bunday xayrli ishlar 2021 yil noyabr-dekabr va 2022 yilning bahor oylarida ham davom ettiriladi.
Dekanlar o‘rinbosarlari o‘zaro fikr almashdi

Navoiy davlat pedagogika institutida Buxoro va Navoiy viloyatidagi 10 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari fakultetlari dekanlarining , Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosarlari o‘quv seminari bo‘lib o‘tmoqda.
Unda yaqinda joriy etilgan tyuterlarni yoshlar bilan ishlashda yangicha metodlarini amaliyotga joriy etish, talabalar muammolari, taklif va tashabbuslarini o‘rganish, tyuterlarga yuklatilgan vazifalarni to‘laqonli bajarishda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar to‘g‘risida ma’lumotlar berilmoqda. Ishtirokchilar sho‘’balarga bo‘lingan holda kun tartibidagi masalalarni muhokama qilib, takliflarni umumlashtirmoqda.
Shuningdek, seminar ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublkasi Prezidentining “Taraqqiyot strategiyasi” kitobining mazmun-mohiyati, mahalla, ta’lim muassasasi va oila hamkorligini tashkil etishning yangicha yondashuvlari haqida tushunchalar berilmoqda.
“Sudlarga murojaat qilish bo‘yicha namunalar to‘plami” tayyorlandi
Jismoniy va yuridik shaxslarning sudga murojaat qilishlarini osonlashtirish va bu borada ularga har taraflama qulaylik yaratish maqsadida Zarafshon shahar sudlari tashabbusi bilan shahar hokimligi hamkorligida “Sudlarga murojaat qilish bo‘yicha namunalar to‘plami” hududdagi barcha mahalla fuqarolar yig‘inlariga topshirildi.
Ushbu to‘plamda fuqarolik va iqtisodiy ishlar hamda ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga oid ma’muriy ishlar bo‘yicha sudga murojaat qilish uchun da’vo arizalarining namunalari hamda Navoiy viloyatidagi barcha sudlarning manzillari, xizmat telefon raqamlari ro‘yxati joylashtirilgan.
Hazrat Mavlono Orif Deggaroniyning ma’naviy merosi

Viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi binosida viloyat Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi tashabbusi bilan “Hazrat Mavlono Orif Deggaroniyning ma’naviy merosi” mavzusida viloyat seminari bo‘lib o‘tdi.
Seminar davomida Navoiy davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi Anvar Qandaxorovning “Buyuk valiy, ulug‘ alloma, atoqli tarbiyachi Hazrat Mavlono Orif Deggaroniy hayoti va faoliyati haqida” kitobi taqdimoti ham o‘tkazildi.
Tadbir ko‘tarinki ruhda hamda savol-javoblarga boy tarzda bo‘lib o‘tdi.
Uyushmagan yoshlar mini futbolda kuch sinashdi

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 5 noyabrdagi “Yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va «workout» sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Nurota tuman markazidagi sun’iy qoplamali futbol maydonida "Yangi O‘zbekiston yoshlarimiz!" shiori ostida yoshlar oyligi doirasida 18-30 yoshdagi uyushmagan yoshlar o‘rtasida sportning “Mini futbol” turi bo‘yicha tuman birinchiligi bo‘lib o‘tdi.
Murosasiz o‘tgan bahslarda 1- o‘rinni “Yangihayot” MFY, 2-o‘rinni “Yangiturmush” MFY va 3-o‘rinni A.Temur MFY jamoasi qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilarning “Diplom” va estalik sovg‘alari topshirildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA