Navoiy viloyatidagi ilk tayanch maktab
Navoiy shahridagi 8-sonli umumta’lim maktabi negizida informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan tayanch maktabi tashkil etildi.
Ushbu maktab Prezidentimizning 2020 yil 6 oktyabrdagi “Axborot texnologiyalari sohasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan.
Ochilish marosimida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Jamol Maqsudov so‘zga chiqib, bugungi kunda axborot texnologiyalari sohasidagi kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish “Raqamli O‘zbekiston - 2030” strategiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirish, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish va aholining kundalik hayotiga keng joriy etishni ta’minlashning muhim shartlaridan biri ekanligi, axborot texnologiyalari sohasidagi kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash tizimining samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar davlat organlari va tarmoq tashkilotlarini malakali IT-mutaxassislar bilan ta’minlash uchun mustahkam zamin yaratayotganini ta’kidladi.

“Elektro-magnit moslashuv markazi” DUK hamda Davlat feldegerlik xizmati homiyligida maktab zamonaviy dizayn asosida ta’mirlandi va eng so‘nggi kompyuter jihozlari bilan ta’minlandi.
Mazkur ixtisoslashtirilgan maktabga o‘quvchilar 5-sinfdan qabul qilinishi belgilangan bo‘lib, hozirda 60 nafar o‘quvchi saralab olingan va ta’lim olmoqda.
Tadbirda “Bir million dasturchi” loyihasida faol ishtirok etib respublikaning TOP-100 taligiga kirgan 25 nafar o‘qituvchi hamda 11 nafar yaxshi natija ko‘rsatgan o‘quvchilar sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Shu yo‘nalishdagi maktablar 2023 yilga qadar viloyatning barcha tuman va shaharlarida ochilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash kerakki, respublikaning barcha shahar va tumanlarining raqamli rivojlanish darajasini reytingli baholash natijalariga ko‘ra, Navoiy shahri 89,3 ball bilan birinchi o‘rinni egallagan.
Abduvali BO‘RIEV, O‘zA