O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun dunyoda sayyohlik markazlaridan biri sanaladi. Mamlakatimizda o‘tmishning turli davrlariga xos noyob tarixiy, me’moriy obidalar mavjud bo‘lib, qadimiy shaharlardagi zamonaviy me’morchilik o‘tgan asrlardagi yodgorliklarimiz bilan uyg‘unlashgan.
O‘z navbatida Navoiy viloyatidagi qadimiy madaniy meros ob’ektlari va turizm maskanlari ham yildan yilga sayyohlar e’tiborini tortib kelmoqda.
Bunga mamlakatimizda olib borilayotgan ochiqlik va yaqin qo‘shnichilik siyosati, viza rejimining yengillashtirilishi, turizm va yondosh sohalarga bojxona, soliq imtiyozlari hamda ssuda, grant va subsidiyalarning ajratilishi, transport logistika tizimining rivojlanishi, joylarda infratuzilmaning yaratilishi muhim omil bo‘lmoqda.
Ma’lumotlariga ko‘ra, yakuniga yetgan 2023 yilda viloyatga 158 ming nafar xorijiy sayyoh, 1 million 406,4 ming nafar mahalliy sayyoh kelgan.

– 2023 yil tom ma’noda viloyatimizda turizm tarmog‘i rivojlangan yil bo‘ldi deyish mumkin, – deydi viloyat Turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilshod Xo‘jayev. – Xususan, Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida YUNESKO Jahon merosi qo‘mitasining yig‘ilishida Buyuk Ipak yo‘lining Zarafshon – Qoraqum koridori Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilganligi, ro‘yxatga Navoiy viloyatidan ilk marotaba 5 ta ob’ekt kiritilganligi quvonarlidir. Bundan tashqari, 16-20 oktyabr kunlari Samarqandda o‘tgan Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambliyasining 25-sessiyasida “Best tourism village”, ya’ni 2023 yilning “Eng yaxshi turizm qishlog‘i” nominatsiyasida Nurota tumanidagi Sentob qishlog‘i birinchi o‘ringa munosib ko‘rildi. Sentob qishlog‘ining mazkur nominatsiyada g‘olib deb topilishi, shubhasiz, sohadagi islohotlar samarasidir.
Keyingi yillarda turizm xizmatlari eksporti ham ortib bormoqda. Jumladan, 2023 yil yakuni bo‘yicha 39,7 million AQSH dollari miqdorida turizm xizmati eksporti amalga oshirildi.
2023 yilda umumiy qiymati 138 milliard so‘mlik 44 ta loyiha ishga tushirilib, ular hisobiga 431 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Natijada viloyatdagi mehmonxona va oilaviy mehmon uylari soni 210 taga, ulardagi o‘rinlar soni esa 6227 taga yetkazildi. O‘tgan yil davomida 24 ta yangi turkompaniya faoliyati yo‘lga qo‘yilib, hozir ular soni 49 tani tashkil etmoqda.
Turizm sohasida erishilayotgan yutuqlar zamirida viloyatda infratuzilmaning bosqichma-bosqich rivojlantirilayotganligi asosiy mezonlardan biri, desak xato bo‘lmaydi. Yakunlangan yilda 96 milliard so‘m mablag‘ hisobidan viloyatdagi turizm ob’ektlariga olib boruvchi 44,3 km yo‘l-transport infratuzilmasi yaxshilandi. Navoiy shahrida turizm va gastronomik ko‘chasi tashkil qilindi. Sarmishsoy davlat muzey qo‘riqxonasida kirish darvozasi, avtoturargoh, LED lampalar, sanitariya-gigiyena shoxobchalari, piyodalar yo‘lakchasi, ayvonlar, o‘rindiqlar tashkil etilib, turizm va yondosh infratuzilmalari yaxshilandi.

Bugungi kunda viloyatning Xatirchi tumanida ham turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Langar qishlog‘i hamda Oltinsoy hududida bu borada manzilli chora-tadbirlar belgilanib, “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan.
Tumanga 2023 yil davomida 184 ming nafar mahalliy, 8 ming nafar xorijiy sayyohlar kelgan bo‘lsa, birgina Langar qishlog‘iga 80 ming nafardan ziyod mahalliy, 2 ming nafar xorijiy sayyoh tashrifi kuzatilgan.
Langar qishlog‘i tuman markazidan 50 km uzoqlikda, baland tog‘lar orasida joylashgan. Har doim qishloqning tabiati, toza havosi, milliy taomlari va qishloq hayoti mahalliy va xorijiy sayyohlar e’tiborini tortib kelgan.
– Qishloqda 20 ta oilaviy mehmon uyi, 3 ta dam olish maskani hamda 15 turdagi turizm xizmatlari tashkil etilib, 200 ga yaqin ishsiz aholi, xotin-qizlar doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘ldi, – deydi Turizm boshqarmasi bosh mutaxassisi Hilola Xudoyberdiyeva. – Bugungi kunda qishloqda 20 dan ortiq tadbirkorlik sub’ekti mavjud. Bu yerda sayyohlar uchun gid, etnik animatsion, folklor ijrochiligi, hunarmandchilik, milliy taomlar tayyorlovchi gastro xonadonlar, uy muzeylari, ot hamda eshaklarda sayr, agroturizm kabi xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, diqqatga sazovor joylardan eski qo‘rg‘on qoldiqlari, Talizar qal’asi, qadimiy g‘orlar, Langar maqbarasi, Oqsuv sharsharasi,Langarsoy mavsum davomida tashrif buyuruvchi sayyohlarning eng sevimli maskanidir. Kelgusida Langar qishlog‘ida “Turizm qishlog‘i” talablariga muvofiq joylashtirish vositalari sonini oshirish, yangi xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish va ekstremal turizmni rivojlantirish va bu orqali mahalliy va xorijiy sayyohlar sonini yanada ko‘paytirish rejalashtirilgan.
[gallery-16041]
Joriy yilda ham viloyatning turizm salohiyatidan oqilona foydalangan holda tizimni yanada rivojlantirish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish orqali aholi daromadlarini oshirish, turmush tarzini yaxshilash ko‘zda tutilgan. Buning uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat),
O‘zA muxbirlari