Navoiy viloyatida chigit ekish davom etmoqda
Kamoliddin aka Samandarovning asli kasbi injener-mexanik. U 2015-yilda Karmana tumanida “Firdavsbek - Marjona” fermer xo‘jaligini tashkil etgan.
Otasi Murodqul bobo Samandarovni qishloq xo‘jaligi xodimlari “Qishloq xo‘jaligining piri”, deyishadi. U kishi uzoq yillar davomida viloyatda qishloq xo‘jaligi tizimida turli lavozimlarda mehnat qildi. Izlanishlar olib borib, “Qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi” ilmiy darajasini oldi.
Kamoliddin aka ham otasining o‘gitlari va ko‘rsatmalariga amal qilib kam bo‘lmadi. O‘tgan yillar davomida g‘allachilik va paxtachilikdan mo‘l hosil yetishtirib, mo‘maygina daromad olib kelmoqda.
Hozirda fermer xo‘jaligining 58 gektar yer maydoni mavjud. Uning 30 gektarida paxta, 28 gektarida esa g‘alla yetishtiriladi. Mavjud maydonlarga 8 nafar doimiy, 21 nafar mavsumiy ishchilar xizmat ko‘rsatadi.
– O‘tgan yili g‘alladan gektaridan o‘rtacha 80 sentner, paxtadan esa 47 sentnerdan hosil olgan edik, – deydi fermer Kamoliddin Samandarov. – Paxtaning S-1 navini ekdik. Bu nav mahalliylashtirilgan, suvsizlikka chidamli, o‘g‘itlarni tez o‘zlashtiradi. Bu yil ham shu navni ekyapmiz. Yerlarimiz obi-tobiga kelgan. Namgarchiligi me’yorda. Ikki kunda ekish mavsumini tugatishni rejalashtirganmiz. Bizning hudud 3-sektorga qaraydi. Tuman IIB boshlig‘i Akmal Abduraimov tez-tez kelib muammolarimiz bilan qiziqadi. Ularni imkon qadar ijobiy hal etilishiga ko‘maklashadi. Bugun ertalab ham kelib, chigit ekish jarayonini kuzatib, qanaqa yordam kerak bo‘lsa, tayyorligini bildirdi.
Mutaxassislarning fikricha, chigit belgilangan muddatlarda ekilsa ertagi, bir tekis va sog‘lom ko‘chat olinadi. Bunga urug‘ yumshoq, nam va harorati yetarli bo‘lgan tuproqqa qadalganida erishiladi. Chigitni muddatidan oldin yoki kech ekish kutilgan natijani bermaydi. Tuproq harorati 13-14 darajaga yetganida 10 santimetr chuqurlikka chigit qadalsa, urug‘ qisqa kunlarda ko‘tarilishni boshlaydi. Tuksiz chigit tukliga nisbatan 5-6 kun kechroq ekiladi.
Bugungi kun fermeri kam xarajat qilib, ko‘proq hosil olishni istaydi.
K.Samandarov ham sohada amalga oshirilayotgan har bir yangilikdan unumli foydalanayotgan fermerlardan biri. U 2021-yildan buyon suvdan oqilona foydalanish maqsadida 30 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalardan foydalanib keladi. Fermerning ta’kidlashicha, birgina o‘tgan yilda 420 million so‘m sof foyda olgan.
– 2021-yilda 1 milliard 150 million so‘m kredit olib, suv tejovchi uskunalardan foydalana boshladim, – deydi fermer. – 21 foizlik kreditning 5 foizi maxsus jamg‘armadan qoplab berildi. Shuningdek, har bir gektar maydonga 8 million so‘mdan subsidiya ajratildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, egatlab sug‘orish jarayonida bir gektar g‘o‘za uchun taxminan 5 ming metr kub suv, 650 kilo azot, 150 kilo fosfor, 100 kilo kaliy ishlatiladi va mineral o‘g‘itlarning 25-30 foizini o‘simlik o‘zlashtiradi. Qolgan qismi esa havoga bug‘lanadi va suv bilan birga tashlamaga hamda yer osti sizot suvlariga chiqib ketadi. Suv tejovchi uskunalarning joriy etilishi esa mineral o‘g‘itlar sarfini ham 50 foizgacha qisqartirish imkonini beradi. Shuningdek, begona o‘tlar qo‘shimcha oziqlantirilmaganligi va ularning urug‘i pishib yetilmaganligi sababli maydon bo‘ylab tarqalishi kuzatilmaydi. Tomchilatib sug‘orish tizimining joriy etilishi natijasida suv va mineral o‘g‘itlar bilan ishlov berishdan tashqari boshqa resurslar ham tejaladi. Jumladan, dalani sug‘orishga tayyorlash, suvni boshqarish va egatlar orasida nazorat qilib yurish shart emas. Dala kultivatsiya qilinmaydi va o‘q ariq olinmaydi. Odatdagi usulda dalaga traktor 25-30 marta kirsa, tomchilatib sug‘orilganda tuproq qotib ketmasligi va o‘g‘it suv bilan berilganligi bois 6-7 marta kiradi xolos. Natijada mavsum davomida har gektar maydondan 50-60 foizgacha dizel yoqilg‘isi tejaladi. Shuningdek, mehnat unumdorligi oshib, ishchilar soni qisqaradi va ish haqi xarajatlari iqtisod qilinadi.
[gallery-16850]
Albatta, bugungi kunda suvdan oqilona foydalanish dolzarb masalalardan biridir. Fermer dalasi hududidan o‘tgan 650 metr uzunlikdagi suv arig‘ini betonlashtirdi. Bu ham suvning isrof bo‘lishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarning biridir. Bu yil Navoiy viloyatida paxta hosili uchun 847 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 28 ming 155 gektar maydonga chigit ekilib, 112, ming tonna paxta xom ashyosi yetishtirish rejalashtirilgan. Ayni paytda chigitning “Buxoro-6”, “Buxoro-10”, “Buxoro-102”, “Sulton”, “S-01”, “Livzara” va “Elezi” navlari ekilmoqda.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari