Keyingi yillarda yurtimizda eskirgan va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan normalarni bekor qilish, ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni bartaraf etish, eng avvalo tadbirkorlik faoliyatiga nisbatan tartibga solish yukini kamaytirish, normativ-huquqiy bazaning tizimliligi va kompleksliligini ta’minlash maqsadida aniq chora-tadbirlar belgilanmoqda.
Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27 sentyabrdagi “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni dasturilamal vazifasini o‘tamoqda.
Navoiy viloyatida ham adliya boshqarmasi tomonidan eskirgan va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan normativ-huquqiy hujjatlarni aniqlash maqsadida xatlov o‘tkazilib, viloyatda 212 ta hujjat o‘z ahamiyatini yo‘qotganligi aniqlandi.
– Viloyatdagi ana shunday hujjatlardan biri Navoiy viloyat hokimining 2003 yil 3 yanvardagi "Viloyat hokimligi huzurida mintaqaviy lotoreyalarni tashkil etish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan xo‘jalik hisobidagi boshqarma tuzish to‘g‘risida"gi Q-1-son qaroridir, – deydi Adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Jahongir Narbayev. – Uning qabul qilinganiga qariyb 18 yil bo‘ldi. Tabiiyki, unda belgilangan vazifalar bugungi kun talabiga mob emas. Biz xatlov jarayonida hujjatlarning dolzarbligi, hozirgi kundagi ahamiyatiga ko‘ra tahlil etdik va takliflarimiz inobatga olindi.
Xatlov natijasida aniqlangan 212 ta eskirgan va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan normativ-huquqiy hujjat to‘g‘risida xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasida tegishli qaror qabul qilindi. Natijada mazkur hujjatlar Kengashning 2021 yil 20 maydagi “Navoiy viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq endilikda viloyat hayotida ahamiyatga ega emas deb hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, Adliya vazirligi tomonidan 2020 yilda manfaatdor idoralar bilan birgalikda o‘tkazilgan xatlovda respublika bo‘yicha 2,5 mingga yaqin eskirgan va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan normativ-huquqiy hujjatlar aniqlangan edi. Shundan 498 tasi 1990-2018 yillar oralig‘ida Prezident tomonidan imzolangan hujjatlardir.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA