Navoiy viloyatida 1-sinflarga 22 ming 35 nafar o‘quvchi qabul qilindi
Bugun yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalarida birinchi qo‘ng‘iroq sadolari ostida yangi o‘quv yili boshlandi.
Joriy yilda Navoiy viloyatidagi 367 ta umumta’lim maktablarida ham “Bilimlar kuni” tadbirlari o‘tkazilib, 1-sinfga 22 ming 35 nafar o‘quvchi qabul qilindi.
Viloyat hokimi Normat Tursunov Navoiy shahridagi 19-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirida ishtirok etdi va davlatimiz rahbarining mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
Tabrikda ta’kidlanganidek, “...Keyingi yillarda ta’lim-tarbiya sohasida amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlarimiz tufayli Yangi O‘zbekiston maktablari butunlay yangicha qiyofa kasb etib, ta’lim sifati takomillashib borayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz.
Ana shunday muhitda ulg‘ayib, kamolga yetayotgan, o‘qish, kasbiy ta’lim, “Ay-ti”, ijodiy izlanishlar, sport, jamoat ishlarida dastlabki yutuqlari bilan ota-onalar va ustozlarni xursand qilayotgan o‘g‘il-qizlarimiz – bizning nurli kelajagimiz, oltin fondimizdir.
[gallery-31208]
Bunday bilimli, zukko, tirishqoq va intiluvchan, saflari yil sayin kengayib borayotgan farzandlarimiz timsolida biz Uchinchi Renessans nihollarini ko‘ramiz. Ularning har birini gurkirab o‘sadigan azim daraxt, yorug‘ istiqbolimiz ustunlari etib tarbiyalash – muqaddas vazifamizdir”.
Joriy yilda viloyatda ta’lim muassasalari infratuzilmasini yaxshilash, jihozlar va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun jami 179 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Jumladan, 60 ta umumta’lim maktabida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi natijasida 6 ming 200 ta o‘quvchi o‘rni yangidan yaratilgan bo‘lsa, 16 ming 806 ta mavjud o‘quvchi o‘rni mukammal ta’mirlanishiga 146 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Buning natijasida 2,5 va 3 koeffitsiyentda ishlaydigan maktablar to‘liq tugatildi. Maktablarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida respublika va mahalliy byudjetning 9 milliard so‘m mablag‘lari hisobidan 1033 dona kompyuter, 74 dona elektron doska olib berildi.
– Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida maktabimizning 810 o‘rinli qo‘shimcha binosi qurib, foydalanishga topshirildi, – deydi maktab direktori Dilshod Bobonazarov. – Ayni paytda maktabimizda 1923 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda. Ularga 194 nafar pedagog saboq bermoqda. O‘qituvchilar tarkibining salohiyati ham yuqori bo‘lib, jamoada 5 nafar fan doktori va nomzodlari, 38 nafar oliy toifali, 62 nafar birinchi toifali hamda 74 nafar ikkinchi toifali o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Bu esa ta’lim jarayonini malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, o‘quvchilarga chuqur va sifatli bilim berish uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Joriy yilda 209 nafar 11-sinf bitiruvchisining 136 nafari davlat, 44 nafari esa xususiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. 15 nafar o‘quvchimiz muddatidan oldin talaba bo‘lish imkoniyatiga erishgan bo‘lsa, 4 nafar o‘quvchimiz grant asosida AQSHdagi, 1 nafari esa Turkiyadagi nufuzli universitetga o‘qishga qabul qilindi.
Viloyatdagi barcha ta’lim muassasalariga qadam qo‘ygan birinchi sinf o‘quvchilariga o‘quv qurollaridan iborat Prezident sovg‘alari topshirildi va darslar “Kelajak soati” mashg‘ulotlari bilan boshlandi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat),
O‘zA muxbirlari