Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
2026-2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida Nurota tumanidagi Nurobod va Nurfaxr mahallalari hududidan o‘tuvchi diametri 159 mm, uzunligi 1,8 kilometr bo‘lgan gaz quvurida rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.
Mazkur ishlar gaz tarmog‘ining texnik holatini yaxshilash, uning ishonchli va barqaror ishlashini ta’minlash, shuningdek, iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berish sifatini oshirish maqsadida bajarildi.

Amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlari natijasida 2 697 ta xonadonning tabiiy gaz ta’minoti yaxshilandi.
***
Navbahor tumanidagi Qizilrabot mahallasida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Mahalla ahli ishtirokida tashkil etilgan bayram tadbirida konsert dasturi va milliy xalq o‘yinlari namoyish etilib, kuy-qo‘shiqlar va badiiy chiqishlar orqali barchaga xush kayfiyat ulashildi.
***
Navoiy shahrida oila va xotin-qizlar tizimi xodimlari o‘rtasida huquqiy “Zakovat” intellektual o‘yinining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Qiziqarli va mushohadaga boy tarzda o‘tgan bellashuv yakuniga ko‘ra, Navoiy shahar jamoasi 1-o‘rinni egalladi va intellektual o‘yinining respublika bosqichida Navoiy viloyati sharafini himoya qiladigan bo‘ldi. Shuningdek, bellashuvda 2-o‘rinni Qiziltepa tumani, 3-o‘rinni esa Nurota tumani jamoasi qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindor jamoalar, shuningdek, faol ishtirokchilar diplom, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
***
Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tizimidagi mehnat jamoalari o‘rtasida shaxmat musobaqasi tashkil etildi.

Musobaqada xodimlar o‘zlarining nafaqat sport mahorati, balki zukkolik, mantiqiy fikrlash va strategik yondashuvlarini ham namoyon etdilar.
Musobaqa yakuniga ko‘ra, 1-o‘rinni Xatirchi tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi mutaxassisi Mehriddin Abdullayev, 2-o‘rinni Meliorativ ekspeditsiya mutaxassisi Ubaydullo Rahimov va 3-o‘rinni “Navoiysuvqurilishinvest” davlat muassasasi mutaxassisi Erkin Turdiyev qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
A. Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri