Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Navbahor tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan 3-son umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Davraga kel, dugonajon” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Unda ishtirokchilarga ijod va hunarmandchilik sir-asrorlari haqida qiziqarli ma’lumotlar berildi.
Keksa onaxonlar yoshlarga o‘z hayotiy tajribalarini so‘zlab berishdi va ularni kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha tavsiyalarini berdi.
Mazkur tadbir yosh qizlarning barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishlari, ularning iste’dod va salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda jamiyatda munosib o‘rin egallashlariga xizmat qiladigan muhim ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlardan biri bo‘ldi.



***
Nurota tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi tashabbusi bilan “Soykechar” oilaviy shifokor punktida xotin-qizlar uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Unda tuman tibbiyot birlashmasining malakali mutaxassislari tomonidan akusher-ginekolog, terapevt, UZI va EKG tekshiruvlari o‘tkazildi.
Tibbiy ko‘rikda 145 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 72 ta kasallik holati aniqlandi. Shundan 4 nafar bemorga statsionar, 65 nafariga ambulator davolanish tavsiya etildi, qolgan fuqarolarga tegishli tavsiyalar berildi.
Shuningdek, uy sharoitida davolanayotgan nogironligi bo‘lgan va yotoq holatidagi bemorlar holidan ham xabar olinib, zarur tibbiy tavsiyalar berildi.

***
Navoiy shahar 1-son sport maktabida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida xalq o‘yinlari sport turi bo‘yicha viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada viloyatning barcha shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan 16-30 yoshdagi iqtidorli yigit-qizlar ishtirok etib, o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi va mahoratini namoyish etdi.

Ishtirokchilar tosh ko‘tarish, arqon tortish, arqonda sakrash, armrestling, mas-resling yo‘nalishlarda o‘zaro bellashdi.
Yakunda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, ular tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri