Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
“ZARAFSHAN GOLDEN GROUP” kompaniyasi hamda Hindistonning yetakchi tibbiyot muassasalaridan biri – “Apollo Hospitals – International” kompaniyasi o‘rtasida tibbiyot sohasida strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida bir qator muhim masalalar muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida onkologiya, kardiologiya va qandli diabet kasalliklarini zamonaviy tibbiy standartlar asosida davolash, yuqori texnologik operatsiyalarni O‘zbekistonda amalga oshirish hamda xalqaro talablarga javob beradigan zamonaviy klinika tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.
Shuningdek, tibbiyot sohasiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, tibbiy xizmat sifati va aholiga ko‘rsatiladigan zamonaviy diagnostika hamda davolash imkoniyatlarini kengaytirish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.





***
Navoiyda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida 30 yoshdan yuqori aholi o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Mahalla ligasi” sport musobaqasi boshlandi.
Navoiy olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, viloyat Sport boshqarmasi boshlig‘i Jasur Murtozayev, mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasi, viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi vakillari, nuroniylar, mahallalar faollari, murabbiylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Mazkur musobaqalar mahallalardagi 30 yoshdan yuqori bo‘lgan aholi o‘rtasida sportning mini-futbol, voleybol, stol tennisi, stritbol, vorkaut, shaxmat-shashka turlari bo‘yicha uch bosqichda bo‘lib o‘tadi.





***
Voleybol bo‘yicha “Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi birinchiligi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Shaxsiy tarkib orasida sportni rivojlantirish, yuqori kasbiy malakaga ega va jismonan baquvvat xodimlarni tayyorlash maqsadida Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va uning quyi tizimlari shaxsiy tarkibi o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqa qizg‘in va murosasiz bahslarga boy bo‘ldi.



Yakunda 1-o‘rinni Konimex tumani FVB 4-KQQ jamoasi, 2-o‘rinni Xatirchi tumani FVB 13-KQQ jamoasi va 3-o‘rinni Navoiy shahar FVB 1-QQ jamoasi egalladi.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri