Navoiy shahridagi 23-umumta’lim maktabida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda Abdulla Qodiriy nomidagi viloyat Axborot-kutubxona markazi hamkorligida Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Unda Turkiston ijtimoiy-siyosiy harakatining eng yirik namoyandasi, yangi davr o‘zbek madaniyatining asoschisi Behbudiy hayoti va faoliyati, asarlarida ilgari surilgan ma’rifatparvar g‘oyalar haqida so‘z yuritildi.


Tadbir davomida o‘quvchilar jadidchilar hayot va faoliyatiga doir tezkor savollarga javob berdi.
***
Uchquduq tumanidagi “Kelajak” yoshlar markazida “Sektor rahbari va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.

Unda tuman IIB boshlig‘i, 3-sektor rahbari Anvar Radjapov, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, probatsiya ro‘yxatida turuvchi yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda yoshlarni qiynayotgan muammolarni tezkor hal etish, ularning taklif va tashabbuslarini o‘rganib, ularga amaliy ko‘mak berish, yoshlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida qilinayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.

Tadbirda yoshlar tomonidan 20 ga yaqin murojaat va takliflar bildirilib, ishga kirish bilan bog‘liq 11 ta masala joyida hal etildi. O‘rganish va vaqt talab etadigan 6 ta murojaat nazoratga olinib, qolganlariga huquqiy tushunchalar berildi.
***
Navbahor tumani hokimligi, viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi tashabbusi bilan Beshrabod mahallasida joylashgan 11-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida aholi, xususan, ishsiz yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida “Bo‘sh ish o‘rinlari” mehnat yarmarkasi tashkil etildi.

Unda tumandagi 87 ta tashkilot, korxona va muassasalar o‘zlarida mavjud bo‘lgan 255 ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Shuningdek, 30 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari ishlab chiqargan mahsulotlari va loyihalari bilan qatnashdi.

Tadbir davomida 24 nafar fuqaroga doimiy ish o‘rniga joylashish uchun yo‘llanmalar berilgan bo‘lsa, 9 nafar xotin-qiz kasbiy-ko‘nikmalar markazida kasb-hunarga o‘qishga jalb etildi.

Tadbirda tijorat banklari tomonidan “Loyihalar yarmarkasi” o‘tkazilib, bir qator loyihalar taqdim etildi.
***
Navoiy shahrida yakka kurash turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida 2024 yil yakunlariga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.

Unda yakunlangan yilda amalga oshirilgan ishlar va joriy yilda belgilangan ustuvor vazifalar haqida so‘z yuritildi.
Ayni paytda ushbu sport maktabida 82 nafar mahoratli murabbiy 1200 nafarga yaqin yosh sportchiga ta’lim bermoqda.

O‘tgan yilda maktab tarbiyalanuvchilari O‘zbekiston chempionati va kuboklarida 119 ta, Osiyo chempionatida 8 ta, Jahon chempionatida esa 6 ta medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, 16 nafar sportchi “Sport ustasi”, 4 nafar sportchi esa “Xalqaro toifadagi sport ustasi” unvonini oldi.

Tadbir so‘nggida 2024 yilda yuqori natijalar ko‘rsatgan sportchilarning murabbiylari va ota-onalariga “Tashakkurnoma” hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
***
Navoiy shahridagi Sport saroyida Navoiy kon-metallurgiya kombinati tizimidagi korxonalar ishchi-xodimlari o‘rtasida sportning voleybol turi bo‘yicha “Qizilqum” kon boshqarmasi 1-gidrometallurgiya zavodining 60 yilligiga bag‘ishlab “1-GMZ 60 yilligi kubogi” turniri o‘tkazildi.

3-kasaba uyushmasi qo‘mitasi hamda Yoshlar yetakchilari Kengashi tomonidan tashkil etilgan musobaqada 10 ta jamoa ishtirok etdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Navoiy mashinasozlik zavodi jamoasi kubok sohibiga aylandi. “Qizilqum” kon boshqarmasi jamoasi 2- hamda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti jamoasi 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri