Navoiy asarlarida eng ko‘p ta’riflangan shaxslardan biri – Husayn Boyqaro. Chunki uning Navoiy ijodi va faoliyatiga ham podshoh, ham do‘st, ham qalam sohibi sifatida ta’siri juda katta bo‘lgan. Ikki tarixiy shaxs o‘rtasidagi munosabatlar haqida yanada ko‘proq ma’lumot olish uchun bir necha yillardan beri Navoiy zamondoshlari haqida ilmiy izlanishlar olib borayotgan yosh olim, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti doktoranti Farruxbek Olimovni suhbatga tortdik.
– Farruxbek, har qanday daho, avvalo, o‘zini o‘rab turgan muhitda kamolga yetadi. Shu jihatdan olib qaraganda, ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiyni ham Navoiy darajasiga olib chiqqan unsurlardan biri, shubhasiz, u yashagan adabiy muhit edi. Shunday emasmi?
– Albatta, Navoiy shaxsiyatining shakllanishini, avvalo, temuriylar davlatchiligining hosili sifatida qarash kerak. Shoirning bolaligi temuriy Abulqosim Bobur homiyligida o‘tdi. Sulton Abusaid davrida shoir bir qator qiyinchiliklarni boshdan kechirdi. Biroq 1469 yili uning do‘sti Husayn Boyqaroning Xurosonni egallashidan so‘ng shoir hayoti bir maromga tushdi, ijodi gullab yashnadi. Albatta, Husayn Boyqaro davrida ham muammolar ko‘p bo‘ldi, ammo Navoiyning o‘zi bu siyosiy vaziyatlarni barqarorlashtirishga, shu davlatning mustahkamligini saqlab qolishga bor kuchi bilan intildi. Ham siyosiy arbob sifatida amaliy ishlari, ham qalamkash sifatida badiiy asarlari bilan insonlar, xususan, davlat arboblarining dunyoqarashlarini o‘zgartirishga harakat qildi.
Husayn Boyqaro hukmronligi davrini ideal deb ayta olmasak ham, har holda XV asrning ikkinchi yarmida Hirot eng yirik madaniyat markazlaridan biriga aylandi.
– Hech kimga sir emas, sobiq sho‘ro mafkurasi davrida ko‘pgina badiiy asarlarda Navoiy va Husayn Boyqaro o‘rtasida go‘yoki sinfiy ziddiyat, ikki shaxs orasida zimdan kuchli adovat bor edi, deb ko‘rsatishga intilishlar bo‘ldi. Aslida, bunga asos bormidi?
– Albatta, hamma davrda bo‘lganidek, shoh va shoir munosabatlaridagi nozik chegarani rad etolmaymiz. Ammo Husayn Boyqaro Navoiyni yuksak darajada hurmat qilgani ayon. Aslida o‘z zamondosh shoirini ko‘klarga ko‘targan hukmdorlar har doim ham uchrayvermaydi. Garchi, u Navoiydek buyuk daho bo‘lsa ham.
Husayn Boyqaro hatto ulug‘ qalam sohibiga bag‘ishlab alohida risola ham bitadi. Unda muallif mamlakat rivoji uchun qilingan ezgu ishlar, bunyodkorliklarni sanaydi, bu yo‘lda unga aziz avliyolar ruhi hamroh bo‘lganini qayd etadi. Eng muhim jihati, zamondoshlari Jomiy va Navoiy unga «jilvai zuhur» bo‘lib turganini, ya’ni Haqning nuri ularda aks etib turganini aytadi. Bu aslida ikki avliyo sifat shoirlarga juda yuksak baho edi. Bundan tashqari, Husayn Boyqaro o‘zi va shunday ulug‘lar yashagan zamonni davrlarning eng zo‘ri, deb biladi. Uning yozishicha, Hirotda o‘sha davrda mingga yaqin qalam sohibi bo‘lgan. Bu esa Navoiy yashagan adabiy muhitning qanchalik boyligini yana bir karra ko‘rsatadi.
Muallif Navoiy bilan bolalikdan do‘stligi, ko‘kaldoshligini aytib, u «turk tilining o‘lgan jasadig‘a Masih anfosi bila ruh kiyurdi», ya’ni turkiy tilning o‘lib qolgan jismiga Iso Masih kabi nafas bilan jon kiritdi, deydi. Keyin Navoiyning aynan turkiy tilda turli janrlarda ijod qilganini madh etadi.
«Xamsa»ni boshqa xamsanavislarga nisbatan juda qisqa muddatda yozib tugatgani, umuman, turkiy adabiyotni ulug‘ shohsupaga olib chiqqanini faxr bilan qog‘ozga tushiradi.
– Husayn Boyqaroning o‘zi ham yaxshigina turkiygo‘y shoir ekani, devon tuzgani hamda Husayniy taxallusi bilan ijod qilganini yaxshi bilamiz. Ammo Navoiyga risola bag‘ishlashi alohida tarixiy ahamiyatga ega. Bu risolaning yana o‘ziga xos jihatlari haqida nimalar deya olasiz?
– Ushbu kitob hajman unchalar katta bo‘lmasa ham, uning ahamiyati, haqiqatan ham, juda katta. Tarixdan bilamizki, odatda hukmdorlar faoliyati, ularning madhiga bag‘ishlab turli tarixiy va badiiy asarlar qalam egalari tomonidan yoziladi. Ammo podshohning o‘z zamondosh shoiriga bag‘ishlab asar yozishi dunyo adabiyotida deyarli uchramaydigan hodisa, desak bo‘ladi. Husayn Boyqaro shu sharafli vazifani faxr bilan ado etdi. Bu esa uning ijod olamiga qanchalik yaqin inson ekanligidan, o‘z davrining yuksak ma’naviy rahnamosi, homiysi bo‘lganligidan dalolat beradi. Uning soyasida Jomiy, Navoiydan tashqari, Lutfiy, Binoiy, Vosifiy, Mirxond, Xondamir, Badriddin Hiloliy, Husayn Voiz Koshifiy, Atoulloh Husayniy, Sultonali Mashhadiy, Abdujamil Kotib, Kamoliddin Behzod, Shayxim Suhayliy, Mirak Naqqosh, Qosim Ali kabi shoir, olim, tarixchi, musiqachi, naqqosh, rassomu xattotlar qizg‘in ijod bilan shug‘ullanishdi.
Muallifning bir qancha turkiy she’rlari bilan boyitilgan risolaning yana bir muhim jihati shuki, unda Alisher Navoiyning dunyoda tengi yo‘q qalam sohibi, sohibqiron ekanligi alohida ta’kidlanadi. O‘zi, aslida Navoiy doim Husayn Boyqaroni sohibqiron, deb ulug‘laydi. Ammo podshoh, aksincha, o‘zini emas, balki buyuk qalam egasini sohibqiron, deb ko‘klarga ko‘taradi.
– Farruxbek, Navoiy ham o‘z ijodida Husayn Boyqaroga alohida o‘rinlar ajratganini ta’kidlamoq kerak.
– Albatta, ulug‘ qalam sohibi «Xamsa»ning har bir dostonida Husayn Boyqaroga alohida bob bag‘ishladi. «Majolis un-nafois» tazkirasining 8-majlisi ham to‘laligicha hukmdor ta’rifidan iborat. Ayniqsa, shoirning Boyqaro taxtga chiqishiga bag‘ishlangan «Hiloliya» qasidasi ham juda mashhur. Deyarli barcha nasriy asarlari sulton Husayn Boyqaro nomiga bag‘ishlab yozilgan bo‘lib, Navoiy ularning yozilishida zamona hukmdorining homiyligi va rag‘batini alohida ta’kidlab o‘tadi. «Tarixi muluki ajam» asarining xotimasida Husayn Boyqaro saltanati tarixi haqida yozish niyati borligini aytib o‘tadi.
– Husayn Boyqaro hukmronlik qilgan davrdagi ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayot, adabiy muhitning o‘ziga xosligi yana nimalarda ko‘rinadi? Navoiyning o‘zi yashagan davr va zamondoshlariga munosabati qanday edi?
– Husayn Boyqaro umrining oxirigacha, ya’ni 38 yil hukmronlik qildi. Garchi, nevarasi Mo‘min Mirzoni o‘limga hukm etishdek xatolarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa ham, Xuroson mamlakatining rivojlanishiga juda katta hissa qo‘shdi. Aslida ulug‘ Jomiy va Navoiylarning ijodda yetuk darajaga chiqqanliklarida Hirotdagi tinchlik, osoyishtalik, farovonlikning ahamiyatini rad etib bo‘lmaydi.
XV asrning ikkinchi yarmida Xurosonda vujudga kelgan yuksak muhit musulmon Sharqidagi ikkinchi Uyg‘onish davrining mevalari edi. Ilmu amalda har tomonlama yetuklik, komillikka erishish bu davr ziyolilarining oliy maqsadi bo‘lgan.
Muhimi shundaki, o‘z kasbining nom chiqargan yetuk namoyandalariga Navoiyning bevosita ta’siri bor. U o‘z zamondoshlarining iste’dodlari yuzaga chiqishida ham ma’naviy, ham moddiy yordam ko‘rsatdi. Ilm va ijod ahlining yo‘lboshlovchisi bo‘ldi. Eng muhimi, Navoiy o‘z zamondoshlariga har tomonlama homiylik qilishni oliy burchi, deb bildi.
– Ajoyib suhbat uchun tashakkur.
Guljahon Mardonova, O‘zA