Navoiy – ma’naviyat quyoshi
Andijondagi ta’lim muassasalarida ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligiga bag‘ishlanib, adabiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Qo‘qon nodavlat universitetining Andijon filialida “Alisher Navoiy –ma’naviyat quyoshi” deb nomlangan adabiy kecha ana shunday tadbirlardan biri bo‘ldi.
Filial professor-o‘qituvchilari, yozuvchi va shoirlar, san’atkorlar, talabalar, yosh ijodkorlar hamda Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi o‘quvchilari ishtirokida o‘tkazilgan adabiy kecha ochilishida so‘z olgan Qo‘qon nodavlat universiteti Andijon filiali rektori G‘olibjon To‘ychiyev va boshqalar tomonidan yurtimizda buyuk bobokalonimiz, jahon adabiyoti ravnaqiga salmoqli hissa qo‘shgan ulug‘ alloma, so‘z va she’riyat mulkining sultoni Alisher Navoiy hayoti va ijodini o‘rganish, uning insonparvarlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan asarlari mazmun-mohiyatini aholi, ayniqsa, yoshlar ongiga chuqur singdirish, shu orqali ularning qalbida adabiyotga qiziqish, vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganligi ta’kidlandi.
[gallery-15865]
Kechada adabiyotshunos olimlar, yozuvchi va shoirlar, filial axborot-kutubxona markazi mutaxassislari tomonidan Alisher Navoiyning hayoti va ijodi haqida ishtirokchilarga keng ma’lumotlar berildi.
– Ulug‘ Navoiyni qancha ko‘p o‘qisak, ijodini qancha chuqur o‘rgansak, uning betakror ijodini shu qadar teranroq anglab boraveramiz, – deydi universitet filiali davolash ta’lim yo‘nalishi talabasi Gulbahor Azimbekova. – Bugungi adabiy kechada biz uchun ulug‘ dahoning yangi qirralari bo‘y ko‘rsatdi, ijodiy merosining o‘ziga xos jihatlarini yanada teranroq angladik.
Andijon shahridagi “E’zoz” folklor ansambli san’atkorlari, Muhammad Yusuf nomidagi ijod hamda Andijon tumanidagi 16- son musiqa maktablari o‘quvchilari tomonidan namoyish etilgan Navoiyning hayoti, faoliyatiga oid saxna ko‘rinishlari, o‘qilgan g‘azalu ruboyilar, ijro etilgan kuy, qo‘shiq va raqslar, shuningdek, yosh ijodkorlar mushoirasi kechaga o‘zgacha fayz kiritdi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari