Bu yil hazrat Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi tomonidan “Navoiy ijodida milliy davlatchilik va huquq masalalari” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda deputatlar, professorlar, navoiyshunos olimlar va yoshlar buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida muhim o‘rin tutishini ta’kidladilar. U o‘zining she’riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalarni, ona tilimizning beqiyos so‘z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etgan.
E’tirof etilganidek, buyuk ajdodimiz nafaqat ilmiy-ijodiy, balki milliy davlatchilik va adolatli jamiyat barpo etish borasidagi faoliyati bilan ham jahon tarixida o‘chmas iz qoldirgan. Navoiy asarlarida davlatchilik asoslari, inson huquqi masalalariga alohida e’tibor qaratilib, farovon jamiyat, adolatli boshqaruv g‘oyalari aks etgan.
Tadbirda so‘zga chiqqan navoiyshunos olim Olimjon Davlatov Alisher Navoiy davlat arbobi sifatida faoliyat yuritganida ham, shoir va mutafakkir maqomida sara asarlar bitganida ham, u zotning asosiy maqsadi, avvalo, insonning mukarramligini ulug‘lash hamda inson manfaatlarini har tomonlama himoya qilishdan iborat bo‘lganini ta’kidladi.
Munozaralar davomida Navoiy asarlaridagi milliy va umuminsoniy g‘oyalar, adolatli fuqarolik jamiyatini qurish borasidagi qarashlar bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan xalqparvar siyosatga mafkuraviy asos ekani qayd etildi.
Parlament yoshlari ham so‘z olib, Navoiyning boy merosini chuqur o‘rganish va ommalashtirish borasida o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/sxR2FfxJtfs?si=-lHa4m6WF1GA_fL2" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova,
O‘zA