Navoiy Afg‘onistonga qaytdi
Ilm-ma’rifat va tafakkur osmonida bir quyosh bo‘lib porlagan Alisher Navoiy butun dunyo ilmi, adabiyotining ravnaqi va insoniyat tamadduniga o‘zining bebaho ma’naviy-ilmiy hissasini qo‘shgan zotdir.
Uning har bir misrasi so‘z san’atining go‘zal namunasi, tafakkur mayog‘i bo‘lib komil insonni tarbiyalashda dasturamaldir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 oktyabrdagi “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori bilan yurtimizda bir qator ezgu ishlar amalga oshirilmoqda.
Mana shu ezgu ishlarga hamnafaslik qo‘shnimiz afg‘onistonlik ziyolilar, navoiyshunoslarda ham namoyon bo‘lmoqda.
2021 yil 25 yanvarda Afg‘oniston Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘anining Amir Alisher Navoiy tavalludini keng, xalqaro miqyosda nishonlash to‘g‘risida qarori qabul qilindi.

2021 yilning 7-9 aprel kunlari Hirotda Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan “Navoiy tafakkurlarini o‘rganish” mavzuida yirik ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda O‘zbekistondan bir guruh ziyolilar, navoiyshunos olimlar qatnashdi.
Seminarning ochilish marosimida ikki mingdan ortiq odam ishtirok etdi. Dastlab Alisher Navoiy va azizlarimiz ruhiga Qur’on tilovat qilindi.
Tadbirni Afg‘oniston Respublikasi Prezidenti Devonining boshlig‘i janob Shokir Korigar ochdi. Keyin Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani janoblarining video tabrik so‘zlari ko‘rsatildi. Afg‘oniston Respublikasi davlat madhiyasi yangradi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ismatulla Ergashev so‘zga chiqib, hammani Alisher Navoiyning 580 yillik yubiley bayrami bilan tabrikladi va anjuman ishiga oq yo‘l tilab, O‘zbekiston va Afg‘onistonning yaqin qo‘shnichilik munosabatlari va olib borilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy faoliyatlar, oldindagi rejalashtirilayotgan islohatlar haqida gapirdi.
Afg‘oniston axborot va madaniyat vaziri janob Tahir Zahir, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, professor Shuhrat Sirojiddinov, Hirot viloyat hokimi janob Said Vohid Qataliy, Ozarbayjon davlat Fanlar akademiyasi professori, navoiyshunos olima Almaz Ulvi Binnatovalar so‘zga chiqib, Alisher Navoiy dahosining nechog‘lik buyukligi, ul zot qoldirgan ma’naviy meros va uni o‘rganishning ahamiyati, bugungi kunda navoiyshunoslik sohasida amalga oshirilajak ishlar, navoiyshunoslik va hozirgi zamon kun tartibidagi masalalar to‘g‘risida so‘zladilar.
O‘zbekiston va afg‘onistonlik san’atkorlar va Hirotdagi maktab o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan qo‘shiqlar yangradi.
Anjuman qatnashchilari hazrat Alisher Navoiy qabrini ziyorat qilishdi.

Hammamiz hayajonda edik. O‘zbekistonlik qancha olim, ustozlarimiz “Navoiy qabrini ziyorat qilsam edi”, deya armon bilan o‘tib ketishdi...
Biz tilimizda shukrona oyatlarini takrorlab, Allohga hamdu sanolar o‘qib, Navoiy ziyoratiga bordik.
Biz xayol osmonida, tafakkur ummonida sarxush kezardik. Men o‘zim ko‘zlarimga ishonmas, shukronadan to‘xtamas edim. Ustozlar akademik Aziz Qayumov, O‘zbekiston Qahramoni Suyuma G‘aniyevalar o‘n besh yillar ilgari “O‘lmasbek, siz borasiz Navoiy ziyoratiga” deb duo qilgandi, o‘sha duolari mustajob bo‘lib, men Navoiy hazratlari ziyoratiga yetganim, tushda yurgandek edim...
Afg‘onistonga biz bilan Navoiy hazratlarining ruhi qaytgandek bo‘ldi. Yeru ko‘kda sokinlik va osoyishtalik hukmron edi.
Bir kuni Aziz Qayumov domla “Maqsud Shayxzoda bilan gaplashganmiz, Afg‘oniston 1940 yillari Navoiyning besh yuz yilligiga jiddiy qaramadi, shuning uchun ham u yerda XX asrda ko‘p tolato‘plar bo‘ldi. Bu tarixiy haqiqat. O‘zbekistonda ham Navoiyning 500 yilligi 3 marta qoldirilib, keyin nishonlandi”, degan edi.
Men bejizga Alisher Navoiy ma’naviy jihatdan Afg‘onistonga, Hirotga qaytdi, deya yozmadim. Nazarimda, endi inshoollo, Afg‘oniston yerlarida farovon turmush barqaror bo‘ladi.
Chunki, Navoiyning 580 yilligi Hirotda ulug‘vor tarzda, xalqaro miqyosda nishonlandi. Unga turkiy respublikalardan vakillar qatnashdi.
Dasturxon ustida ham biz Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistondagi navoiyshunoslik va bugungi kunda u o‘lkalarda Temuriylar davriga, bugungi ilm-fan ahli orasidagi munosabatlarning ijobiy tamonga o‘zgarayotganligi haqida fikrlashdik.
Shundan keyin O‘zbekiston delegatsiyasining bir qismi O‘zbekistonga qaytib ketishdi. Mehmonxonaga borib navbatdagi tadbirga otlandik.
Tarixiy, mahobatli Ixtiyoriddin qal’asida mehmonlar ishtirokida tadbir boshlandi.
U yerda ham ma’ruzalar, she’riy mushoira va kuy-qo‘shiqlar yangradi. Afg‘onistonlik san’atkorlar tomonidan o‘zbek, fors, dariy, pushtu tillarida qo‘shiqlar ijro etildi. Nazarimda, Hirot hammamizning onadek mehribon shahrimizga aylangan, bizni Navoiy hazratlari o‘zi mehmon qilayotgandek, shuaro majlisig‘a o‘zi bosh bo‘layotgandek edi.
Ko‘zlarimizdan quvonch seli arimasdi. Tadbir ovozi Xirotning munavvar osmoni oyu yulduzlarigacha yetgandek edi.
Faqat bir narsa oniy fursatlarda xotirimizni jam qildi. U tevarak- atrofdagi masjidlarda baralla yangragan hufton nomoziga chaqirilgan azon tovushi edi. Hammamiz jim qoldik, tilovati fotiha qilib, yana davom etgan tadbirlar ona allasideyek jon ruhimizga orom- osoyish berdi.
Mehmonxonada ham kitob taqdimotlarimiz davom etdi. Xususan, ilmiy anjuman munosabati bilan chiqarilgan maqolalar to‘plami, Olim Ko‘hkan nashrga tayyorlagan “O‘lmas so‘zlar” (O‘zbek maqollari to‘plami, dariy va pushtu tillaridagi tarjimalari bilan) kitoblari to‘g‘risida fikrlashdik.
Anjumanning ikkinchi ish kunini professor Azizulloh Arral olib bordi.
Turli davlatlar vakillari tomonidan o‘qilgan ilmiy ma’ruzalar yuzasidan Hirot davlat universiteti rektori janob Abdulloh Fayiz ilmiy-tahliliy xulosalarini aytib, anjuman ishtirokchilariga, faollarga minnatdorchiligini bildirdi.
“Alisher Navoiy tafakkurlarini o‘rganish” xalqaro ilmiy anjumani qaror qabul qildi.Qarorda Navoiy nomini abadiylashtirish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi.
Anjumanning uchinchi kunida mehmonlar Hirotdagi qo‘l mehnati asarlari ko‘rgazmasiga bordi. Yana hazrat Navoiy va Gavharshodbegim maqbarasini ziyorat qildik. Chunki Hirotdagi konferensiyaga kechikib kelgan mehmonlar ham bor edi.
Yana Navoiy bobomiz bilan ruhan suhbat qurgandek, qadrdon yerlarimizni topgandek bo‘ldik. Bir on bo‘lsada, bobolarimiz qadriyati bilan, ular yashagan kunlar bilan to‘qnashdik, tillashdik, huzur va osoyish, qalb xotirjamligini his etdik.
Biz Kobulda bir kecha tunab, O‘zbekistonga uchdik.
Hayotimizning munavvar lahzalari, ijodkorlar, olimlar, so‘zni qadrlovchi, adabiyotga muhabbati baland, kitobsevar zotlar davrasida kechdi. Yorug‘ fursatlar, shirin diydorlar, bir umrga tatigulik oliy xotiralar qoldi.O‘zimni Alisher Navoiy bobomning ko‘ksiga bosh qo‘yib qaytgandek, u kishi peshonamdan o‘pib menga, mangu adabiyotga oq yo‘l tilagandek, duo bergandek his etdim.
O‘lmasbek Xo‘jayev,
O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmalari a’zosi,
shoir-jurnalist.
Toshkent – Afg‘oniston – Toshkent.