Navbahorda Oqqo‘rg‘on tajribasi
bugungi kunda respublikamizning barcha hududlarida aholi bilan muloqotning yangicha tizimi yo‘lga qo‘yilib, fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan olib borilayotgan ishlar “Oqqo‘rg‘on tajribasi” asosida amalga oshirilmoqda.
Navoiy viloyatining Navbahor tumanida Respublika ishchi guruhi tomonidan aholi muammolarini o‘rgangan holda joyida bartaraf etish maqsadida o‘rganishlar olib borildi.
– Dastlab tumanda “Oqqo‘rg‘on tajribasi” asosida amalga oshirilgan ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida markaziy shtab tuzilib, turli soha va tizimlar mas’ullaridan iborat Ishchi guruhlari shakllantirildi, – deydi tuman Xalq qabulxonasi mudiri Ilhom Rajabov. – Barcha sektor rahbarlari, ishchi guruhi a’zolari ijtimoiy soha ob’ektlari va mahallalarda bo‘lib, xonadon vakillari bilan yuzma-yuz uchrashdi. Ularni qiynab kelayotgan muammolar atroflicha o‘rganildi. 41 ta mahalladagi 10 ming 92 ta xonadon, 110 ta ijtimoiy soha ob’ektlaridagi o‘rganishlar natijasida jami 696 ta muammo aniqlanib, 196 tasi joyida hal etildi, 500 ta masala bo‘yicha ishlar nazoratga olindi.
Tuman bo‘yicha 3 ming 713 ta xonadonda tibbiy patronaj tadbirlari o‘tkazilib, 11 ming 670 nafar fuqaro qamrab olindi. 275 nafar fuqaro tibbiyot muassasalarida alohida mustaqil murojaatlar asosida qabul qilindi.
4-sektor hududidagi “Gujbog‘tepa” mahallasida 712 ta xonadonda 3217 nafar aholi istiqomat qiladi. Jumladan, 30 yoshgacha bo‘lganlar soni 705 nafarni, 30 yoshdan yuqori bo‘lgan xotin-qizlar esa 1052 nafarni tashkil etadi. Sektor hududida 9-oilaviy poliklinikada 357 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shundan 123 nafar fuqaroda kasalliklar aniqlanib, 101 nafari ambulator muolajaga tavsiya etildi. 24 nafar fuqaro tumandagi kunduzgi statsionarga, 12 nafar fuqaro tuman shifoxonasiga, 1 nafar fuqaro murrakab jarrohlik amaliyotiga yuborildi. 13 nafar fuqaroning esa imtiyozli order masalasi hal etildi.
Uzoq yillar faoliyat olib borgan 8 nafar faxriylar holidan xabar olinib, qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
[gallery-10786]
– O‘rganishlar jarayonida xotin-qizlarning 98 nafari “Ayollar daftari” ga kiritilgan bo‘lsa, ishsizlar soni 61 nafarni tashkil etmoqda, – deydi mahalla raisi Shahriddin Oqbo‘tayev. – Shu kunga qadar ishsiz aholining 24 nafari doimiy ish bilan ta’minlandi. Bir nafar ichkilikka ruju qo‘ygan oila bekasiga himoya orderi rasmiylashtirildi. Mahallamizda asosan yo‘llar bo‘yicha muammo mavjud edi. Xususan, 14 kilometr yo‘l asfaltlanishi va shag‘al yotqizilishi, 1,5 kilometr piyodalar yo‘lagi qurilishi, 2 kilometr yo‘lga ko‘cha yoritish chiroqlari o‘rnatilishi, ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan simyog‘ochlarni tartibga keltirish, bolalar bog‘chasi va mahalla binosi qurish zarurati bor edi. Hozirgacha 2,5 kilometr yo‘l shag‘allashtirildi va ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan 87 ta simyog‘och o‘rnatildi.
O‘rganishlar davomida tuman aholisining elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolari ham o‘rganilib, ularning yechimi yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, tumandagi “Gujbog‘tepa” mahallasidagi mavjud transformator punktining quvvati pastligi sababli aholi tomonidan norozilik yuzaga kelgan edi. Mazkur holatni bartaraf etish maqsadida mahallaga 1 dona 160 kV transformator punkti hamda elektr uzatish tarmog‘igacha bo‘lgan masofaga temir-beton tayanch ustunlari o‘rnatish ishlari bajarildi. 1,7 kilometr yopiq tipdagi zamonaviy SIP kabellari tortilib, 1,9 kilometr tarmoqda esa rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.
– Ayni paytda tumanning “Qizilrabot” mahallasida ham temir-beton tayanchlarini tiklash ishlari jadal suratlarda olib borilmoqda, – deydi tuman elektr ta’minoti korxonasi bosh muhandisi Shaxriddin Jiyanov. – Rejaga asosan ushbu hududda 5,9 kilometr havo elektr uzatish tarmog‘i, 3 dona transformator punktini o‘rnatish maqsad qilingan. “Yangihayot” mahallasida ham aholining elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida ishlar boshlab yuborilgan. Jumladan, 4,5 kilometr uzunlikdagi yangi havo elektr uzatish tarmog‘i, 2 dona transformator punktini o‘rnatish rejalashtirilgan bo‘lsa, ayni damda hududda temir-beton tayanchlarni tiklash ishlari olib borlmoqda.
Tumanda 2,1 kilometr ichki yo‘llar shag‘allashtirildi. 0,8 kilometr zovurlar tozalandi. Gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida aholiga 147 ta gaz ballonlari yetkazib berilib, 11 ta gaz taqsimlash punkti, 73 ta aholi xonadonlaridagi gaz jihozlari texnik ko‘rikdan o‘tkazildi. 31 ta aholi xonadonlarida gaz bilan bog‘liq nosoz holatlar bartaraf etildi.
Ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida esa “Arabsaroy” MFYdagi Namunali ko‘chasiga 400 metr uzunlikda D-76 millimetrlik quvur yotkizildi. 4-, 8-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga yangi KOM-50 markali isitish qozonlari, 8-MTTga 32 diametrli suv aylantirish nasosi o‘rnatildi.
Shuningdek, tuman markazidagi ko‘p qavatli uylardagi isitish, yoritish va kanalizatsiya tizimlaridagi nosozliklar bartaraf etildi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash o‘rinliki, aholi muammolarini o‘rganish va o‘z vaqtida bartaraf etish borasida tumanda olib borilayotgan tizimli ishlar aholiga yengillik va qulayliklar yaratib berayotganligi bilan ahamiyatlidir.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA