“Navbahor” sovrinli o‘rinlar uchun kurashadi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy chempionati tarixida o‘ttiz to‘rtinchi marotaba ishtirok etayotgan Namanganning “Navbahor” klubi tomonidan har yili yangi mavsum oldidan taqdimot marosimini o‘tkazish an’anaga aylangan. Superliga starti arafasidagi tantanali tadbir Davlatobod tumanidagi “Markaziy” stadionda tashkil etildi.
Tadbirda klubning yangi mavsum rejalari, jamoa tarkibi va murabbiylar shtabi a’zolari tanishtirildi. Marosim avvalida, “Lochinlar”ning o‘tgan yil davomida erishgan natijalari haqida hikoya qiluvchi videorolik namoyish qilindi. E’tirof etish joiz, 2024 yil “Navbahor” uchun salmoqli keldi. Jamoa Osiyo Chempionlar ligasida birinchi bor qatnashganiga qaramay, nufuzli musobaqaning “pley-off” bosqichiga chiqdi. Superliga o‘yinlarida faxrli uchinchi o‘rinni egallab, bronza medalini qo‘lga kiritdi, mamlakat kubogining finaliga qadar yetib bordi.


Namangan viloyat hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi raisi Shavkat Abdurazzoqov ta’kidlaganidek, O‘zbekiston futbolida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan “Navbahor” jamoasining shonli an’analarini, xususan chempionlik maqomini qaytarish borasida yaqin yillarga mo‘ljallangan istiqbolli rejalar ishlab chiqildi. Yangi mavsumga ayni shundan kelib chiqqan holda munosib hozirlik ko‘rildi. Toshkentda boshlangan tayyorgarlik xorij davlatlarida davom etdi.


“Lochinlar” Dubay shahri hamda Turkiyaning Belik shahrida jami 24 kunlik o‘quv yig‘inlarini olib borib, to‘qqizta xalqaro o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushdi. Yig‘inlar davomida asosiy e’tibor jamoani jismoniy jihatdan kuchli tayyorgarlikka ega bo‘lgan tarkibni shakllantirishga qaratildi.
Klubni tark etgan O‘tkir Yusupov, Jamshid Iskandarov, Farrux Sayfiyev, Odiljon Hamrobekov, Jamshid Boltaboyev, Toma Tabatadze kabi yetakchilar o‘rnini munosiblar bilan to‘ldirish maqsadida tarkibga legionerlar – belarussiyalik Sergey Karpovich, Braziliyadan Machado Guyedes Gilerme, Igor Gabriel, Fernandes Alves, Pedro Augusto Gabriel Karvalo, nigeriyalik Benjamin Teydi hamda hozirgacha yurtimizning boshqa klublarida o‘ynagan Mirzohid G‘ofurov, Abbos G‘ulomov, Shahzod Ubaydullayev, Po‘latxo‘ja Xoldorxonov, Sherzod G‘ulomjonov kabi mahalliy charm to‘p ustalari jalb etildi.


O‘tgan mavsum yakunida jamoani qabul qilib, rahbariyat ishonchini qozongan amaldagi bosh murabbiy Sergey Lushan yangi mavsum uchun yetti nafar mutaxassisdan iborat murabbiylar shtabini shakllantirdi. Ular orasida ikki nafar belorussiyalik trener hamda o‘zbek jamoalari orasida birinchi bo‘lib sport reabilitatsiyasi bo‘yicha ish olib boradigan ayol mutaxassis ham borligi e’tiborga molik.
Tadbirda o‘tgan mavsumda kuchli uchlikdan joy olgan jamoa futbolchilari, murabbiylar va klub rahbariyatiga bronza medallari tantanali topshirildi. Shundan so‘ng, “Navbahor”ning yangi mavsum tarkibi tanishtirilib, o‘yinchilarga raqamlar yozilgan kiyimlar ulashildi. Jamoa a’zolari joriy yilda “Adidas” firmasi tomonidan ishlab chiqarilgan liboslarda maydonga tushadi.


“Navbahor” bosh murabbiyi Sergey Lushan va jamoa a’zosi Mirzohid G‘ofurov so‘zga chiqib, yangi mavsumda muxlislarga manzur keladigan mazmunli o‘yinlar ko‘rsatish hamda klub oldiga qo‘yilgan vazifa – sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritishga astoydil intilishini ta’kidladi.
Ma’lumot o‘rnida, “Navbahor” jamoasi yangi mavsumni 9 mart kuni o‘z maydonida Samarqandning “Dinamo” klubiga qarshi bellashuv bilan boshlaydi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA