“Navbahor” safida terma jamoa o‘yinchisi
Futbol bo‘yicha jahon chempionati munosabati bilan tanaffusga chiqqan mamlakat superligasi jamoalari 16-iyuldan e’tiboran musobaqalarga kirishadilar.
Jumladan, Namanganning “Navbahor” klubi Turkiyada xalqaro yig‘in o‘tkazdi. Nazorat o‘yinlarida “Lochinlar” safi bir qator iste’dodli charm to‘p ustalari bilan yangilandi.
Xususan, O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abdulla Abdullayev faoliyatini ”Navbahor”da davom ettiradigan bo‘ldi. 28 yoshli o‘yinchi klub rahbariyati bilan mavsum yakuniga qadar shartnoma imzoladi. Ayni vaqtda “Lochinlar”da O‘zbekiston milliy terma jamoasining ikki nafar a’zosi – darvozabon O‘tkir Yusupov hamda hujumchi Ruslanbek Jiyanov to‘p suradi.
Markaziy himoya va tayanch yarimhimoyasida o‘ynay oladigan Abdulla Abdullayev faoliyati davomida “Bunyodkor”, “OKMK” va “Paxtakor” jamoalarida to‘p surgan. U namanganliklar tarkibiga qo‘shilgunicha Birlashgan Arab Amirliklarining “Dibba” klubida faoliyat yuritgan. U o‘tgan mavsumda arab jamoasi safida to‘qqizta bellashuvda harakat qilgan.
Qayd etish joiz, Abdulla Abdullayev “jahon chempionati - 2026” guruh bosqichida milliy terma jamoamiz tarkibida Kolumbiya va Portugaliya terma jamoalariga qarshi kechgan uchrashuvlarda to‘liq ishtirok etgan.
Shuningdek, “Navbahor” rahbariyati bundan avval jamoa safida o‘ynagan “Lochinlar” tarbiyalanuvchisi iqtidorli yarim himoyachi Asadbek Rahimjonov bilan bir yillik bitimga erishdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.