Serbiyaning Nish shahrida boks bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘z yakuniga yetdi. Quvonarlisi, ushbu musobaqa mamlakatimiz sharafini himoya qilgan bokschi-qizlarimiz uchun tarixiy natijalarga boy o‘tdi.
Musobaqada hamyurtimiz Navbahor Hamidova -66 kg. vazn toifasida finalga qadar o‘tkazilgan barcha bellashuvlarda g‘alaba qozonib, kumush medalni qo‘lga kiritdi va bu orqali u O‘zbekistonda kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida kumush medalga ega chiqqan yagona ayol sportchiga aylandi.

Shuningdek, chempionatda Farzona Fozilova, Sabina Boboqulova hamda Feruza Kazakova o‘z vaznlarida bronza medaliga ega chiqdi.

Shu tariqa, Elshod Rasulov murabbiyligi ostida terma jamoamiz mazkur musobaqani 3 ta bronza va 1 ta kumush medal bilan yakunladi. Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, ushbu natija ayollar boksi uchun rekord hisoblanadi. Sababi, shu kunga qadar jahon birinchiligida eng yuqori natijamiz faqatgina bitta bronza medali bo‘lgan.

Darvoqe, IBA tomonidan o‘tkazilgan jahon chempionatida oltin medal sohiblari 100 ming AQSH dollari pul mukofoti bilan taqdirlandi. Kumush medal uchun esa 50 ming, bronza medali sohiblariga 25 ming AQSH dollari berildi. Musobaqa tarixida ilk bor chorak finalga chiqqan barcha sportchilar 10 ming AQSH dollari bilan rag‘batlantirildi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA