NATO “urush holati”ga tushib qoldi
NATO ittifoqchilari qoʻshinlari tarkibida koronavirus bilan kasallangan harbiylar soni borgan sari oshib boryapti. Oqibatda rejadagi oʻquv mashgʻulotlari bekor qilinmoqda.
NATO ittifoqchilari qoʻshinlari tarkibida koronavirus bilan kasallangan harbiylar soni borgan sari oshib boryapti. Oqibatda rejadagi oʻquv mashgʻulotlari bekor qilinmoqda.
NATO xuddi urushni eslatadigan vaziyatni boshdan kechirmoqda. Shimoliy Atlantika alyansining kelajagi qanday boʻladi, degan savol hozirgi paytda koʻpchilikni qiziqtirib turibdi.
Maʼlumotlarga qaraganda, AQSH Mudofaa vazirligi hozircha harbiylarga oʻquv mashgʻulotlarda ishtirok etmaslik boʻyicha koʻrsatma bergan. “Yevropa himoyachisi — 2020” nomli amaliyot muzlatilgan. Epidemiya oqibatida, shuningdek NATOning “Sovuq javob — 2020” harbiy-oʻquv mashgʻulotlari ham bekor qilindi. Sababi, birgina Norvegiya armiyasida 1 300 kishi virusdan xastalangan.
Ekspertlar eʼtiroficha, pandemiya tugagach, Alyans jiddiy muammoga toʻqnash keladi. Yaʼni, koʻpgina mamlakatlar qurollanishga mablagʻ ajratishdan tiyiladi va natijada harbiy byudjetlar qirqiladi. Amerikada Yevropa himoyasi bilan yevropaliklarning oʻzlari shugʻullanishlari kerakligi xususidagi fikrlar yana-da balandroq yangray boshlaydi.
Mutaxassislar taxminicha, NATOga aʼzo ayrim davlatlar migrantlar oqimi kuchayishidan qoʻrqib, oʻz chegaralarini mustahkamlashga eʼtibor qarata boshlaydilar. Vashington shartnomasining Beshinchi bandida qisqacha ifodalangan birdamlik esa “asta-sekin yemirila boshlaydi”.
Bir qator nufuzli OAVda eʼlon qilingan maqolalardan shunday xulosa chiqarish mumkinki, jangovarlik holatini saqlab qolish uchun Alyans qoʻmondonligi strategik rejalarni jiddiy qayta koʻrib chiqishi lozim. Navbatdagi sammitda nafaqat keskin munozaralar kechadi, balki chuqur oʻzgarishlarga ham hozirlik koʻrilishi mumkin.