NATO Rossiya bayonotlarini rad etdi, Isroil uch davlat hududida nazoratni kengaytirdi
NATO Ukrainaga AQSHda ishlab chiqarilgan qurol-yarog‘lar, jumladan havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalar yetkazib berish davom etayotganini ma’lum qildi. Bryusselda bo‘lib o‘tgan Harbiy qo‘mita yig‘ilishi yakunida NATOning Yevropadagi birlashgan kuchlari qo‘mondoni general Aleksus Grinkevich ittifoqchilar tomonidan moliyalashtirilgan barcha qurollar Ukraina tomoniga uzluksiz yetkazilayotganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Ukraina armiyasi urush sharoitida yuqori chidamlilik va moslashuvchanlik namoyon etmoqda. Grinkevich Rossiyaning NATO tahdidi haqidagi bayonotlarini haqiqatga zid deb atab, alyans barcha a’zo davlatlar hududini himoya qilishga tayyor ekanini qayd etdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/2aKUrrtOH7w" title="NATO Rossiya bayonotlarini rad etdi, Isroil uch davlat hududida nazoratni kengaytirdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yil 7-oktabrdan buyon davom etayotgan urush fonida Isroil armiyasi Livan, G‘azo va Suriya hududlarida qariyb 1000 kvadrat kilometr yer ustidan nazorat o‘rnatgan. Bu 1949-yildagi Isroil hududining taxminan 5 foiziga teng. Eng katta ulush Livan janubiga to‘g‘ri kelmoqda. Hisobotda Isroil kuchlari Livanda “bufer zona” yaratgani, G‘azoda esa hududning katta qismi harbiy nazorat ostida qolayotgani qayd etilgan. Suriyada ham bir necha yuz kvadrat kilometr hudud Isroil nazoratiga o‘tgan.
Ispaniyada Mango asoschisi Isak Andikning o‘g‘li Jonatan Andik otasining o‘limi bo‘yicha qotillikda gumon qilinib hibsga olindi. 71 yoshli tadbirkor 2024-yil dekabrida Barselona yaqinidagi Monserrat tog‘larida balandlikdan yiqilib halok bo‘lgan edi. Dastlab hodisa baxtsiz hodisa sifatida baholangan, biroq keyinchalik tergov qayta ochilib, ish qotillik sifatida qayta tasniflangan. Politsiya Jonatan Andikni Barselonadagi uyida qo‘lga olgan. U ayblovlarni rad etib, tergov bilan hamkorlik qilayotganini bildirgan.
AQSHdagi biotexnologiya kompaniyasi sun’iy muhitda jo‘ja ochirish bo‘yicha tajriba o‘tkazdi. Kompaniya rahbari Ben Lamm ma’lum qilishicha, 3D printerda yaratilgan tuxum po‘stlog‘iga o‘xshash tizimda 26 ta jo‘ja muvaffaqiyatli rivojlanib, dunyoga kelgan. Ular hozir bir necha kundan bir necha oylikkacha bo‘lgan bosqichda parvarish qilinmoqda. Loyiha kelajakda yo‘qolib ketgan ulkan moa qushini qayta yaratish uchun asos bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Olimlar esa bu texnologiyani “to‘liq sun’iy tuxum” emas, genetik o‘zgartirilgan jarayon sifatida baholamoqda.
Reuters agentligi Yevropa razvedka xizmatlari va maxfiy hujjatlarga tayangan holda, Xitoyda harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan 200 nafarga yaqin rossiyalik harbiy hozirda Ukrainaga qarshi urushda qatnashayotganini yozdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil oxirida Pekin va Nankindagi harbiy akademiyalarda dron, minomyot, antidron himoyasi va minalash usullari bo‘yicha maxsus mashg‘ulotlar o‘tkazilgan. Reuters’ning yozishicha, mashg‘ulotlar 2025-yil iyulida tuzilgan maxfiy kelishuv asosida tashkil etilgan. Pekin esa rossiyalik harbiylarni tayyorlaganini rad etib, Ukraina mojarosida neytral pozitsiyada ekanini bildirgan.
AQSHda Venesuela prezidenti Nikolas Maduroga nisbatan yangi jinoiy tergov boshlandi. Reuters xabariga ko‘ra, Mayamidagi federal prokuratura olib borayotgan surishtiruv ehtimoliy pul yuvish holatlari bilan bog‘liq. AQSH Adliya vazirligi ushbu ishni boshqa sud jarayonlaridagi ehtimoliy huquqiy muammolar uchun qo‘shimcha variant sifatida ko‘rmoqda. Hozirda Maduro narkotrafik, qurol savdosi va “narkoterrorizm” ayblovlari bo‘yicha sud qilinmoqda. Tergov uning yaqin safdoshi Alex Saab ishi bilan ham bog‘liq ekani aytilmoqda.
Nozimbek Mardonov, Salim Obidjonov O‘zA