Narpayda 14 ta yangi ob’ekt Yangi yilga sovg‘a bo‘ldi
Yangi yil arafasida va bayram kunlari Samarqand viloyatining Narpay tumanida 14 ta yangi ob’ekt – maktabgacha ta’lim tashkilotlari, mahalla binolari, yo‘l va suv inshootlari foydalanishga topshirildi.
Jumladan, 45-umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosi 1 milliard 605 million so‘m mablag‘ evaziga ta’mirlanib, o‘quvchilar uchun zamonaviy shart-sharoit yaratildi. 62-maktabgacha ta’lim tashkiloti esa 3 milliard 254 million so‘m sarflanib, yangidan bunyod etildi.

Tumandagi Umid, Oltio‘g‘il, Qoziyoqli mahalla fuqarolar yig‘inlarining yangi mahalla markazlari ham Yangi yilga ajoyib sovg‘a bo‘ldi.

Tortuvli mahallasida 16 yillik muammoga barham berildi. Shuncha vaqtdan buyon foydalanishga yaroqsiz bo‘lgan ichimlik suv inshooti rekonstruksiya qilinib, yangi suv nasos qurilmasi o‘rnatildi. Natijada Tortuvli mahallasining 3180 nafar va Qoziyoqli mahallasining 2830 nafar aholisi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
G‘.HASANOV, O‘zA