Naqshband haqidagi asar
Bugun oftob yuzidan bulutlar tarqab, manbalar eshigi ochilib, avliyo-anbiyolar haqida ham bor haqiqatlardan xabardor boʻlish imkoni tugʻildi.
Bugun oftob yuzidan bulutlar tarqab, manbalar eshigi ochilib, avliyo-anbiyolar haqida ham bor haqiqatlardan xabardor boʻlish imkoni tugʻildi. Sir emaski, necha yillar mobaynida ulugʻ zotlar haqida omma orasida yurgan soxta rivoyatlardan boshqa narsa bilan tanish emas edik.
Hazrat Xoja Bahouddin Naqshbandning hayot yoʻllariga bagʻishlangan, ul buyuk zot haqidagi “Maqomati Xoja Bahouddin” ilmiy-maʼrifiy risolasi Bahouddin Naqshbandning shogirdi Muhammad Boqir ibn Muhammad Ali tomonidan yozilgan. Kitobda Hazrat Bahouddin Naqshbandning tugʻilganidan to vafotigacha boʻlgan hayoti va faoliyati mufassal bayon qilingan. Asar 1401-yilda fors tilida bitilgan. Asarning qoʻlyozma va toshbosma nashrlari keng tarqalgan.
Tarix fanlari doktori Mahmud Hasaniy tomonidan fors tilidan tarjima qilingan ushbu muazzam asar, Maxdum Vosiliy nomidagi Maʼnaviy meros markazida saqlanayotgan nusxa asosida amalga oshirilgan.
Kitob soʻzboshisida: “Maqomat” mazmuni haqida gapirishdan avval maqomat soʻzining nima ekanini bilib olaylik. “Gʻiyos ul –lugʻot” kitobida: “Maqomat – martaba, qoidalar va hikoyalarni bildiruvchi kitob” deyiladi. Maqomat arabcha maqomning koʻpligi boʻlib, oʻrin, joy, martaba va darajani bildiradi. Demak biror kishi haqidagi maqomat deganimizda, oʻsha kishining hayotda tutgan oʻrni, olib borgan ishlari, martaba va darajalarni tushunamiz” deyiladi.
Darhaqiqat, ushbu “Maqomat” risolasi ham Xazrat Xoja Bahouddin Naqshbandning tugʻilganidan to vafotlarigacha boʻlgan voqealarni oʻz ichiga olgan boʻlib, bir muqaddima, uch bob va bir xotimadan ibratdir.
“Maqomati Xoja Bahouddin” ilmiy-maʼrifiy risolasi “Oʻzbekiston” nashriyotida chop etilgan. Kitob tasavvuf tarixi va adabiyoti bilan qiziquvchi keng kitobxonlar ommasiga moʻljallangan.