“Naqsh” maktabida yangi avlod hunarmandlari tayyorlanadi
FOTOREPORTAJ
Toshkent shahridagi “Naqsh” hunarmandchilik maktabida an’anaviy san’at va hunarmandchilik sohasida yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashga qaratilgan ikki yillik kunduzgi diplom dasturining ilk o‘quv yiliga start berildi.
O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Qirollik jamg‘armasi An’anaviy san’at maktabi hamkorligida ishlab chiqilgan mazkur dastur yurtimizning boy hunarmandchilik va amaliy-bezak san’ati an’analarini chuqur o‘rgangan, ularni zamonaviy ijodiy yondashuv asosida davom ettira oladigan dizayner-hunarmandlarning yangi avlodini shakllantirish maqsadiga qaratilgan.
Tadbir davomida ta’lim dasturining mazmun-mohiyati, o‘quv jarayoni va amaliy mashg‘ulotlar yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, ta’lim jarayonida nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalar uyg‘unlashtiriladi. Talabalar geometriya va geometrik naqshlar, islimiy naqsh va kompozitsiya, rang nazariyasi, tabiiy pigmentlar va an’anaviy bo‘yoqlar, naturadan rasm chizish, kulolchilik va koshinkorlik, xattotlik, me’morchilik asoslari, naqqoshlik, yog‘och o‘ymakorligi, qadama bezak va an’anaviy panjarasozlik kabi yo‘nalishlarda tahsil oladi.
Shuningdek, dastur doirasida O‘zbekiston me’morchiligi, amaliy-bezak san’ati va an’anaviy hunarmandchiligida tabiatdagi tartib, uyg‘unlik, mutanosiblik va simmetriya kabi umuminsoniy badiiy tamoyillarning namoyon bo‘lishi o‘rganiladi.
Ustaxona mashg‘ulotlarida talabalar yog‘ochga ishlov berish, kulolchilikning qoliplash, o‘yish va bo‘yash kabi turli texnikalarini o‘zlashtiradi. Shuningdek, me’moriy bezaklarda qo‘llaniladigan tabiiy pigmentlar va bog‘lovchi moddalarni tayyorlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ladi.
Dasturning o‘ziga xos jihati shundaki, hunarmandchilik faqat alohida texnikalar majmui sifatida emas, balki g‘oya va loyihani ishlab chiqishdan tortib materialni chuqur anglash va tayyor asarni yuqori mahorat bilan yaratishgacha bo‘lgan yaxlit ijodiy jarayon sifatida o‘rgatiladi.
[gallery-31780]
Tinglovchilarga Qirollik jamg‘armasi An’anaviy san’at maktabining taniqli bitiruvchilari, shuningdek, Buyuk Britaniya, Eron, Rossiya, Turkiya, Iordaniya va boshqa mamlakatlardan taklif etilgan xalqaro mutaxassislar dars beradi.
Ikki yillik ta’lim davomida talabalar O‘zbekistonning boy badiiy va me’moriy merosi asosida mustaqil ijodiy loyihalarini ishlab chiqadi. Ta’lim yakunida esa har bir talaba o‘zining bilim va texnik mahoratini, shuningdek, individual ijodiy qarashini namoyon etuvchi yakuniy loyihani taqdim etadi.
Qirollik jamg‘armasi An’anaviy san’at maktabi direktori doktor Xolid Azzam qayd etganidek, O‘zbekistonning boy madaniy merosi va yuksak hunarmandchilik an’analari yangi avlod san’atkorlari va hunarmandlarining ijodiy salohiyatini rivojlantirish uchun muhim zamin yaratadi.
An’anaviy san’at maktabi bunday ta’lim dasturlarini Pokiston, Xitoy, Misr va boshqa mamlakatlarda ham yo‘lga qo‘ygan. Mazkur dasturlar an’anaviy hunarmandchilikni takrorlash bilan cheklanib qolmay, milliy merosni yangi talqinlar asosida rivojlantirish va zamonaviy ijodiy asarlar yaratishga xizmat qiladi.
Yangi ta’lim dasturining yo‘lga qo‘yilishi mamlakatimizning an’anaviy san’at va hunarmandchilik merosini asrab-avaylash, uni zamonaviy dizayn va ijodiy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirish hamda xalqaro miqyosda raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Kamola Yusupova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA