Namunali maktab va bog‘chalar sifatli ta’lim garovi
Davlatimiz rahbari joriy yilning 24-25 oktyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Qarshi tumanidagi 12-maktabning holatini tanqid qilgan edi.
Yurtboshimizning o‘rinli tanqidlari viloyatda ta’lim sohasida kamchiliklar borligini, ushbu sohaga mas’uliyat bilan yondashish zarurligini ko‘rsatib berdi. Shundan kelib chiqib, Shahrisabz tumanida ham umumta’lim maktablaridagi ta’lim sifatini yaxshilash, ta’lim muassasalari hududini ozoda tutish, hovlisini daromad manbaiga aylantirish borasida reja asosida muayyan ishlar olib borilmoqda.
Tuman hokimi tashabbusi bilan har oy “Namunali maktab” va “Namunali davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti” shiori ostida amaliy seminarlar o‘tkazilayotir. Ana shunday seminarlardan biri tumandagi Avazmalik mahallasidagi 27-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tdi.
Maktabda 75 nafar pedagog xodim 1056 nafar o‘quvchiga ta’lim berib kelmoqda. Joriy yilda maktabga 330 o‘rinli yangi qo‘shimcha bino qurib berildi hamda 420 o‘rinli mavjud o‘quv binosi kapital ta’mirlandi.
– Maktabimiz tumanning tog‘oldi hududida joylashgan, – deydi 27 umumta’lim maktab direktori Nargiz Shohdorova. – Toifali o‘qituvchilarimiz 55 foizni tashkil qiladi.Joriy o‘quv yili jamoamiz uchun juda quvonchli yil bo‘ldi. Boisi maktabimizga hukumatimiz tomonidan barcha qulayliklarga ega qo‘shimcha o‘quv binosi qurib berildi. Qolgan o‘quv binolari kapital ta’mirlandi. O‘quvchilarni to‘garaklarga jalb qilib, fransuz tili bo‘yicha xonalar tashkil qilindi. Kasbga yo‘naltirish bo‘yicha ham xonalar jihozlandi. Bunda oliy toifali o‘qituvchilarimiz mashg‘ulotlarni o‘tishmoqda. Bizga yaratib berilgan imkoniyat va qulayliklardan ruhlangan holda ta’lim-tarbiya jarayonini yanada rivojlantirib, bor kuch g‘ayratimiz bilan harakat qilamiz.
Seminarda tuman hokimi boshchiligida sektorlar rahbarlari, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mutasaddilari hamda Shahrisabz tumanidagi umumta’lim maktablari direktorlari ishtirok etdi. Dastlab seminarda turli fanlardan ochiq darslar tashkil etildi va unda maktablar direktorlari guruhlarga bo‘linib, ishtirok etdi.
[gallery-15058]
– Shahrisabz tumanida 88 ta maktab, 42 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti va 208 ta oilaviy bog‘cha mavjud, – deydi tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri Shuhrat Botirov. – Bilasizmi, tumanimiz tog‘li hudud hisoblanadi va ta’lim maskanlarimizning deyarli barchasi tog‘li hududda ya’ni markazdan yiroqda joylashgan. Lekin shunga qaramasdan ta’lim muassasalarimizning qiyofasi markazdagi maktablardan sira qolishmaydi. Nafaqat shart-sharoitlar jihatidan, balki o‘quvchilarimizning bilim saviyasi jihatidan yetakchi o‘rindamiz. Jumladan, shu yilgi fan olimpiadalarining viloyat bosqichida 9 nafar o‘quvchimiz faxrli o‘rinlarni egallab respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Albatta yutuqlarimizning poydevori Prezidentimizning ta’lim sohasiga qaratayotgan e’tiboridandir deb bilaman. Masalan, mana shu 27-maktabni oladigan bo‘lsak, bu yerda yaratilgan sharoitlar Prezident maktablaridan qolishmaydi.
Umuman olganda maktabda darslar zamonaviy uslublarda olib boriladi. Bu esa o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan ehtiyojini oshirmoqda. Shuningdek, seminar davomida maktabdagi ta’lim jarayonlari bilan tanishgan ishtirokchilar muassasa hovlisidagi obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari bilan ham qiziqdi. Muassasada “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 250 ga yaqin mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilgan. 2000 dan ziyod atirgul, 1000 ga yaqin anor va tut qalamchalari o‘tqazilgan. Sarimsoqpiyoz va piyoz ekilgan. Maktabdagi issiqxonada limonlar baravj pishib yetilgan. Har yili 450-500 kilogrammgacha hosil olinadi. Bu kabi amaliy seminarlarni tashkil etishdan maqsad tumandagi umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshirish, muassasalarning obodonlashtirish-ko‘kalamzorlashtirish ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, shuningdek, har bir muassasada qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish, mavjud moddiy resurslarni maktabning o‘zida ta’limni rag‘batlantirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlashga yo‘naltirishdan iborat.
Xuddi shunday amaliy seminarlar tumandagi 72-umumta’lim maktabi, 12- va 35- davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ham o‘tkazildi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari