NamDTU va «O‘zbekgidroenergo» AJ: energetika sohasi uchun kadrlar tayyorlashda hamkorlik
FOTOREPORTAJ
Mustaqilligimizning 35 yilligi keng nishonlanayotgan shu kunlarda Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on va Norin tumanlari hududida, Katta Andijon kanalida barpo etilgan Qo‘g‘ay-1 va Qo‘g‘ay-2 kichik GESlari foydalanishga topshirildi.
Ushbu ob’ektlarda energetika sohasida zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish bilan bir qatorda, soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda Namangan davlat texnika universiteti va «O‘zbekgidroenergo» AJ o‘rtasida amaliy hamkorlikni kengaytirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuvda ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni tizimli yo‘lga qo‘yish, talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish masalalari muhokama qilindi.
[gallery-31239]
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab energetika yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalarni korxonaning ishlab chiqarish ob’ektlariga biriktirish, dual ta’limni yo‘lga qo‘yish, amaliy mashg‘ulotlarni soha mutaxassislari ishtirokida tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, gidroenergetika sohasidagi ilg‘or tajribani o‘quv jarayoniga tatbiq etish ko‘zda tutilmoqda.
Bugungi kunda NamDTU Energetika fakultetida 1700 nafar talaba tahsil olmoqda. O‘tgan o‘quv yilida 353 nafar talaba energetika ta’lim yo‘nalishlarini tamomlagan bo‘lib, ularning 250 nafari o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashdi. Shundan 13 nafari «O‘zbekgidroenergo» AJning Norin GESlar kaskadiga ishga qabul qilindi.
Bu tajriba ta’lim muassasasi va tarmoq korxonasi o‘rtasidagi amaliy hamkorlik mutaxassislarni tayyorlash va ularni sohada ish bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatadi.
Endilikda hamkorlikni yanada kengaytirish orqali talabalarning tahsil jarayonidayoq ishlab chiqarish muhitiga moslashuvini ta’minlash va kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan ishlar davom ettiriladi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA